Линклар

“O‘zqishloqxo‘jalikkimyo” davlat aksiyadorlik jamiyati Xorazm viloyati bo‘limining 16 nafar rahbar va xodimlari uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. Ozodlik manbalarining aytishlaricha, sud hukmiga ko‘ra uyushgan jinoiy guruhga birlashgan mansabdorlar katta miqdordagi mineral o‘g‘itlarni talon-taroj qilishda ayblangan. O‘zbekistonlik fermerlar qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan mineral o‘g‘itlarni o‘z vaqtida ololmasligi, o‘g‘it beradigan tashkilotlar vazndan urib qolishi va mineral o‘g‘itlar narxlarining balandligidan shikoyat qiladilar.​

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudi o‘tgan haftada “O‘zqishloqxo‘jalikkimyo” davlat aksiyadorlik jamiyatining Urganch mineral o‘g‘itlar sho‘’ba korxonasi va Yangibozor tumani filialining moliyaviy jinoyatlarda ayblangan 16 nafar rahbar va xodimlari qamoq jazosiga hukm qildi.

Xorazm viloyati hokimligida ishlaydigan Ozodlik manbasiga ko‘ra, jami bo‘lib 23 kishi mahkamaga tortilgan:

“Sudga “O‘zqishloqxo‘jalikkimyo”ning Urganch va Yangibozor tumani bo‘limlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, ombor mudirlari va boshqa mansabdorlar tortilgan edi. Mahkama 23 kishidan 16 kishiga qamoq jazosi berdi, qolganlar shartli jazo oldi. Yangibozor tumani filialining boshlig‘i Sotimboy Sotimov 13 yilu 2 oyga, shu filialning transport bo‘limi boshlig‘i Ilhom Tojiboev 13 yilga va filial bo‘lim boshlig‘i Ne’mat Sultonov 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi”, dedi hokimlik mulozimi.

Manbaning aytishicha, mineral o‘g‘itlar talon-tarojligi bilan shug‘ullangan bu guruhning fermerlardan va davlatdan o‘g‘irlab qolingan mineral o‘g‘itlarni g‘ayriqonuniy sotganligi sudda isbotlangan:

“Bu guruhning katta miqdordagi mineral o‘g‘itlarni jismoniy shaxslarga g‘ayriqonuniy sotganligi aniqlandi. Jinoiy guruhga Yangibozor tumani filiali rahbari boshchilik qilganini aytishyapti. Fermerlar o‘zlariga tegishli mineral o‘g‘itlarni normadagidan ancha kam olgan”, dedi manba.

O‘zbekistonlik fermerlar qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan mineral o‘g‘itlarni o‘z vaqtida ololmasligi, o‘g‘it beradigan tashkilotlar vazndan urib qolishi va mineral o‘g‘itlar narxlarining balandligidan shikoyat qiladilar.

Ismi sir qolishini so‘ragan sirdaryolik fermerlardan birining aytishicha, fermerlar haqidan, ham dori ishlab chiqaruvchilar, ham uni etkazib beruvchilar urib qoladi:

“Mineral o‘g‘it amaldorlar uchun katta biznes. Keling, men sizga buning sxemasini chizib beray. Masalan, menga 10 tonnaga dori yozib beradi. Bitta qopga 50 kilo dori ketadi, normasi shuncha. Lekin shu qoplar realni ko‘pi bilan 44-45 kilo chiqadi. Siz 10 tonna o‘rniga 9 tonna dori olasiz. Bir tonnasini ishlab chiqaruvchi urib qolgan”, deydi fermer.

Uning aytishicha, fermer haqidan urib qolishni endi dori yetkazib beruvchilar davom ettiradi:

“Ikkinchidan, dori o‘zi kam keladi. Kelsa talash bo‘ladi. Siz o‘sha skladchini ortidan uch-to‘rt kun yurasiz, choy-poy qilib berasiz. Ana undan keyin, qopiga 3 kilodan berasan, bo‘lmasa yo‘q deydi. Ilojingiz yo‘q, 10 tonnaga 600 kilo berasiz. Shunday qilib 10 tonnadan 1,6 tonna qulog‘ini ushlab ketadi. Xo‘p, deysiz, bunisiga ham ko‘nasiz. Pul to‘laydigan paytda tumanga tashib keltirilgani uchun 20 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i qo‘yadi. Ana undan keyin 25 foiz tumandan hududga tashib keltirilgani uchun qo‘yadi. Siz 45 foiz ustama haq to‘laysiz. Bularni hammasini hisobingizdan echib olishadi”, deydi fermer.

Biroq, xarajatlar bu bilan tugamaydi, deb davom etadi fermer:

“Shoxobchadan moshinaga tonnasini 7 ming so‘mdan yuklaydi. 70 ming so‘m gruzchiklarga berasiz. Yo‘q desangiz, o‘tiraverasiz. Yukladingiz ham ana moshinaga. Endi toki melisa kelmasa, sizni shoxobchadan chiqarmaydi. Melisa ham vaqti bo‘lsa keladi. Ba’zan ikki-uch kunlab kutasiz. Melisani nazoratisiz mustaqil ravishda dorini yerga sololmaysiz”, dedi fermer.

XS
SM
MD
LG