Линклар

Istanbulda so‘nggi 13 kun ichida 140ga yaqin markaziy osiyolik muhojir ushlandi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, ushlanganlarning asosiy qismi o‘zbekistonlik bo‘lib, hozirda ularning yuzga yaqini deportatsiya xavfi ostida qolgan.

29 iyul kuni Turkiya xavfsizlik idoralari Istanbul shahrida boshlagan tadbirlarning birinchi bosqichida 29 nafar o‘zbekistonlik muhojir, keyinchalik yana 100ga yaqin o‘zbek muhojiri ushlandi.

Ushlangan o‘zbek muhojirlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganayotgan O‘zbekiston Xalq Harakati ma’lumotiga ko‘ra, ushlanganlarning 80 nafari qo‘yib yuborilgan va ularning 40 nafariga 1 oy ichida Turkiyani tark etish talabi qo‘yilgan.

Vaziyatdan xabardor muxolifatdagi O‘zbekiston “Erk” partiyasi rahbari, hozirda Turkiyada yashayotgan Muhammad Solihning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, ayni paytda yana 60 kishi Istanbuldagi Qumqopi deportatsiya markazida ushlab turilibdi.

- Shulardan 4 kishi Tojikiston, 6 kishi Qirg‘iziston, 9 kishi rossiyalik, 1 kishi Qozog‘iston fuqarosi. Ammo qolganlarning hammasi o‘zbeklar. Ushlangan 40 kishi Turkiyani tark etish talabi bilan qo‘yib yuborildi. Hozir Qumqopi izolyatorida 60 kishi ushlab turilibdi. Ularning 17tasi yosh bolalar, 4tasi homilador ayollar. Bolalarning ichida 15 kunlik, 3 oylik chaqaloqlar ham bor,- dedi Muhammad Solih.

Ozodlikning Istanbuldagi manbalariga ko‘ra, 11 avgust kuni ham shahardagi bir necha nafar o‘zbek muhojiri politsiya tomonidan olib ketilgan.

Qumqopi deportatsiya markazida ushlab turilganlardan birining yaqiniga ko‘ra, hozircha ushlanganlarga rasmiy biror ayblov e’lon qilinmagan:

“Politsiya bilan gaplashdik. Hech qanday ayblov yo‘qligini aytishdi. Faqat deportatsiya qilinishini aytishdi. Sababini izohlashmadi”, dedi yaqini deportatsiya markazida ushlab turilgan o‘zbekistonlik muhojir.

Uning aytishicha, aksar ushlanganlarning O‘zbekistondagi uylarida MXX tomonidan tintuv ham o‘tkazilgan.

Muhammad Solihga ko‘ra, ushlab turilgan o‘zbek muhojirlarining aksari diniy motivlar bois O‘zbekistonni tark etgan shaxslar bo‘lib, ularning deportatsiyasiga yo‘l qo‘yish mumkin emas:

- Bular O‘zbekistondan qochgan dindorlardan. Ya’ni o‘zining diniy e’tiqodi tufayli ta’qib-taziyqqa uchrab, qochgan insonlar. Ko‘pchiligi 5-6 yildan beri yashab o‘tirgan o‘zbeklar. Ular hech-bir partiyaning ya’zosi emas. Faqat o‘sha dindor bo‘lganlari uchun taziyq-ta’qibga uchragan mazlumlar. O‘zbekistonga borsa, mutlaqo bular hibs qilinadi va qiynoqqa solinadi va hatto o‘ldirilishi ham mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Jamoatchilik bunga qarshi chiqishi kerak. Masalan, "Amnesti Interneshnl", "Hyuman Rayts Uotch" kabi tashkilotlar bu narsani qo‘lga olib, shug‘ullanishi kerak va turk hukumatiga ularni qaytarib yubormaslikni talab qilib chiqishi kerak, deb o‘ylayman, - dedi Muhammad Solih.

Voqea yuzasidan Istanbul politsiyasidan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Aftidan muhojirlarni ushlash tadbiri faqat Istanbulda kuzatilmoqda. 11 avgust kuni Turkiyaning boshqa shaharlarida yashayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar Ozodlik bilan suhbatda harbiy to‘ntarishga urinishdan so‘ng favqulodda tekshiruv bo‘lmaganini aytishdi.

15 iyul kuni Turkiyada bir guruh harbiylar davlat to‘ntarishi amalga oshirishga uringani ortidan mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan.

Ushbu voqeadan so‘ng "O‘zbekturizm" Milliy kompaniyasi Turkiyaga safar qilishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston vatandoshlari hamda Turkiyaga sayyohlar jo‘natish bilan shug‘ullanadigan operatorlaridan bu mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni hisobga olishni so‘radi.

XS
SM
MD
LG