Линклар

Qamchiqdagi ko‘chkida halok bo‘lganlar yaqinlari loyihalash shirkatini sudga berdi


Qamchiq dovonida yuz bergan ko‘chki natijasida 5 kishi halok bo‘lgandi.

Qamchiq dovonida yuz bergan ko‘chki natijasida 5 kishi halok bo‘lgandi.

Qamchiq dovonida shu yilning 4 may kuni yuz bergan ko‘chkida halok bo‘lganlar yaqinlari yo‘l loyihalash va qurilish ishlarini olib borgan xususiy shirkatdan tovon to‘lashni talab qilmoqda. Farg‘ona vodiysini O‘zbekistonning boshqa mintaqalari bilan bog‘lab turuvchi Qamchiq dovonidagi er ko‘chkisida, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 5 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi qutqarib olingandi.

Hozirda qurbonlar yaqinlari falokat uchun ko‘chki yuz bergan hudud yo‘lini loyihalash va qurishga mas’ul shirkatni ayblamoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Qamchiq dovonidagi ko‘chki qurbonlarining yaqinlari Andijondagi "Aybil" nomli mas’uliyat cheklangan shirkatdan bir necha yuz million dollar miqdorida tovon puli talab qilmoqda.

Ularga ko‘ra, besh yil muqaddam "O‘zavtoyo‘l" Davlat aksionerlik kompaniyasi litsenziyasini olgan "Aybil" shirkati Qamchiq dovonining ko‘chki sodir bo‘lgan qismini loyihalash ishlari bilan shug‘ullangan.

"O‘zavtoyo‘l" O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llarining barcha tarmoqlari ehtiyojlarini to‘la ravishda qoplashni ta’minlashga mas’ul kompaniya hisoblanadi.

Ko‘chki oqibatida dovonda avtomobil harakati to‘xtab qolgandi

Ko‘chki oqibatida dovonda avtomobil harakati to‘xtab qolgandi

Iyul oyida Namangan viloyat sudi "Aybil" shirkatini loyihalash ishlarini yuzaki bajarganlikda aybdor deb topgan.

Sudning ikkinchi bosqichi kelgusi oylarda O‘zbekiston Oliy sudida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

"O‘zavtoyo‘l" mulozimi Namanganda bo‘lib o‘tgan sud jarayonidan kompaniya xabardor ekani, hozirda "Aybil" shirkatidan litsenziyani olib qo‘yish masalasi ko‘rilayotganini aytdi.

"Ozodlik" sud ishi yuzasidan "Aybil" shirkatidan munosabat ololmadi.

"Bu ishda aslida O‘zavtoyo‘l rahbariyati aybdor bo‘lsa-da, ular "Aybil"ni "krayniy" qilib, o‘zlaridan aybni va chiqimni boshqaga ag‘darishmoqda. Mamlakatda yo‘l qurilish sohasidagi korruptsiya ko‘lami haqidagi misollar televidenie orqali ko‘plab yoritilmokda. Bugungi kunda Qamchiq dovoni avtoyo‘li holati qoniqarsiz, ta’mirlash ishlari olib borilmayotir," deydi Namanganda kechgan sud ishidan xabardor "Ozodlik" manbasi.

Ko‘chkida 2 avtomobil tuproq ostida qolgandi

Ko‘chkida 2 avtomobil tuproq ostida qolgandi

4 may tushlikdan keyin sodir bo‘lgan ko‘chki natijasida, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, Qamchiq dovonining Namangan viloyati Pop tumaniga qarashli qismida tuproq ostida ikki avtomashina qolib ketgandi.

Vazirlik rasmiysiga ko‘ra, qurbonlarning 4 nafari erkak, 1 nafar ayol bo‘lgan.

"Besh kishi halok bo‘ldi, oralarida bir ayol ham bor. Ularning eng yoshi kattasi 1976 yilda tug‘ilgan. Eng yoshi 1996 yilda tug‘ilgan yigit. Jarohatlanganlarga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatildi. Olti kishidan beshtasiga ambulator muolaja tayinlandi va javob berildi. Bir nafari hozirda Namangandagi kasalxonada qolmoqda. Bilishimcha bu fuqaro 1982 yilda tug‘ilgan, Andijonning Izboskan tumanidan", deya bildirdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi mulozimi.

Ko‘chki oqibatida kuniga 20 mingga yaqin avtomobil o‘tuvchi dovonda harakat bir yarim kun to‘xtab qolgandi.

Qamchiq dovoni orqali O‘zbekiston aholisining uchdan biri istiqomat qiladigan Farg‘ona vodiysini mamlakatning qolgan qismi bilan bog‘lovchi yagona avtomagistral o‘tadi.

Iyun oyida O‘zbekiston Qamchiq dovonidan o‘tuvchi "Toshkent- O‘sh" avtomobilь yo‘lini qurayotgan Ispaniyaning "Korsan Korviam Konstrakshn SA" kompaniyasini sudga bergandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ispan shirkati yo‘l qurilishini sifatsiz tarzda amalga oshirganlik va belgilangan muddatda ishni tugatmaganlikda ayblanmoqda.

XS
SM
MD
LG