Линклар

Oliy Majlis deputati Bosh vazir o‘rinbosaridan viloyatlarda nega shifokorlar yetishmayotganini so‘radi. Navoiylik deputat o‘z so‘roviga vaqtida javob qaytarmayotgan mutasaddilardan norozi bo‘lmoqda. Test sinovlaridan norozi abiturient sudga ham murojaat qilishi mumkin. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Deputat: Viloyatlarda shifokorlar yetishmayapti

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikromov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlarning sog‘liqni saqlash tizimiga oid savollariga javob berdi (“Darakchi”, 11 avgust). Deputat Dilfuza Jalilova qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman tibbiyot birlashmalarida shifokorlar, ayniqsa, tor mutaxassislar yetishmasligi, masalan, birgina Jarqo‘rg‘on tumanida 132 ta tibbiy mutaxassisga ehtiyoj borligi yuzasidan savol bergan. Bosh vazir o‘rinbosari sog‘liqni saqlash tizimida 72 ming nafar vrach borligi, ammo ular hududlar bo‘yicha bir xil taqsimlanmaganini ma’lum qilgan. “Eng katta muammo tuman tibbiyot birlashmalari bo‘lib, uni ta’mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan birga tibbiyot mutaxassislari bilan ham ta’minlash masalasi turibdi”, degan Bosh vazir o‘rinbosari A. Ikromov.

Ayrim mansabdorlar deputatlik so‘roviga befarq qaramoqda

Viloyatlarda deputatlarning rasmiy so‘roviga befarq qarayotgan mutasaddi rahbarlar uchramoqda (“O‘zbekiston ovozi”, 11 avgust). “Shunday hollar bo‘ladiki, so‘rovga qonunda belgilangan muddat – 10 kundan oshib ketsa ham javob berilmaydi. Ayrim paytlar mansabdor shaxslar tomonidan deputat so‘rovidagi masala to‘liq o‘rganilmasdan, deputatga shunchaki rasmiyatchilik uchun yuzaki javob xati yuborish holatlari ham uchramoqda”, degan xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashi a’zosi Muhabbat Temirova. Gazetaga ko‘ra, deputatlar mutasaddilardan so‘rovlarga vaqtida javob qaytarish va amaliy choralar ko‘rishni qat’iy talab qilishi lozim.

Test natijasidan norozi abiturientlarga shikoyat qilish tartibi eslatildi

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihoni natijalaridan norozi bo‘lgan abiturientlar test natijasi e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun davomida davlat komissiyasiga shikoyat yozish huquqiga ega (“Adolat ko‘zgusi”, 11 avgust). Apellyatsiya shikoyati komissiya tomonidan abiturient ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi. Qayd etilishicha, komissiyaning apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha qabul qilgan qarori yuzasidan sudga ham shikoyat qilish mumkin.

XS
SM
MD
LG