Линклар

Rossiyada o‘zbekistonliklarni geroinfurush qilgan katta jinoyatchilar qidirilmoqda


2014 yilda Moskvada 174 kilo geroin bilan qo‘lga tushganlar ham o‘zbek-tojik muhojirlari bo‘lgan

2014 yilda Moskvada 174 kilo geroin bilan qo‘lga tushganlar ham o‘zbek-tojik muhojirlari bo‘lgan

Moskva viloyatida yiriq miqdorda geroin moddasini sotishga uringanlikda ayblanib ushlangan olti nafar O‘zbekiston vatandoshi mahkamaga tortildi. 4 kilodan ko‘proq geroin bilan qo‘lga tushgan o‘zbekistonliklarni bu "biznes"ga olib kirgan katta jinoyatchilar esa hozircha ochiqda qolmoqda.

Moskva viloyatining Ximki shahar sudida uyushgan jinoiy guruh a’zo sifatida katta miqdorda geroin sotishga uringanlikda ayblanib qo‘lga olingan olti nafar O‘zbekiston vatandoshi ustidan mahkama jarayoni boshlandi.

Moskva shahar prokuraturasi katta prokurori Anastasiya Anfinogenovaning Ozodlikka aytishicha¸ sudlanuvchilar uyushgan jinoiy guruhning a’zolari va uni boshqarganlar hozircha qo‘lga olinmagan:

- Ushlanganlarning ikki nafari Shohruh Hazratqulov va Ma’mura Ahmedovalar – O‘zbekistonning Jizzax viloyatidan, qolgan yigitlar Samarqanddan. Ular juda ham yosh, birortasi oila qurmagan hali! Bu jinoyatni Moskva shahri va viloyatida tashkillashtirib, ularni jalb qilgan yana bir nechta shaxs qidiruvda qolmoqda¸ ularga nisbatan alohida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bularning Zelenograd, Ramenskoe va Ximki shaharlaridagi yashash joyidan 4 kilodan ortiq geroin moddasi musodara qilindi, dedi prokuror Anfinogenova.

Aniqlanishicha, jinoiy guruhga a’zolikda gumonlanayotganlarning yoshi 20-23da.

Prokuratura rasmiysiga ko‘ra¸ jizzaxlik Shohruh Hazratqulov va Ma’mura Ahmedovalar - 23 yoshda, samarqandliklar Botirjon Fayzullaev, Dalerjon Qosimov va Umidjon Mahmudovlar – 20 da, Shahriyor Mahmudjonov esa 21 yoshda.

Sentyabr oyida qo‘lga olingan sudlanuvchilarga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining “katta” va “o‘ta katta miqdorda narkotik moddasini uyushgan jinoiy guruh tarkibida noqonuniy sotishga urinish” moddalari asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Prokuratura rasmiysiga ko‘ra, maxsus xizmatlar 2015 yilning aprelidan avgustiga qadar jinoiy guruh tuzganlikda ayblanayotgan o‘zbeklar orqasidan kuzatuv olib borgan. Bu guruh a’zolari katta miqdorda geroin sotish harakatini boshlaganida operativ xodimlar tomonidan qo‘lga olingan:

- Uyushgan guruh tarkibida narkotik sotishga doimo katta jazo muddati tayinlanadi. Bu vaziyatda jinoyat oxiriga yetmagan, ya’ni geroinni sotishga ulgurishmagan.Bular aslida aldangan yosh yigit-qizlar. Boshliqlari esa ozodlikda qochib yuribdi, dedi tergovda ishtirok etgan prokuror Anastasiya Anfinogenova.

XS
SM
MD
LG