Линклар

logo-print

Rossiya deportatsiya markazida yigirmadan ortiq xorijlik ochlik e’lon qildi


Xorijliklarni vaqtinchalik saqlash markazi kamerasi.

Xorijliklarni vaqtinchalik saqlash markazi kamerasi.

Rossiyaning Yaroslavl viloyati Tutaev shahrida joylashgan chet elliklarni vaqtinchalik saqlash markazida deportatsiyani kutayotgan 20 dan ortiq xorijlik ochlik e’lon qildi.

Aksari o‘zbekistonliklar bo‘lgan chet elliklar vatanlariga tezroq deportatsiya etishlarini talab qilmoqda.

Ozodlik bilan telefon orqali suhbatlashgan xorijliklar markazda ruhan ezilganlaridan shikoyat qilishdi.

Tutaev shahridagi chet elliklarni vaqtinchalik saqlash markazida deportatsiyani kutayotganlar orasida MDH davlatlarining bir necha o‘n vatandoshlari, jumladan 20 ga yaqin O‘zbekiston vatandoshlari saqlanmoqda. Ularning ayrimlari ochlik aksiyasiga qo‘shilgani, biroq hozirda rasmiylar va’dasidan keyin ochlikni vaqtincha to‘xtatishganini bildirdi.

Tutaev deportatsiya markazida yangi qamoq muhlatini o‘tab chiqqanlar bilan birga migratsiya qonunlarini buzgan xorijiylar saqlanmoqda.

Ozodlik telefon orqali suhbatlashgan andijonlik Javlonning aytishicha, Yaroslavl viloyatida, uch yillik qamoq muhlatini o‘tagandan so‘ng, 2016 yilning 9 may kuni yana Tutaev deportatsiya markaziga keltirilgan.

- Hujjatlarim bor, lekin O‘zbekistonga meni yuborishmayapti. Ozgina yuborishni talab qilib to‘polon ko‘tarsak, izolyatorga tashlashayapti. 161- modda bilan (o‘g‘irlik) bilan qamashdi. Lekin men o‘g‘irlik qilmaganman, nohaq qamaldim. Meni majburlab, bo‘ynimga quyishdi. Bu yerdagilarni 20 tachasi menga o‘xshagan qamoqdan chiqqanlar, yana qariyb 30 nafari migrantlar. Men hali ozodlikni, ko‘chani ko‘rganim yo‘q. Bu yer podvalga o‘xshagan beton pol, toza havoga ham olib chiqishmayapti. Bir sutkada 40 minut olib chiqishadi toza havoga, xolos. Uch kun ochlik e’lon qilib, hech narsa emadik. Gunohimiz nima? Jinoyat qilganimiz yuq- ku. Qilgan jinoyatimiz uchun jazo oldik. Men uch yil qamoqda o‘tirib chiqdim, yana bu yerda ushlab turishibdi. Nima uchun? Hech kim bizga yordam bermayapti, dedi Javlon.

Jizzaxlik Otabekni shu yilning 12 iyulida Yaroslavl viloyatida yog‘och kesish kichik korxonalarining birida ishlayotgan paytida politsiya xodimlari ushlab kelishgan.

Otabekning aytishicha, ishlash ruxsatnomasi bo‘lmagani sababli deportatsiya markaziga tushgan.

- Kecha yuborish bilan shug‘ullanadigan kishi kelgan edi. “Rossiya davlati sizlarni uyga yuborish uchun 10 ming rubl ajratadi, samolyotga bilet pulini yetmaganini o‘zlaring topinglar,” deb aytayapti. Bu yerdagilarning ko‘plarida bunday pul yo‘q. “Bizda bunaqa pul yuq desak, unda uzoq qolib ketasizlar,” dedi. Spetspriyomnik sharoiti uncha yaxshi emas. Katta bino, derezalariga temir panjara o‘rnatilgan. Uchta xona, oshxonasi bor, qolgan vaqt hamma o‘z xonasida. Lekin bu yerni sharoiti qamoqxonadan qolishmaydi, dedi Otabek.

52 yoshli jizzaxlik Eshonqul bir yildan buyon Yaroslavlda quruvchi bo‘lib ishlagan.

Uning aytishicha, ish beruvchi barcha hujjatlari to‘g‘ri rasmiylashtirgan. Biroq politsiya reydi paytida uning nomi ma’lumotlar bazasi kompyuterida chiqmagani sababli u deportatsiya markaziga keltirilgan.

- Hamma hujjatlarim to‘g‘ri bo‘lgan. Ishlash ruxsatnomasi, tibbiy sug‘urtam bor, imtihon ham topshirganman. Bilmadim, nima uchundir nomim kompyuterdan chiqmadi. Bu deportatsiya markazida qiynalayapman. Tezroq uyga ketmoqchiman. Lekin pulim yo‘q biletga, deydi Eshonqul.

Ozodlik muhojirlar muammolari haqida migratsiya bo‘yicha Rossiya ichki ishlar vazirligining Yaroslavl viloyati idorasiga, Tutaev deportatsiya markaziga qilgan murojaatiga rasmiylardan javob ololmadi.

Ayni paytda Rossiya spetspriyomniklarida deportatsiya kutayotgan xorijliklar orasida o‘z joniga qasd qilish hollari tez-tez uchrab turibdi.

Bundan qariyb 2 hafta oldin Tula deportatsiya markazida o‘zbekistonlik nogiron o‘zini osib qo‘ygani borasida Ozodlik xabar bergan edi.

Bu hodisadan ikki haftacha oldin xuddi shu markazda armanistonlik yana bir migrant o‘z joniga qasd qilgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG