Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:40

Qashqadaryoga Mirziyoevning “desanti” tashlanayapti


Qarshi shahri
Qarshi shahri

O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari, soliq, moliya va boshqa vazirliklar xodimlaridan tashkil etilgan 200 kishilik maxsus guruh Qashqadaryo viloyati huquq-tartibot idoralari, xalq xo‘jaligi sohalarini tekshirish uchun erta-indin Qarshi shahriga kelishi kutilmoqda. Viloyat hokimining buyrug‘i bilan Qarshi davlat universitetining ikkita yotoqxonasidagi xonalar guruh a’zolari uchun bo‘shatilib, sochiq, tish cho‘tkayu sovungacha tayyorlab qo‘yildi. Tekshiruvchilar uchun uch mahal issiq ovqat ham tashkil qilinadi.

Tekshiruvchilar uchun choyshab va sovun

O‘zbekiston Bosh vazirining topshirig‘i bilan MXX, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa vazirliklardan tekshiruvchilar katta guruhi kelayotganini viloyat hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi tasdiqladi:

“Ikki yuzdan ortiq tekshiruvchilar guruhi kelyapti. Ular uchun Qarshi davlat universitetining ikkita talabalar yotoqxonasi tayyorlab qo‘yildi. Hamma xonalar tish pastasi, cho‘tkasi, sovun, sochiq, yangi oppoq choyshablar bilan jihozlab qo‘yildi. Tekshiruvchilarga uch mahal issiq ovqat tashkil qilinadi. Qarshi tumaniga boradiganlariga esa, kechki ovqat o‘sha erning o‘zida tashkil qilinadi”, dedi mulozim.

Uning aytishicha, tekshiruvchilarga yaxshi sharoit tayyorlab berish uchun barcha idoralar safarbar etilgan:

“Hokimning topshirig‘i bilan hamma mehmonlarni kamchiliksiz kutib olishga harakat qilyapmiz. Tashkilotlar ham o‘z hissalarini qo‘shmoqda. Hokimiyat ham, ichki ishlar ham yordam bermoqda”, dedi hokimlik mulozimi.

Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotga ko‘ra, Bosh vazirning maxsus guruhi Qarshi shahri, Qarshi tumani va Chiroqchi tumanlarida kompleks tekshiruv olib boradi.

Qashqadaryo viloyati tibbiyot birlashmasining ismi sir qolishini so‘ragan shifokorlaridan birining aytishicha, tekshiruvchilar harajatlarini qoplash uchun tashkilotlarga soliq solingan:

“Mehmonlarning oziq-ovqati, ularni olib yuradigan avtomobillarga benzin puli va boshqa xarajatlar tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklangan. Masalan, mehmonlarning soqol olishi uchun stanoklar, sochiq, sovun, shampunь kabi xarajatlar uchun tuman kasalxonasining bo‘lim boshliqlaridan pul yig‘ilmoqda”, dedi shifokorlardan biri.

“Tekshiruvchilar amaldordan emas, xalqdan so‘rasin!”

Qarshi tumanida yashaydigan 63 yashar Qurbon Bozorboev tekshiruvchilarning oddiy odamlar bilan ham suhbatlashib, ularning dardlariga quloq solishidan umidvor ekanligini aytadi:

“Tekshiruvchilar hech bo‘lmasa odamlardan gaz haqida so‘rasin. Yoqilmagan gaz uchun qarzdorlikni xalqning bo‘yniga million-million so‘m qilib urib tashlagan. Hisoblagichi bor xonadonlarga ham qarz yozgan. Hozir 22 ta qishloqni gazdan uzib tashlagan. Mana shularni tekshirsin. Pensiyalar necha oydan beri berilmayapti, ana shularni so‘rasin”, deydi Qurbon Bozorboev.

Maxsus guruh nimalarni tekshiradi?

O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari va vazirliklar xodimlaridan tashkil topgan maxsus guruh viloyatda kompleks tekshiruv olib borish uchun yuborilgani aytiladi.

Bu guruhga Vazirlar Mahkamasidan va yoki biror vazirlikdan katta lavozimdagi shaxs rahbarlik qiladi.

Guruh huquq-tartibot idoralari va xalq xo‘jaligining barcha sohalarini tekshirib chiqadi va uning natijalarini O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevga taqdim etadi.

Ilgari ana shunday tekshiruvchilar guruhida bevosita ishtirok etgan jurnalist Sharof Ubaydullaevning aytishicha, bunday tekshirishlarga joylardan borgan xabarlar sabab bo‘lishi mumkin:

“Planli tekshirish yoki signallar ko‘paygani sababli maxsus uyushtiriladigan tekshirishlar ham bor. Ilgari bunday tekshirishlar natijalari faollar yig‘inida muhokama qilingan. Endi esa bu tekshirishlarda shaffoflik yo‘q. U yoki bu tekshirishning yakuni biror bir joyda muhokama qilinganini men ko‘rmayman. Tekshirish natijasi yuqorida o‘tirgan to‘rtta odamning o‘rtasida muhokama bo‘lganidan keyin, qanaqa shaffoflik haqida gap bo‘lishi mumkin? Shuning uchun tekshiruvchilarning tepasida kim turgan bo‘lsa, u kishining kayfiyati, u kishining munosabati hamma narsani hal qiladi”, dedi Sharof Ubaydullaev.

O‘zbekistonda Bosh vazir tashkil etgan tekshiruvchilar "desant"ining u yoki bu viloyatlarga tashlanib turilishi tez-tez kuzatiladi.

Tekshirish natijalariga ko‘ra, ayrim viloyat hokimlarining ishdan olingani yoki qattiq hayfsan bilan jazolanish holatlari bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG