Линклар

O‘zbekiston chegarachilari bir yarim oy mobaynida hibsda saqlangan Tojikiston vatandoshini vataniga qaytardi. Tojikistonlik Haydar Qo‘ziev iyun oyi o‘rtalarida O‘zbekiston-Tojikiston chegarasining markirovka qilinmagan hududida o‘zbek chegarachilari otgan o‘qdan yaralangan edi. Shundan so‘ng u o‘zbek chegarachilari tomonidan Qo‘qonga olib ketilgan.

Tojikiston Chegara xizmatining ma’lum qilishicha, Haydarjon Qo‘ziev 6 avgust kuni vataniga qaytarilgan. 30 yoshli Haydarjonning otasi Homidjon Qo‘ziev Ozodlik radiosi tojik xizmatiga bergan intervьyusida o‘g‘lining salomatligi yaxshiligini va uning tanasida o‘qotar quroldan olingan jarohat izlari qolmaganini aytdi.

-Biz uning salomatligidan juda tashvishda edik. O‘zbek chegarachilari otgan o‘qdan yaralanganidan keyin uning sog‘lig‘i yomonlashib qolishidan qo‘rqqan edik. Ollohga shukurki, u sog‘ayib ketibdi. Jarohat izlari esa deyarli sezilmayapti, -dedi Homidjon Qo‘ziev.

O‘zbekiston-Tojikiston chegarasining markirovka qilinmagan joyida iyun oyi o‘rtalarida o‘zbek chegarachilari Konibodom tumanining Patar jamoati Yakkaterak qishlog‘idan bo‘lgan Haydajon Qo‘zievni yaralab, o‘zlari bilan Qo‘qonga olib ketgan edi.

Haydarjon asosan cho‘ponlik bilan shug‘ullangan va voqea sodir bo‘lgan paytda ham mol boqib yurgan.

- Haydar ikki qishloqdoshi bilan qishloq chetida mol boqib yurgan ekan. U yerga o‘zbek chegarachilari kelib, o‘zlari bilan 10-12 bosh qoramolni haydab ketishibdi. U o‘z mollarini qaytarib olish uchun ularning orqasidan ketibdi, biroq chegarachilar bilan to‘qnash kelganda orqasiga tisarilibdi. O‘zbek chegarachilari avvaliga osmonga qarata ogohlantiruvchi o‘q otishibdi, keyin esa uni yaralashibdi, - deb ma’lumot bergan edi o‘shanda Ozodlik radiosiga Yakkaterak qishlog‘i raisi Ergash Mamajonov.

Xaydarjon Qo‘ziev o‘zbek chegarachilari tomonidan Qo‘qon shahar kasalxonasiga yotqizilgan va u kasalxonada bir oy mobaynida davolangan.

Tojikiston Chegara xizmati matbuot kotibi Muhammadjon Ulug‘xo‘jaev Haydarjon Qo‘ziev O‘zbekiston chegarachilari bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida vataniga qaytarilganini aytdi. Muhammadjon Ulug‘xo‘jaevga ko‘ra, Qo‘ziev bilan bo‘lib o‘tgan voqea O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidagi muayyan hududning shu kungacha delimitatsiya qilinmagani oqibatida yuz bergan.

Yakkaterak qishlog‘i raisi Ergash Mamajonov bu fikrni tasdiqlar ekan: “Agar O‘zbekiston tomoni o‘z chegara chizig‘ida ogohlantiruvchi belgilarni qo‘yganida edi, Haydar Qo‘ziev bilan bo‘lib o‘tgan voqea yuz bermasligi ham mumkin edi”, deb hisoblaydi.

Bu so‘nggi bir yil mobaynida o‘zbek-tojik chegarasida o‘zbek chegarachilari tojikistonlik fuqaroni yaralab, o‘zi bilan olib ketishi bilan bog‘liq ikkinchi holatdir. O‘tgan yil iyulida ham o‘zbek chegarachilari mol boqib yurgan konibodomlik To‘lqinboy Usmonov va Xushyor Qobilovni ushlab ketishgandi, o‘shanda ular Usmonovni oyog‘idan yaralaganlar.

O‘zbekiston chegara xizmati o‘sha paytda tarqatilgan rasmiy xabarida hodisa yuzasidan aybni ikkala tojikistonlikka yuklagan. O‘zbek chegarachilari iddaosicha, ular chegarani noqonuniy ravishda kesib o‘tganlar va chegarachilarga qarshilik ko‘rsatganlar.

O‘zbek-tojik chegara chizig‘i Patar jamoatining 10 kilometrcha narisidan o‘tadi. Mahalliy aholi u joylarni To‘qay, deb ataydi. Bu erdan chegara chizig‘i o‘tganini Tojikiston tomonidan o‘rnatilgan chegara minorasi hamda undan 100 metrlar narida O‘zbekiston tomonidan tortilgan tikanli simdangina bilish mumkin.

Tojikistonning So‘g‘d viloyati O‘zbekistonning olti viloyati bilan chegaradosh. Tojikistonning bu chegara hududlarida, asosan, o‘zbeklar istiqomat qiladi.

2000 yilda O‘zbekiston Tojikiston bilan viza tartibi joriy qilganidan so‘ng chegaralar orasiga tikanli simlar tortilgan, tog‘li hududlarga minalar ko‘milgan.

XS
SM
MD
LG