Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:23

Bag‘dodda tuya narxida sotilgan Xorazm qovuni


“Instagram”dagi “nag‘mayu muqomlar” aks etgan suratlar tanqid qilindi. Ozodbek Nazarbekov kontsertiga soxta chipta sotgan firibgarlar hali ham topilmadi. Xorazm qovunlari o‘rta asrlarda Bag‘dodda 700 dirhamdan sotilgan.

“Instagram”dagi “nag‘mayu muqomlar” aks etgan suratlar tanqid qilindi

Uyatu andishani yig‘ishtirib qo‘yib, “Instagram” tarmog‘ida behayo fotolarni joylashtirish o‘zbekistonliklar orasida ham ko‘paymoqda (“Oila va jamiyat”, 10 avgust). “Manikyur qilingan barmoqlar, bo‘yalgan lablar, ko‘z, qosh, kiprik, oyoqlar, poyabzal... hatto tanasining uyat qismlarini ham suratga olib, “Instagram”ga joylashtirayotganlarni ko‘rib dod deging keladi”, deb yozadi gazeta. Qayd etilishicha, hozirda yoshlar qolib, 50-60 yoshdagi ayollar ham ijtimoiy tarmoqlarga surat joylashtirish bo‘yicha rekord o‘rnatmoqda. “Internet orqali nag‘mayu muqomlari aks etgan suratlarni begonalarga ko‘z-ko‘z qilayotgan ayolning eri yoki erkak yaqinlari oriyat, hamiyat, nomus, xonadon sha’ni degan tushunchalardan shunchalar yiroqmi?!” deya savol qo‘yiladi maqolada.

Ozodbek Nazarbekov konsertiga soxta chipta sotgan firibgarlar hali ham topilmadi

O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning joriy yil aprel oyida Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida o‘tgan konserti uchun soxta chiptalar sotgan firibgarlar hali ham ushlanmadi, deb xabar berdi “Darakchi” nashri. “Shahzoda, Ozodbek Nazarbekov va juda ko‘plab xonandalarning, hatto o‘tgan yili Ortiq Otajonovning konsertida ham soxta chipta sotilgan holatlar kuzatildi. Masalan, bu yil Ozodbek Nazarbekov konsertining ilk kunida chuv tushgan yuz kishi ortiga qaytib ketdi”: degan “Istiqlol” san’at saroyi vakili Rustam Xo‘janiyozov. Chilonzor tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i Ravshan Qodirovga ko‘ra, hozirga qadar soxta chipta savdosidan jabrlangan biror shaxsni topishning imkoni bo‘lmagan.

Xorazm qovunlari o‘rta asrlarda qo‘lbola muzlatgichlarda xalifa Ma’munga etkazilgan

Xorazm qovunlari ilk o‘rta asrlarda qo‘lbola muzlatgich – qo‘rg‘oshin qoliplarda muzga o‘rab, avval xalifa Ma’mun, keyin esa Vosiqqa etkazilgan (“Hurriyat”, 10 avgust). Tarixchi Abu Mansur Saolibiyning guvohlik berishicha, agar qovun yaxshi saqlanib yetib borsa, donasi tuya narxida – yetti yuz dirhamga sotilgan. Xorazmning tuprog‘i nisbatan sho‘r ekaniga qaramay, Amudaryo suvi tufayli bu yerning mevalari, xususan, qovuni o‘ziga xos ta’mga ega sanalgan. 9 kilogacha tosh bosadigan gurvak navli qovun ham aynan ushbu vohada yetishtirilgan. Qayd etilishicha, shu kunlarda tarixiy an’anani davom ettirgan holda, Xorazmda qovun sayli o‘tkazilib, unda mazkur tansiq ne’matning 40 dan ortiq navi namoyish etilgan.

Farg‘onada bir tup daraxtdan 25 xil olma olinmoqda

​Farg‘onalik mirishkor Abduvahob Mirzajonov bir tup daraxtdan 25 xil olma yetishtirmoqda. Bu haqda bir necha matbuot nashri xabar beradi. Olmaning tusi, shaklu shamoyili bir-biriga o‘xshamaydi. Mirishkor usta ayni paytda bir daraxtda olxo‘rining 3 xil, o‘rikning 2 xil navini yetishtirmoqda, mahalliy sharoitda subtropik meva – kivi o‘stirmoqda.

XS
SM
MD
LG