Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:23

Rossiya Turkiya meva-sabzavotiga o‘z eshigini qayta ochadi. O‘zbekniki nima bo‘ladi?


Rossiya turk mahsulotlariga bo‘lgan barcha taqiqlarni bekor qiladi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin kuni kecha Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo‘g‘on bilan bo‘lgan uchrashuv chog‘ida shunday bayonot bergan.

Rossiya Turkiya mahsulotlariga cheklovlarni olib tashlaydi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiyadan kelayotgan mahsulotlar embargosini bekor qiladi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lining chorshanba kungi bayonotiga ko‘ra, bunday va’dalar Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan 9 avgust kuni Sankt-Peterburgda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashuvi davomida berilgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning iliqlanishi jarayonida oziq-ovqat mahsulotlari embargosining bekor qilishini borasida bundan oldinroq Rossiya Iqtisodiy taraqqiyoti vazirligi rahbari Aleksey Ulyukaev ham so‘z yuritgan edi. U cheklovlar 2016 yil oxirlariga qadar olib tashlanishi mumkinligidan gapirgandi.

Iyul oxirlarida vazir Ulyukaev Rossiya eng avvalo o‘z tovarlarining Turkiyaga eksportida vujudga kelgan “ayrim masalalarni” bartaraf etishi zarurligini bildirgandi.

Shuningdek, vazir Chavusho‘g‘li Moskva va Anqara o‘rtasida “Turk oqimi” gaz quvuri loyihasi yuzasidan qo‘shimcha shartnomalar imzolanishi mumkinligi va quvur qurilishi davom etishini ham ochiqladi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Turkiya va Rossiya o‘rtasida yaxshilanib borayotgan munosabatlar natijasida “Suriya inqirozi masalasida ham yechim topish uchun kuchli mexanizmlar ishga tushirilayotgani”ni ham aytib o‘tdi. Bu masalada shu kunlarda Rossiyaga Turkiya Tashqi ishlar, Mudofaa vazirliklari, maxfiy xizmatlar rasmiylari yetib kelishi kutilmoqda.

Peterburgdagi uchrashuv oldidan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on TASSga bergan intervyusida “mening do‘stim Vladimir Putin bilan bo‘lajak tarixiy uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarda yangi zarvaraqlar ochiladi”, deya uchrashuvni baholagan edi.

Kuzatuvchilar bu ikki davlatning yana “do‘stlashishi” G‘arb mamlakatlari va AQSh bilan aloqalar yomonlashib borayotgan bir davrga to‘g‘ri kelayotganiga e’tibor qaratmoqda.

Rossiyada o‘zbek meva-sabzavotiga talab kamayadimi?

Xo‘sh, Turkiya-Rossiya aloqalarining qayta tiklanishi hamda o‘zaro iqtisodiy embargoning bekor qilinishi oxirgi yarim yilda O‘zbekistondan Rossiyaga kelayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining kamayishiga olib kelmaydimi? Ikki yirik davlatning o‘zaro munosabat tiklashi Markaziy Osiyo davlatlariga ta’siri qanday bo‘ladi?

Bu savollar bilan Ozodlik Moskva Davlat xalqaro munosabatlar institutining Markaziy Osiyo bo‘yicha eksperti Leonid Gusevga yuzlandi. Mutaxassis “munosabatlarni buzish oson – tiklash qiyin”, deya so‘z boshladi.

- Ikki tomon aloqalari shuncha oylar davomida o‘zilgan holda edi va ularni tezda tiklash mumkin bo‘lsada, to‘liq tiklash uchun muayyan sharoitlar yaratilishi kerak. Men hozir aniq bilamanki, birinchi navbatda iqtisodiy munosabatlar va import-eksport masalalari bo‘yicha bordi-keldi boshlanadi. Ammo turizm masalasida hozircha biror siljish ko‘rmayapman. Qancha vaqt ketadi ikki davlat yana yarim yil-bir yil oldingi aloqalar darajasiga etishi uchun? Kim bilsin... O‘zish oson, tiklash doimo qiyin bo‘lgan, dedi iqtisodchi-olim.

Suhbatdoshning fikricha, yaqin kelajakda ikki davlat o‘rtasida biroz o‘zaro ishonchsizlik alomatlari saqlanib qoladi.

Leonid Gusev Anqara-Moskva munosabatlarining keyingi rivoji AQShda hokimiyat tepasiga kim kelishiga ham bog‘liq ekaniga e’tiborimizni qaratdi.

Uning fikricha, Turkiyaga darvozaning ochilishi O‘zbekistondan etkazib kelinayotgan sabzavot va mevaga bo‘lgan talabni keskin kamaytirsada, vaziyatga jiddiy ta’sir o‘tkazmasligini aytadi.

- Albatta, biz ham narx-navoning oshmasligini istardik. Lekin hammasi joriy vaziyatga bog‘lanib qolmoqda. Bor-yo‘g‘ini neft va gaz belgilab beruvchi mamlakatlar qatoriga nafaqat Rossiya, balki O‘zbekiston ham kiradi! Bu mintaqaning qolgan davlatlari – Turkmaniston, Qozog‘iston, Ozarbayjonlar iqtisodiyoti ham neftdollarning sakrab tushishiga qarab qolganini unutmang. Shu sababli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ko‘proq yoki kamroq eksport-import qilinishi yuqorida tilga olingan davlatlardagi vaziyatni jiddiy o‘zgartira olishiga ko‘zim etmayapti. Qolaversa, ikki davlat o‘rtasidagi bu va’dalar hozircha faqat og‘izda - uni amalga ko‘chishiga ancha bor, dedi Leonid Gusev.

Ayni paytda, Rossiya prezidenti Turkiyadan o‘z sayyohlari xavfsizligi borasida kafolatlar olgani, yaqin orada ikki davlat o‘rtasida charter havo reyslari qayta tiklanishini ma’lum qildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi oziq-ovqat embargosi Rossiya prezidenti qarori bilan 2015 yilning 28 noyabrida kiritilgan.

Suriyadagi harbiy havo hujumlarida qatnashayotgan Rossiyaning Su-24 harbiy uchog‘ining urib tushirilishi ortidan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgandi.

XS
SM
MD
LG