Линклар

Samarqandlik Tergovchi Ayol: Pasportimni bekor qilishganiga 5 yil bo‘ldi!


O‘zbekiston vatandoshligidan mahrum qilingan militsiya kapitani, sobiq tergovchi Xurshida Jalilovaning xizmat guvohnomasi.

O‘zbekiston vatandoshligidan mahrum qilingan militsiya kapitani, sobiq tergovchi Xurshida Jalilovaning xizmat guvohnomasi.

Kurashishga kuchim qolmadi. Iltimos, oilamga yordam bering!” Bu xitob bilan tugaydigan xat kuni kecha Ozodlikka Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi Tergov bo‘limida katta tergovchi bo‘lib ishlagan militsiya kapitani Xurshida Jalilovadan keldi.

5 yil muqaddam O‘zbekiston vatandoshligidan mahrum qilingan, hatto “fuqaroligi yo‘q shaxs” maqomini ham ololmayotgan oliy ma’lumotli yurist ayol Ozodlikka qilgan shikoyati mamlakat prezidentiga yetishiga umid qilmoqda.

Pensiyaga chiqishiga 1 yil qolganida vatandoshlikdan mahrum qilingan Xurshida Jalilovaning aytishicha, mana 5 yildan buyon u na pensiya oladi, na biron joyda ishlay oladi. "O‘g‘illarimni ham pasporti yo‘qligi uchun hech qaerga ishga olishmaydi, ularni hatto uylantira olmayapman", dedi u.

Quyida samarqandlik sobiq tergovchi ayol bilan o‘tkazilgan suhbatni tinglashingiz mumkin. Ungacha esa, uning Ozodlik aytib berganlarining muxtasar mazmuni:

Xurshida Jalilova 52 yoshda. Samarqandda tug‘ilgan. Samarqandda ikki marta oliy ma’lumot olgan: 1987 da Tarix fakultetini, 2000 da Huquqshunoslik fakultetini tugatgan.

Turmushni Samarqandda qurgan. Eri bilan nikohi 1986 da Samarqand shahrida qayd etilgan.

Shu kunda biri 29, ikkinchisi 28 ga kirgan o‘g‘illari Samarqandda tug‘ilgan.

Marhum eri ham O‘zbekistonda Namanganda tug‘ilib o‘sgan; maktabni, oliy o‘quv yurtini O‘zbekistonda tugatgan. O‘limidan oldin Namanganga qaytib, viloyat ichki ishlarida ishlagan.

Shunday qilib, Xurshida Jalilovaning o‘zi, uning marhum eri, o‘g‘illari, shubhasiz, o‘zbekistonlik.

2011 yilgacha bu tan olindi ham: Jalilovaning o‘zida ham, o‘g‘illarida ham muqovasiga “O‘zbekiston fuqarosi”, deb yozilgan pasport bor edi.

O‘sha pasport mana 5 yildan beri yo‘q

Militsiya kapitani, Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi Tergov bo‘limi katta tergovchisi Xurshida Jalilovaning ko‘rgiliklari 2011 yili, u attestatsiyadan o‘tib, unga navbatdagi unvon – mayor unvonini berish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida boshlandi.

Hujjatlarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullangan Ichki ishlar vazirligi mulozimlari negadir Xurshida Jalilovaning xizmat yo‘lini o‘rganishni boshlaydi va “O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan vaqt – 1992 yilning yozida Jalilova O‘zbekistonda bo‘lmaganini aniqlaydi.

Qaerda edi Xurshida Jalilova?

Qirg‘izistonda edi. Xurshidaning turmush o‘rtog‘i Habibillo Mamatqulov O‘zbekiston mustaqillikka erishgunicha o‘zi o‘qigan Oliy militsiya maktabi yo‘llanmasi bilan Qirg‘izistonga ketadi. Tabiiyki, er qaerda bo‘lsa, xotin ham o‘sha yerda. 1990 yilgi millatlararo mojarodan so‘ng uning eri vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lgan O‘zgan shahriga tergovchilikka yuboriladi.

Oradan bir necha yilgina o‘tgach - 1994 yili oila O‘zbekistonga qaytadi.

Shu o‘rinda Xurshida Jalilovaning Qirg‘iziston pasportini olgan-olmaganligini surishtirish yo‘lida mulozimlar namoyish qilgan tirishqoqlik “alohida e’tiborga sazovor”. Ular qirg‘izistonlik hamkasblariga bu masalada 3 marta xat yozadi. Dastlabki 2 ta xatga “Xurshida Jalilova Qirg‘iziston fuqarosi emas”, degan mazmundagi javob kelganiga qaramay, uchinchi xat yoziladi va bu gal mulozimlar kutgan javob keladi.

Keyinchalik qirg‘izistonlik mulozimlarning “xato qilgan ekanmiz, Jalilova Qirg‘iziston fuqaroligiga o‘tmagan ekan”, degan mazmundagi xati tan olinmaydi va Jalilova o‘g‘illariga qo‘shib O‘zbekiston vatandoshligidan mahrum qilinadi.

Xurshida Jalilova va uning o‘g‘illarini vatandoshlikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi xat

Xurshida Jalilova va uning o‘g‘illarini vatandoshlikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi xat

Xurshida Jalilova olgan yana bir rasmiy xat

Xurshida Jalilova olgan yana bir rasmiy xat

Mana qariyb 5 yildirki Xurshida Jalilovaning bormagan joyi, kirmagan eshigi, yozmagan adresi qolmadi.

Jalilova bilan 9 avgust kuni suhbatlashdik. 10 avgust kuni esa, u yana O‘zbekiston Prezidenti devoniga arz qilib bormoqchi.

Xurshida Jalilovaning Ozodlikka bergan suhbatini quyida tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG