Линклар

“Saratonni batamom yenguvchi dori - jurnalistlar uydirmasi”


Tibbiyot fanlari doktori Zulfiya Yenikeeva (Surat mytashkent.uz saytidan olindi)

Tibbiyot fanlari doktori Zulfiya Yenikeeva (Surat mytashkent.uz saytidan olindi)

O‘zbek olimi “saratonga qarshi dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan noyob dori vositasini yaratgani” to‘g‘risida O‘zbekistondagi ba’zi nashrlar kuni kecha xabar qildi.

“O‘zbek farmatsevti saratonni tumov kabi oson davolash yo‘lini topdi”, degan sarlavha esa o‘tgan oyda saytlardan saytlarga ko‘chgan edi.

Kechagi xabarda tilga olingan o‘zbekistonlik olima Ozodlik savollariga javob berar ekan, so‘nggi bir yarim oy ichida shov-shuv bo‘lgan bu ikki yangilik ortidagi hodisalar hozircha natija emas, balki yillardan buyon davom etayotgan jarayon ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

“Olim, kimyo fanlari doktori Zulfiya Mahmudovna Yenikeeva dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan saratonga qarshi noyob dori vositasini yaratdi. Ushbu dori vositasi e’tirofga sazovor bo‘lishi uchun 16 yil kerak bo‘ldi”, deb boshlanadi kuni kecha O‘zbekistonda e’lon qilingan materiallardan biri.

Ozodlik doktor Yenikeevani ish joyi - Toshkentdagi Respublika Onkologiya ilmiy markazining Saratonga qarshi preparatlar yaratish laboratoriyasidan topdi.

- O‘zingiz yaratgan dorini saratonga qarshi kurashda inqilob yasaydigan preparat, deya olasizmi? Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan bu savolga Zulfiya Mahmudovna “Yo‘q. Bunday deya olmayman”, deb javob berdi.

Doktor Yenikeevaning aytishicha, u yaratgan preparatlarning mavjud dorilardan prinsipial farqi “ularning ta’sir qilish mexanizmi yangicha ekanligidadir. Bu preparatlarning saratonga qarshi faolligi juda yuqori va ayni paytda bemorning immunitetiga salbiy ta’sir qilmaydi”.

Ozodlik savollariga Sog‘liqni saqlash vazirligidan beruxsat javob berayotganidan xijolat bo‘layotgan olima bilan muloqotdan u kishi bitta preparat emas, balki preparatlar seriyasini ishlab chiqish bilan mashg‘ulligi ayonlashdi.

- Shu kungacha men 15 ta preparat yaratdim. Ulardan 4 tasi klinik tadqiqotlaroldi sinovlaridan o‘tkazildi. 2 tasi klinik tadqiqotlardan o‘tdi. Qolganlari tadbiq qilinishi kutmoqda. Shuning uchun, men yaratgan preparatlar hozircha dorixona peshtaxtalarida emas, balki sinov bosqichidadir, dedi Zulfiya Mahmudovna.

Doktor Yenikeevaning aytishicha, u yaratgan preparatlarning barchasi AQSh Milliy Saraton tadqiqotlari institutida kishi tanasida paydo bo‘ladigan o‘smalarning 60 tasi bo‘yicha hujayralar darajasida tekshiruvdan o‘tgan; keyin preparatlar laboratoriya jonzotlarida tekshirib ko‘rilgan va ularning faolligi tasdiqlagan; bu degani sinovdan o‘tgan preparatlar ishlab chiqarishga beriladi, deganidir; bu preparatlar oqqon, o‘pkaning mayda hujayrali saratoni, to‘g‘ri ichak saratoni, ko‘krak saratoni, prostata saratoni kabi kasalliklarni davolashda yaxshi samara berishi mumkin.

Tibbiyot fanlari doktori Zulfiya Yenikeevadan bundan bir yarim oy oldin paydo bo‘lgan xabarlarda “saratonni tumov kabi oson davolash yo‘lini topgani” aytilgan o‘zbekistonlik olim, professor Rustam Nuriddinov va u kishi yaratgan preparat to‘g‘risida ham so‘radik.

- Rustam Nuriddinovni shaxsan taniyman. U o‘zimizda, Toshkent universitetning kimyo fakultetida o‘qigan. Keyin Rigaga ketgan va nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini o‘sha yerda yoqlagan. U immunitetni kuchaytiruvchi, o‘smaga qarshi Leakadin preparatining, sportchilar bilan bog‘liq janjalga sabab bo‘lgan, lekin yurak-qon tomir kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlar uchun zarur bo‘lgan Meldronat preparatining yaratilishida ishtirok etgan. Men Rustamni yaxshi odam va jiddiy olim sifatida taniyman, hamkasblari uni hurmat qiladi, dedi Zulfiya Yenikeeva.

- U saraton ustidan g‘alaba qozondi, degan gaplar aytilgan edi. Bunga nima deysiz?

- Yo‘q, albatta. Bu jurnalistlar uydirgan bema’ni gap, xolos, dedi Toshkentdagi Respublika Onkologiya ilmiy markazining Saratonga qarshi preparatlar yaratish laboratoriyasi xodimi, Tibbiyot fanlari doktori Zulfiya Yenikeeva.

XS
SM
MD
LG