Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:51

Rossiyada o‘zbek muhojiri ikki shaxsni o‘ldirganlikda gumon qilinmoqda


Rossiyaning Obninsk shahrida 25 yashar o‘zbekistonlik o‘z vatandoshlari bo‘lgan bir ayol va uning qizini o‘ldirganligda gumon qilinib, qo‘lga olindi. Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan Rossiya Tergov qo‘mitasining Obninsk shahri rasmiysiga ko‘ra, ayblanuvchiga nisbatan Rossiya Jinoyat Kodeksining 105-moddasi, 2 qismi (ikki yoki undan ko‘proq shaxsni o‘ldirish) asosida tergov ishi ochilgan.

Ushbu jinoyat bo‘yicha Rossiya qonunchiligida 20 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.

Obninsk shahri tergov bo‘limi rahbarining muovini Aleksandr Kirsanovning Ozodlikka aytishicha, qotillik 6 avgust kuni, shahar markaziy xiyobonida joylashgan uylardan birida yuz bergan.

“Haqiqatan ham, pichoqlab o‘ldirilganlar 47 yashar ayol va uning 22 yashar qizi ham, ularni o‘ldirganlikda gumon etilayotgan shaxs ham O‘zbekiston vatandoshlaridir. Ularning ism va familiyalarini hozircha ochiqlay olmaymiz. Tergov ishi yakunlangach, mahkamaga oshiriladi. Sudning qachon boshlanishi ham hozircha aniq emas. Chunki ushbu qotillik bo‘yicha keng ko‘lamli ekspertiza o‘tkazilishi belgilangan”, dedi Aleksandr Kirsanov.

Dastlabki tergov ma’lumotiga ko‘ra, ayblanuvchi muhojir va maqtul qiz munosabatlari juda yaqin bo‘lgan.

Biroq ularning birga bo‘lishlariga qizning onasi qarshilik qilgan.

Tergovchilarga ko‘ra, 6 avgustda qizning onasi va bo‘lajak kuyov orasida chiqqan dahanaki janjal fojia bilan tugagan: o‘zbekistonlik muhojir, jahl ustida, pichoq bilan avval qizning onasini, keyin ularni ajratishga uringan sevgilisini pichoqlab tashlagan.

Ona va qiz olingan jarohatdan hodisa joyida jon bergani xabar qilinadi.

Obninsk politsiya rasmiylarining Ozodlikka bildirishlaricha, qotillikda gumonlanayotgan shaxs hodisadan bir kun o‘tib Tver viloyatida qo‘lga olindi.

Ayni paytda Rossiyada og‘ir jinoyatlar sodir etganligda ayblagan O‘zbekiston vatandoshlariga bog‘liq qator mahkama ishlari mahalliy matbuotda shov-shuvlarni uyg‘otdi.

Yaqinda Rossiyaning Tverь shahrida 4 nafar o‘zbekistonlik talon-taroj, qotillik va Suriyaga odam yollaganlik kabi og‘ir jinoyatlarda aybdor deb topildi va uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etildi.

Shu oy boshida Moskva shahar sudida, “GTA bandasi” deb nomlangan, asosan Tojikiston va O‘zbekiston vatandoshlaridan iborat guruh ustidan mahkama boshlandi.

Qulga olinganlar 2012-2014 yillarda Moskva viloyatining M4 “Don” avtotrassasida 10 dan ortiq qotillikni sodir etganligda ayblanmoqda.

Guruh a’zolaridan birining advokati Kalimat Guseynovaning jurnalistlarga aytishicha, barcha ayblanuvchilar tergovchilar bilan hamkorlik qilayapti, ayrimlari o‘z ayblovlarini qisman, ba’zilari esa to‘la tan olgan. Hozirda tergov ishlari davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG