Линклар

logo-print

Hibsdagi aktyor Matyoqub Matchonov ishiga oid yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi


Matyoqub Matchonov O‘zbekistonda eng taniqli aktyorlardan biri hisoblanadi.

Matyoqub Matchonov O‘zbekistonda eng taniqli aktyorlardan biri hisoblanadi.

Taniqli aktyor Matyoqub Matchonovning to‘satdan hibsga olingani bir oydan buyon O‘zbekistondagi san’at va biznes ahlining tor doiralarda pichirlab tilga oladigan muhokama mavzusiga aylandi.

Ramazon bayramidan bir kun oldin (4 iyul, 2016 yil) xavfsizlik xodimlari tomonidan olib ketilgan 60 yoshli aktyor bugun xalq qo‘rqib tilga oladigan MXXning Toshkentdagi “Gvardeyskiy” tergov izolyatorida qolayotir.

Abror Hidoyatov nomidagi o‘zbek davlat drama teatri aktyori Matyoqub Matchonovning hibsga olingani haqida xabar bergan yagona axborot vositasi Ozodlik radiosi bo‘lib qolayotir.(Birinchi maqola biriktiriladi)

Mavzuga oydinlik kiritish uchun Ozodlik o‘z surishtiruvi doirasida Matchonovni shaxsan tanigan, uning biznes faoliyatini yaqindan bilgan hamda tergov jarayonidan voqif bo‘lgan turli, bir-biridan mustaqil manbalar bilan suhbatlashib, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan aktyor va tadbirkor ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining ba’zi yangi qirralarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Generallar adovati

Bir-biridan mustaqil ikki manbaning iddao qilishicha, “Matyoqub Matchonovning hibsga olinishi O‘zbekiston xavfsizlik tizimlaridagi yuqori martabali ikki general o‘rtasidagi shaxsiy adovat bilan bog‘liq”.

Ozodlik o‘z manbalari aytayotgan ikki general bu adovatning manbai oilaviy-maishiy, shaxsiy xarakterga egaligi tufayli uning tafsilotlariga to‘xtalishni noma’qul, deb topdi.

Biroq ayni shu adovat “Matyoqubov va yana bir qator odamlar boshiga etgani” aytilmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Matyoqub Matchonovga nisbatan iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlarni sodir etish ayblovi ilgari surilmoqda.

Ozodlikka “Matchonov ishi”ga aloqadorlikda gumon qilinib yana ikki shaxs hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.

Ulardan biri - Matyoqub Matchonov bilan birga tijoriy shirkat ochgan H. ismli (Ozodlikka ism ma’lum) sherigi va ikkinchisi - H.ning o‘g‘lidir.

Manbalar iddaosicha, Matchonovning muammolari sherigi H.ning o‘g‘li MXX mulozimining g‘azabiga uchraganidan boshlangan.

Matchonovni yaxshi tanigan bir-biridan mustaqil manbalarga ko‘ra, u sherigi bilan hamkorlikda ochgan shirkatga qarashli yengil avtomobil ichidan go‘yo 3 kilogram miqdorida o‘tkir giyohvand modda – geroin topilgan va avtomobilni boshqargan H.ning o‘g‘li va so‘ngra H.ning o‘zi hibsga olingan.

Ozodlik manbasi geroin ishi “MXX tomonidan uyushtirilganligini” iddao qildi.

Aktyorni yaqindan tanigan shaxs Ozodlik bilan suhbatda mazkur hodisa ortidan Matchonov va uning sherigi H. asos solgan tijoriy shirkat ustidan 2 oy davomida keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazilgani va alaloqibat Matchonov ham qamoqqa olinganini aytdi.

Tergov davomida, mazkur manba iddaosicha, Matchonovga og‘ir “moliyaviy-iqtisodiy qonunbuzarliklar”ni sodir etish ayblovi qo‘yilgan.

Ayni manba, shuningdek, Matchonovning “noqonuniy daromadlarni o‘zlashtirish va legallashtirishda gumon qilinayotganini” bildirdi.

Uning ishonishicha, Matchonov ishi “siyosiy xarakterga ega emas”.

MXX istasa, bu ayblovlarni mamlakatda import-eksportga aloqador yirik biznes bilan shug‘ullanuvchi istalgan tadbirkorga qo‘yishi mumkin,” dedi manba.

Generallar nazorati

Unga ko‘ra, tergov jarayonida yaqin va uzoq xorijdan turli mahsulotlar keltirib, ulgurji savdo bilan shug‘ullangan mazkur shirkat bilan hamkorlik qilgan O‘zbekistonning turli mintaqalardagi boshqa shirkatlar ustidan ham tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Prokuratura tizimiga yaqin Ozodlik manbasi mazkur manba iddaolarini tasdiqladi va bu ish “MXX generallari nazoratida bo‘lgani tufayli, aktyorning nufuzli yaqinlari ham ta’sir ko‘rsata olmayotganini” aytdi.

Ozodlik ilgari surilgan ushbu iddaolar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni izlashda davom etayotir.

Matyoqub Matchonovni yaqindan tanigan Ozodlik manbasiga ko‘ra, aktyorning advokatlariga ayblov xulosasi berilgan va u mahkama jarayonini kutmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan aksar manbalar yana bir nuqtada hamfikr: o‘ttiz yildan ko‘proq ijodiy faoliyati davomida qirqqa yaqin filmlarda turli rollarni ijro etgan Matyoqub Matchonov o‘zining 61 yoshini sobiq “Gvardeyskiy” ko‘chasidagi yerto‘lada kutib oladigan ko‘rinadi.

XS
SM
MD
LG