Линклар

logo-print

2 avgustdan buyon Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori bo‘yida joylashgan mashhur tamaddixonalarni buzish davom etmoqda. Aholi orasida "Bochka" nomi bilan tanilgan ushbu hududdagi 5 ta kafe bir oy avval noqonuniy qurilganlik vaji bilan yopib qo‘yilgan edi. "Bochka"dagi kafelar O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari¸ general Hayot Sharifxo‘jaevga tegishli ekani iddao qilinadi.

Qurilganiga 20 yildan ziyod vaqt bo‘lgan va keyingi paytda toshkentliklar orasida eng mashhur tamaddi maskanlaridan biri sifatida tanilgan “Bochka”dagi kafelarning birinchisi 2 avgust kuni buzildi.

Nuz.uz saytida e’lon qilingan voqea joyidan olingan suratlarda kafe binolari o‘rnida faqat harsang toshlar yotganini ko‘rish mumkin.

Sayt ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan asrning 90-yillarida qurilgan ushbu kafeni buzish borasida bir oy avval Bo‘stonliq tuman hokimligi tomonidan ogohlantirish berilgan. Iyul oyi oxirida sud kafe binosini buzish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Bo‘stonliqning “Bochka”sidagi 5 ta kafe faoliyati "iznsiz qurilgan"¸ "kadastrda yo‘q"¸ "xavfsizlik va ekologiya talablariga javob bermaydi", degan vajlar bilan to‘xtatilgan.

Bo‘stonliq tuman hokimligidagi manba ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil bahorida Chorvoq suv ombori bo‘yidagi ob’ektlarning barchasida tekshiruv o‘tkazilgan va ushbu kafe o‘sha tekshiruv natijasida buzilgan:

“Bu bitta “Bochka”dagi kafelarga taalluqli emas. Chorvoq bo‘yidagi barcha binolar kadastr va boshqa tegishli idoralar tomonidan tekshirildi. To‘g‘ri, bu binolarning ko‘pchiligi 90-yillarda qurilgan. Lekin shu paytgacha ular e’tibordan chetda qolib kelgan. Tekshiruvchilar Chorvoq bo‘yidagi juda ko‘pchilik binolar xavfsizlik qoidalariga javob bermaydi, deb topishdi. Aksar binolar shundoq suv ombori bo‘yida qurilgan. Aslida barcha ob’ektlar suv omboridan kamida 70 metr uzoqlikda bo‘lishi lozim”, dedi hokimlikdagi manba.

Uning aytishicha, Chorvoq bo‘yidagi talabga javob bermaydigan kafelardan tashqari boshqa barcha ob’ektlar ham navbati bilan buzilishi rejalangan.

Ozodlikning O‘zbekiston huquq tizimlariga yaqin manbasi iddaosiga ko‘ra¸ O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari¸ general Hayot Sharifxo‘jaev o‘tgan yil iyun oyida ishdan olinishi ortidan unga tegishli bo‘lgan holda¸ boshqa odamning nomiga rasmiylashtirilgan Toshkent viloyatidagi ko‘chmas mulk ob’ektlari, jumladan, Chorvoqdagi “Kolokolchik” va “Bochka” restoranlari tortib olingan.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati yoki boshqa rasmiy idoralardan bu ma’lumotni tasdiqlovchi yoki inkor qiluvchi ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Hayot Sharifxo‘jaev 2015 yili ishdan olingach, uning ustidan tergov boshlandi. Sharifxo‘jaevning keyingi taqdiri haqida hozircha Ozodlikda biror ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG