Линклар

logo-print

Ozodlik manbalarining xabar qilishicha, 8 avgust kuni Andijon Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida qora niqobli xavfsizlik xizmati xodimlari reyd o‘tkazgan. Reyd payti boshqarmaning avtotransport vositalari texnik holati, ulardan foydalanish qoidalari va me’yorlariga amal qilishni nazorat qilish bo‘limining bir qancha xodimi ish joyidan qo‘liga kishan solingan holda olib ketilgan. Boshqarma mulozimlari reydlar payti olti nafar inspektorning hibsga olinganini tasdiqlashdi, biroq boshqa tafsilotlarni ochiqlashni istashmadi.

Aytilishicha, Andijon Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidagi reydlar korrupsiyaga qarshi tadbirlar doirasida o‘tkazilgan.

​Ozodlik manbalariga ko‘ra, hibsga olingan inspektorlar "poraxo‘rlik, jumladan, qoidabuzarlardan olingan jarima pullarini talon-taroj qilganlik, jarimaning uchdan ikki qismi miqdorida qoidabuzarlardan pora olganlikda" ayblanmoqda.

- Ikki nafarini tergov davomida qamoqda ushlab turish haqida sud qaror chiqargan. Qolgani qo‘yib yuborilgan, lekin doimiy so‘roqqa chaqirtirilmoqda. Ularning ishi bilan prokuratura shug‘ullanmoqda, - dedi Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manbasi.

Mavzuga oid xabarlardan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari mamlakatdagi eng korrupsiyalashgan tizim, Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining haydovchilardan pora olishlari odatiy xolga aylangan, degan xulosaga kelish mumkin.

2013 yilda O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri etib tayinlangan Adham Ahmadboev militsiyadagi poraxo‘rlikka qarshi ayovsiz kurashishni va’da qilgan edi.

KGB maktabidan chiqqan odamning IIVga rahbar etib tayinlanigi ortidan O‘zbekistonda militsiya xodimlarining poraxo‘rlik gumoni bilan hibsga olinishi yoki ishdan bo‘shatilishi ko‘paydi.

Kuzatuvchilar esa, ichki ishlar tizimida poraxo‘rlikka qarshi jiddiy kurash boshlanganiga shubha bilan qaraydilar.

Toshkentlik inson huquqlari faoli Sur’at Ikromov IIV yoki Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida bir-ikki xodimning qo‘lga olinishi bilan militsiya tizimi o‘zgarishsiz qolayotganini aytadi.

- To‘g‘ri, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida o‘zgarishlar bo‘lyapti. Yo‘llarda poraxo‘rlikni kamaytirish uchun kameralar ko‘paytirilyapti. Lekin, bu bilan poraxo‘rlik kamayayotgani yo‘q. Bir-ikki militsiya xodimini yoki GAI xodimini qamash bilan buni yo‘qotib bo‘lmaydi. Tub islohot zarur. Militsiya to‘g‘risida qonunlar qabul qilinib, bu tizimni tubdan o‘zgartirish kerak, - deydi Sur’at Ikromov.

O‘zbekiston Yo‘l harakati xavfsizligi tizimida poraxo‘rlikni kamaytirish uchun Toshkent ko‘chalariga kuzatuv kameralari o‘rnatildi va bu kameralar shu oy ohiridan ishga tushirilishi aytilmoqda.

Ayni paytda kuzatuvchilar, korruptsiyani kamaytirishi uchun aholisi uch million kishilik Toshkentda 120 ta kameraning o‘rnatilishi kifoya emasligini ta’kidlashmoqda.

XS
SM
MD
LG