Линклар

Qirg‘izistonda Ahmadiylarni kofir deb atagan sobiq muftiy ayblanmoqda


Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Chubaq hoji Jalilov.

Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Chubaq hoji Jalilov.

Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Chubaq hoji Jalilov mamlakatdagi Ahmadiy jamoasining huquq tuzilmalariga yozgan arizasi asosida “Diniy nizo qo‘ziganlik”da ayblanmoqda. Ahmadiylarning iddao qilishicha, sobiq muftiy ularni kofir deb ataganidan so‘ng O‘shning Qashqarqishloq qishlog‘ida jamoaning bir a’zosi otib o‘ldirilgan.

Ahmadiy jamoasi vakillarining Ichki ishlar vazirligiga Chubaq hoji Jalilov yuzasidan yozgan shikoyati O‘shdagi hududiy boshqarma tomonidan tekshirilmoqda. So‘nggi xabarlarda aytilishicha, sobiq muftiy mazkur ish yuzasidan Bishkekdan O‘shga tergovga chaqirtirilgan.

-Uni O‘shga tergovga chaqirishayotgani haqida 5 avgust kuni qog‘oz kelgan. Endi bu gaplar ulamoning har kuni aytib yurgan gaplari. Din ishlari bo‘yicha Davlat komissiyasi esa hojining so‘larini ekstremistik gaplar, deb xulosa chiqarib beribdi, -dedi Chubaq hojining advokati Aqin To‘qtaliev.

Mazkur masala yuzasidan Chubaq hojining o‘zidan munosabat olish imkoniyati bo‘lmadi. Biroq Chubaq hoji Jalilovning Ahmadiylar to‘g‘risidagi ma’ruzasini Internetdan topdik:

- Bizda demokratiya bo‘lganidan keyin har kim kela boshladi. Bir tomondan shialar, Og‘a Xonlar, ikkinchi tomondan Ahmadiylar deb ataluvchi kofirlar jamoasi kirib kelib, bechora qirg‘izlarni ancha qiynab qo‘ydi. Ular bizni buzishga harakat qilayapti. Ularning harakatlari musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi, Xudoga ham yoqmaydi, -degan edi Chubaq hoji Jalilov.

Sobiq muftiyning ushbu ma’ruzasidan so‘ng Ahmadiylar jamoasi huquq tuzilmalariga shikoyat qilgan. Ularning aytishicha, Chubaq hojining “Ahmadiylar kofirlar jamoasi”, degan gapi diniy nizolarga sabab bo‘lmoqda. Ahmadiylar Chubaq hoji Jalilovni qashqarqishloqlik ahmadiy Yunusjon Abdujalilovning o‘limga sabab bo‘lganlikda ham ayblamoqda.

Ahmadiylarning Ichki ishlar vazirligiga yozishicha: “Abdujalilov o‘ldirilishidan oldin Chubaq hoji Jalilov “Qashqarqishloqda jihod qilinglar”, degan chaqiriqlarni aytgan.

37 yoshli Yunusjon Abdujalilovning o‘ldirilishi yuzasidan tergov olib borgan militsiya xodimlari ham qotillik diniy nizolashuv ortidan sodir etilgani aniqlanganini bildirgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Baqit Seyitovning aytishicha, din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi uch oy mobaynida Chubaq hoji Jalilovning Ahmadiylar oqimi to‘g‘risidagi ma’ruzalarini teologik ekspertizadan o‘tkizgan va bu ma’ruzalar “haqiqatan ham diniy nizolarga chaqiriq bo‘lgan”, degan xulosaga kelgan.

-Chubaq hoji Jalilov mana shu ekspertiza xulosasi bilan tanishish uchun chaqirtirilgan. Agar u bu xulosaga rozi bo‘lmasa, unda maxsus ekspertlar komissiyasi tuzilib, ma’ruza yana qayta ekspertiza qilinadi. Hozir u ekspertiza xulosasi bilan tanishib, unga o‘z munosabatini bildirishi lozim, boshqa hech qanday masala yo‘q, -dedi Baqit Seyitov.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda Ahmadiylar jamoasining mingga yaqin a’zosi bor.

Ahmadiya oqimiga XIX asr oxirlarida Mirza G‘ulom Ahmad tomonidan Hindistonda asos solingan. Ahmadiylar suniy mazhabidagi barcha farz va sunnatlarga amal qiladilar, lekin boshqa musulmonlardan farqli o‘laroq Iso payg‘ambarning o‘lganiga aniq ishonadilar hamda oqim asoschisi Mirza G‘ulom Ahmadni Imom Mahdi, ya’ni Iso payg‘ambarning o‘rniga kelgan qutqaruvchi sifatida tan oladilar. Buning ortidan Ahmadiya jamoasi bir qator musulmon davlatlarda, jumladan, Pokistonda qonunan musulmon bo‘lmagan jamoa, sifatida ko‘riladi. Saudiya Arabistonidagi maxsus qonun bilan Axmadiylarning haj qilishi va Makka-Madinaga kiritilishi taqiqlangan.

Ma’lumotlarda, bugungi kunda dunyoda o‘zlarini musulmon, deb hisoblovchi Ahmadiylar jamoasi a’zolari soni 10 milliondan 20 milliongacha deb aytiladi. Ahmadiylar jamoasi Xalifa va mahalliy amirlar, markazlashgan diniy va ma’muriy kengashlar tomonidan boshqariladi.

Mirza Masrur Ahmad Ahmadiylarning beshinchi Xalifasi bo‘lib, uning idorasi Londonda joylashgan.

XS
SM
MD
LG