Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:06

Tojikistonda yana bir yosh askar “dedovshchina” qurboniga aylandi


Ramazon Rahmatovning armiyaga ketish oldidan onasi bilan tushgan surati.
Ramazon Rahmatovning armiyaga ketish oldidan onasi bilan tushgan surati.

Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara qo‘shinlariga qarashli 2858-harbiy qismda muddatli xizmat o‘tayotgan 18 yoshli Ramazon Zabirov o‘tgan hafta hayotdan ko‘z yumdi. Askar yigitning yaqinlari fojiaga uning katta yoshdagi xizmatdoshlari tomonidan do‘pposlangani sabab bo‘lganini aytmoqdalar.

So‘g‘d viloyatining Zafarobod tumanida xizmat o‘tagan Zabirovning jasadi sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilganidan keyin yaqinlariga topshirilgan. Marhumning dafn marosimi yakshanba kuni u tug‘ilgan To‘da (Hisor tumani) qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan.

Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara qo‘shinlari bosh boshqarmasi o‘lim sababi sud-tibbiy ekspertiza natijalariga ko‘ra belgilanishini ma’lum qilgan. Chegara qo‘shinlari matbuot kotibi Muhammadjon Ulug‘xo‘jaev 10 avgust kuni Ozodlikning tojik xizmatiga zarur ma’lumotlarni olganidan keyin mazkur voqea yuzasidan batafsil ma’lumot berishini bildirgan.

Ramazon Zabirovning yaqinlari askar yigit xizmatdoshlari tomonidan urib o‘ldirilganini iddao qilmoqda. Ramazonning onasi Mavluda Tag‘oeva Ozodlik muxbirlariga o‘g‘lining jasadida kaltak izlari, xususan, belida qora dog‘lar, jag‘ida shishlar bo‘lgani, boshi esa bint bilan o‘ralganini aytgan.

- Men bu ishni shu bo‘yicha qoldirmayman va albatta o‘g‘limning o‘limida aybdor bo‘lganlarni javobgarlikka tortilishini talab qilaman, - dedi Mavluda Tag‘oeva.

Marhum askarning otasi Mullozokir Zabirov Ramazon armiyaga shu yil bahorida o‘z ixtiyori bilan ketganini aytdi. Unga ko‘ra, buning evaziga mahalliy rasmiylar bu oilaga yer uchastkasi berishni va’da qilganlar, lekin va’dalarini bajarmaganlar.

- Ertaga men tuman prokuraturasiga ariza yozib, o‘g‘limning o‘limi sababiga aniqlik kiritib berishni va bu ishga kimlar aloqadorligini ochiqlashni talab qilmoqchiman, - dedi Mullozokir Zabirov.

18 yoshli Ramazon Zabirov o‘rta maktabni tugatganidan keyin qishloqdoshlarining mol-qo‘yini boqib yurgan, ular esa yigitga bu ish uchun oyiga 1,5 ming somoniy (190 dollar atrofida) pul yig‘ib berib turganlar.

Oilada katta o‘g‘il bo‘lgan Ramazon shu tariqa bazo‘r kun kechiradigan yaqinlariga yordam qilib turgan.

Harbiylar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi Fuqaroviy erkinliklar ofisi bu hodisa tafsilotlarini o‘rganish niyatida. Tashkilot vakilasi Xursheda Rahimova Ozodlikning tojik xizmatiga Zabirovlar oilasini advokat bilan ta’minlashi mumkinligini aytgan.

So‘nggi yillarda tojik matbuotida muddatli xizmatga chaqirilgan askarlarga nisbatan harbiy nizomga zid muomala tez-tez kuzatilayotgani, bunday hodisalarning bir qanchasi yosh askarlar o‘limi bilan tugagani haqida ko‘p yozildi.

Yaqinda Dushanbe garnizoni harbiy sudi Tojikiston Mudofaa vazirligi zimmasiga armiyada o‘lgan askar Firdavs Rahmatovning oilasiga ma’naviy zarar uchun 5 ming somoniy (taqriban 635 AQSh dollari) miqdorida tovon puli to‘lash majburiyatini yuklagan. Bundan norozi bo‘lgan Rahmatovning yaqinlari sud qarori yuzasidan yuqori instansiyaga shikoyat arizasi bilan murojaat qilishlarini bildirganlar.

XS
SM
MD
LG