Линклар

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev topshirig‘i bilan mamlakat bo‘ylab davom etayotgan “obodonlashtirish” jarayonining yangi to‘lqini janubga ko‘chdi. Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahriga butun respublikadan yuborilgan yuzlab ishchi shaharni 16 okrugga bo‘lgan holda¸ buzish ishlarini olib bormoqda. Shaxsan Mehnat vaziri bosh-qosh bo‘layotgan bu jarayon oqibatida yillar davomida kadastrga kiritilmay kelingan uylarda yashab kelgan odamlar ko‘chada qolmoqda.

Bosh tashabbuskor yana Bosh vazir

5 avgustdan Termiz shahridagi ko‘p qavatlik turar-joy binolari joylashgan 16 ta mahallada buzilish ishlari boshlandi.

Ozodlik manbalari ta’kidicha¸ Afg‘oniston bilan chegaradosh Termiz shahrida jami 30 ta mahalla bor va shaharning yarim hududidan ko‘prog‘idagi buzilishlarga bir kunning o‘zida start berilgan.

Shaharning ko‘p qavatli uylar joylashgan 16 mahallasi 16 sektorga bo‘lingan va bu buzilishlarni nazorat qilish mas’uliyati hokimlik¸ prokuratura¸ ichki ishlar boshqarmasi¸ soliq qo‘mitasi kabi turli davlat organlariga topshirilgan.

Aytilishicha¸ har bir okrugning alohida mutasaddisi bor va Termizdagi yalpi buzilishga O‘zbekiston Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov mas’ul etib tayinlangan.

Termizdagi bu jarayonga bevosita aloqador rasmiylardan birining Ozodlikka aytishicha¸ noqonuniy uy va boshqa qurilishlarni buzish Bosh vazir Shavkat Mirziyoev topshiriq va bevosita ko‘rsatmasi asosida amalga oshirilmoqda:

- Bosh vazir ikki-uch marta kelib¸ Termizni piyoda aylanib¸ domlar orasidagi noqonuniy qurilishlarni butunlay buzish haqida ko‘rsatma berdi. Mirziyoev topshirig‘i bilan har bir viloyat Termizga mehmon ishchilar yubordi. Har bitta okrug hozir bittadan viloyatga bo‘lib berilgan. Har bittasida 30-40 dan odam ishlayapti. Shahardagi barcha noqonuniy qurilishlar oktyabr oyiga qadar tugatilib¸ Termiz birlamchi xaritada qanday bo‘lgan bo‘lsa¸ shu ahvoliga qaytarilishi lozim. Urganchda qanday bo‘lgan bo‘lsa¸ bizda ham shunday bo‘layapti. Hozir ish rosa qizg‘in ketayapti¸ dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Termizdagi buzilishlarga bevosita mas’ullardan biri.

“Shahar bedarvoza bo‘lib ketdi”

Termizdagi buzilishlarning bu qadar keng ko‘lam va katta sur’atda boshlanishiga¸ Ozodlikning hokimiyat tizimiga yaqin manbasiga ko‘ra¸ obodonlashtirish barobarida¸ xavfsizlik ham sabab bo‘lgan:

- Daryo porti degan dahamiz Afg‘oniston bilan shundoq chegarada joylashgan. Kechagina shu yerda bir narsa portlab¸ bir bolaning qo‘l-oyog‘i shikast edi. Shuning uchun¸ birinchi narsa¸ xavfsizlik. Ikkinchisi¸ tozalik-ozodalik. Kelib ko‘rsangiz¸ odamlar domlar orasiga nima xohlasa¸ shuni qurib tashlagan. Ularni ko‘ngliga kelgancha¸ daraxt va butalar bilan o‘rab tashlagan. Tagida ilon bormi¸ chayon bormi¸ ishi yo‘q. O‘zlaricha konteynerlar qo‘yishgan¸ domlarning oldiga hojatxonalar qurib tashlashgan. Birortasiga hokimlikning ruxsati yo‘q¸ kadastrga kirmagan. Domlar oldida na bolalar o‘ynaydigan¸ na to‘y-ma’raka qiladigan bir qarich ham ochiq joy qolmagan. Garaj va boshqa noqonuniy qurilishlar orasiga axlat to‘lib ketgan. Ana shu joylarning hammasi yo‘q qilinadi endi¸ dedi Surxondaryo viloyat hokimligiga yaqin manba.

Mahalliy hokimiyat tizimlaridagi Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Termiz shahridagi ko‘p qavatlik uylar orasidagi bunday qurilishlar sovet zamonidan beri bo‘lib kelgan.

“Termiz katta shahar¸ bu qurilishlarni buzib¸ tartibga solishga shu paytgacha vaqt ham¸ kuch ham yetmadi. Bir chekkadan mahallalarni obod qilib kelayotgandik. Mana endi¸ Bosh vazir ko‘magida bu ishlarni jadallashtirib yubordik”¸ dedi 30-40 yillik noqonuniy qurilishlarning aynan 2016 yilga kelib buzilayotganini izohlagan rasmiylardan biri.

“Buzilgan uylarda yashab kelganlarning borar joyi yo‘q”

Ayon bo‘lishicha¸ hokimiyat noqonuniyligini bilsa ham¸ chora ko‘rmaydi¸ degan ishonchda bo‘lgan ko‘p qavatlik uylarda yashovchilar kvartirasiga qo‘shib¸ hech qanday ruxsatsiz alohida ikki-uch xonalik uylar qurib olgan¸ bu qurilishlarga kelin tushirib¸ nevara katta qilishgan.

5 avgust kuni boshlangan jadal buzilishlar oqibatida aynan shunday qo‘shimcha qurilgan noqonuniy uylarda yashab kelganlar ko‘chada qolgan.

“Termiz shahrining eng kambag‘al aholisi yashaydigan “Daryo porti” dahasidagi ikki qavatlik uylarning oldiga qurilgan qo‘lbola ayvonlar¸ uy va qo‘shimcha qurilishlar vahshiylarcha buzib tashlanayapti. Uch o‘g‘li bor bir oila bir xonali uyda yashardi. Domning oldidan uyga tutash qilib¸ ikki xona qurib yashayotgandi¸ shuni buzib tashladi.

O‘zbekistonda tomorqa berish umuman to‘xtatilgan bir paytda¸ namunaviy uylardan sotib ola olmaydigan eng kam ish haqqi hisobiga¸ yoki mardikorchilik hisobiga kun kechirayotgan aholining shahar hokimi qarori chiqmagan¸ mabodo chiqqan bo‘lsayu¸ mulk deb tan olish ma’lumotnomasiga ega bo‘lmagan har qanday boshpanasi buzilsa¸ ular endi qaerga boradi?

Birgina men yashaydigan mahallada domda yashab kelin olgan¸ yoki ikki oila bir joyda yashaydigan 30 ga yaqin oila 5 avgustdan beri bir oila sifatida bir uyda yashay olmay qoldi. Yosh kelinlar ham¸ ikki-uch bolalik kelinlar ham yashashga xona yo‘qligidan¸ ota-onasining uyiga ketdi. Boshqa iloji yo‘q ularning”¸ deb yozdi Ozodlikka buzilishlar maydoniga aylangan Termiz mahallalarida yashovchilardan biri.

“Ko‘chada qoldirmaymiz”

Termiz shahridagi buzilishlar uchun mas’ullardan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda ¸ davlat kadastriga kiritilmagan noqonuniy qurilishlarda yillar davomida yashab kelgan bunday oilalarga shahar hokimligiga murojaat qilishni tavsiya etdi.

“Hokimga murojaat qilsa¸ hokim o‘rganib chiqib¸ yer ajratib beradi. To‘g‘ri¸ ko‘pchiligi kadastrdan o‘tmagan¸ lekin o‘rganib chiqib¸ biror chora topiladi imkon qadar.

Mana sizga bitta misol – Tuproqqo‘rg‘on degan mahallada ikki xonalik uyda uchta oila yashab yurgan ekan. Domning ikki burchagidan noqonuniy uy qurib¸ necha yillardan beri yashab yurgan ekan. Ana shularning uchalasiga to‘rt sotixdan yer berildi. Hozir ular noqonuniy qurilishlarini bo‘shatib¸ berilgan yerga ko‘chib chiqadi”¸ dedi mahalliy hokimiyat tizimi rasmiysi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2009 yildan beri respublika aholi punktlarini obodonlashtirishga oid qabul qilib kelayotgan qator qaror va farmoyishlari asosida mamlakatning aksar rayon va shaharlarida buzilish va qurilish ishlari yillardan beri davom etmoqda.

Bu jarayonga oid Ozodlikka oddiy o‘zbekistonliklardan kelayotgan ma’lumotlardan¸ buzilishga tushgan hududlardagi uylar kadastr ro‘yxatiga kiritilganiga qaramay¸ aholiga bu uylar uchun qonunda belgilangan to‘lov va kompensatsiyalarni berishda jiddiy muammolar mavjudligi ayon bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG