Линклар

logo-print

Bolalarini tilanchilik qilishga majburlagan o‘zbekistonlik ayol sudlandi


Illyustratsiya. Lavhada tilga olingan voqeaga suratdagi ayolning aloqasi yo‘q.

Illyustratsiya. Lavhada tilga olingan voqeaga suratdagi ayolning aloqasi yo‘q.

Dog‘istondagi Xasavyurt shahri hududidan o‘tadigan “Kavkaz” federal trassasida 4 bolasini tilanchilik qilishga majburlagan o‘zbekistonlik ayol sudlanib, 1 yillik qamoq jazosiga mahkum etildi.

Respublika prokuraturasidan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, G. G‘ulomova ismli ayol 2006, 2008, 2010, 2013 yillarda tug‘ilgan farzandalarini “Kavkaz” federal trassasidan o‘tadigan avtomashinalar haydovchilaridan pul so‘rashga majburlagan.

Aytilishicha, ayolning o‘zi ham 2015 yilda tug‘ilgan yana bir farzandi bilan shahar ko‘chalarida o‘tgan-ketgandan pul so‘rab, kun kechirib kelgan.

Dog‘iston respublikasi prokuraturasi rasmiysi Tatьyana Golubovaning aytishicha, o‘zbekistonlik ayol ustidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 151- moddasi, 2- qismi (“Voyaga yetmaganni aksilijtimoiy harakatlarga jalb etish”) moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, sud uni 1 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

G‘ulomovaga tayinlangan jazoni ijro etish muayyan muddat keyinga qoldirildi.

- Unga nisbatan jazoni ijro etish keyinga surildi. U deportatsiya qilingani yo‘q, ozodlikda yuribdi, bilishimcha. Jazoni ijro etish inspektsiyasi nazoratida qolmoqda, u yerda faqat qayddan o‘tib turadi. Inspeksiya xodimlari uning bolalarni yana tilanchilikka jalb qilinmasligi ustidan kuzatib bormoqda. Kechiktirilgan muhlat davomida u hech qanday qonunbuzarlik qilmasa, odatga ko‘ra, u qamoq jazosini o‘tamaydi, dedi Dog‘iston prokuraturasi yuristi Tatyana Golubova.

Biroq, aniqlanishicha, sud hukmida sudlangan ayol jazoni eng kichik farzandi 14 ga kirganda o‘tashni boshlashi belgilab qo‘yilgan.

Tatyana Golubova mahalliy vasiylik qiluvchi tashkilotlar tomonidan tilanchi ayol bolalarini vaqtincha onadan tortib olish masalasi ko‘rilgani, ammo farzandlar kuni kecha otasi hamrohligida O‘zbekistonga yuborilganini ma’lum qildi.

- Beshala bola otasi bilan birga o‘z yurtiga jo‘nab ketishdi, ayol qoldi. Chunki uning jazo muddati tugamagan. Ishonamanki, biroz vaqtdan keyin unga ham bolalari oldiga ketishga ruxsat beriladi, deya ishontirdi Dog‘iston prokuraturasi rasmiy vakilasi.

XS
SM
MD
LG