Линклар

O‘shda yo‘qolgan uyg‘ur Xitoy qamoqxonasidan topildi


Xitoyda uyg‘urlarga nisbatan repressiv siyosat olib borilishi aytib kelinadi.

Xitoyda uyg‘urlarga nisbatan repressiv siyosat olib borilishi aytib kelinadi.

O‘shda 24 iyun kuni yo‘qolgan va yaqinlarining arizasiga asosan militsiya tomonidan qidirilayotgan uyg‘ur millatiga mansub tadbirkor Xitoy qamoqxonasidan topildi. Qirg‘iziston huquq-tartibot tuzilmalaridagi ismi sir saqlanayotgan manbaning aytishicha, tadbirkor ekstremizmda ayblanib, Xitoyga yashirincha olib ketilgan.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati hozircha rasman tasdiqlanmagan, ammo ishonchli manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda, uyg‘ur tadbirkorni Xitoyga yashirin olib chiqib ketilishida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining qo‘li bor, deb xabar berdi..

Asli xitoylik bo‘lgan tadbirkor O‘shda Qirg‘iziston vatandoshiga uylangan va savdo –sotiq bilan shug‘ullangan. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati uyg‘ur tadbirkori qanday asoslarga ko‘ra O‘shda qo‘lga olingani va qanday holatda yashirincha Xitoyga olib chiqib ketilgani to‘g‘risida izoh berishdan tiyilmoqda.

O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi tadbirkorning Xitoyga yashirincha olib chiqib ketilgani yuzasidan paydo bo‘lgan tafsilotlar o‘rganilayotganini va bu ma’lumotlar tergov siri hisoblanishini bildirdi.

Qirg‘iz parlamenti deputati Cho‘lpo‘n Jakupova uyg‘ur tadbirkor Xitoyga yashirincha olib chiqib ketlishi qonunlarning qo‘pol tarzda buzilishi ekanini aytdi:

-Ekstraditsiya qilish masalasi bosh prokuraturaning vakolatiga kiradi. Xorij vatandoshini ekstraditsiya qilish masalasini faqat bosh prokuraturagina hal qiladi. Maxsus xizmat xodimlari o‘z xohishlariga qarab bir odamni u yoki bu mamlakatga topshirishga haqli emas, -dedi Cho‘lpo‘n Jakupova.

Bundan avvallari ham Qirg‘izistondan odamlarning yashirincha ravishda boshqa davlatlarga o‘g‘irlab ketilishi holati kuzatilgan edi. Masalan, 2005 yilda o‘zbekistonlik muxolifatchi Holdorjon Isroilov O‘shda, 2013 yilning 18 fevralida o‘zbekistonlik qochqin Shuhrat Musin Bishkekda yo‘qolib qolgan edi. Bir necha oylik qidiruv ishlaridan so‘ng ular Andijon qamoqxonasida saqlanayotgani to‘g‘risida xabarlar kelgan.

Huquq faollari mazkur shaxslar Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari xodimlari hamkorligida O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan, deb bayonotlar bergan.

Bishkeklik taniqli huquq faoli Aziza Abdurasulova Qirg‘izistondan boshqa davlatlar vatandoshlarining o‘g‘irlab ketilishiga yordam berish orqali kuchishlatar tuzilmalar xodimlari pul ishlamoqda, deb hisoblaydi.

-Ularni osongina olib ketishmaydi. Bu yerda “cho‘ntak manfaati” bor. Faqat shaxsiy manfaat uchungina sud va prokuratura qarorisiz odamlarni boshqa davlatlarga topshirib yuborishayapti. Milliy xavfsizlik xizmati jamoatchilik nazoratidan tashqarida bo‘lib qolmoqda, bu tuzilma xatto vatandoshlar arizalariga ham javob bermaydi. Maxsus xizmatlar amaliyot o‘tkizayotgan paytda ham qancha odamlarni ekstremist deb otib o‘ldirishdi. Ularning ekstremist ekaniga qanday dalil-isbotlar bor edi, deb so‘rasak javob berishmaydi. Milliy xavfsizlik xizmati bugungi kunda “monstr”ga aylangan tashkilotdir, -dedi Aziza Abdurasulova.

Bundan avvalroq uyg‘ur tadbirkorining yo‘qolishi yuzasidan Jalolobod viloyat militsiyasining 10-bo‘limi xodimi Bekjan Ajikulov qamoqqa olingan edi. U uyg‘ur tadbirkorini o‘g‘irlaganlikda gumonlangan. Biroq dastlabki tergovdan so‘ng u uy qamog‘iga chiqarilgan. Bunga uyg‘ur tadbirkori yo‘qolgan kuni Bekjan Ajikulov Jaloloboddan O‘shga bormagani va o‘z ish joyida bo‘lgani aniqlangani sabab qilib ko‘rsatildi.

Qirg‘izistonda bundan avvallari ham Xitoy bilan munosabatlar buzilmasligi uchun uyg‘urlarga o‘zgacharoq munosabatda bo‘lish holatlari kuzatilgan. Masalan, 2011 yil 4 fevralida Tursun Islomning “Xitoy dunyoga tahdid solmoqda” kitobini, 2014 yilning 9 iyunida Qoraxon Nur va Nurmuhammad Kenjievning “Men uyg‘urman” kitobini Qirg‘iziston hududida tarqatish taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG