Линклар

Jizzax viloyatida kanalizatsiya qazish ishlarini olib borayotgan ikki nafar ishchi tuproq ostida qolib o‘ldi. Mehnat xavfsizligini ta’minlamagan holda ishchilarni ishlatgani gumon qilinayotgan davlatga qarashli “Fayz” kommunal-qurilish shirkati rahbariyati bu yuzadan javobgarlikka tortilgan.

9 avgust kuni Jizzax shahrining Olmazor mahallasida kanalizatsiya uchun xandaq qazish paytida ikki ishchi ko‘chki tagida qolib o‘lgan.

Hodisa joyiga zudlik bilan etib kelgan qutqaruvchilar ishchilarning jasadlarini chuqurligi 5 metr bo‘lgan o‘pirilgan transheyadan chiqarib olgan.

Voqea guvohlari halok bo‘lganlar “Fayz” kommunal-qurilish shirkatiga yollangan, malakasi bo‘lmagan va texnika xavfsizligi qoidalarini bilmaydigan mardikor ishchilar bo‘lishganini aytishdi:

“Kanalizatsiya texnika xavfsizligi choralari ko‘rilmasdan qazilayotgan bo‘lgan. Oqibatda xandaq devorlari o‘pirilib, er ostida ishlayotgan ikki mardikorni tuproq bosib qoldi”, dedi ismi sir qolishini istagan jizzaxliklardan biri.

Hozirda Jizzaxda ishchilarning o‘limi yuzasidan shahar ichki ishlar boshqarmasi surishtiruv olib bormoqda.

“Fayz” kommunal-qurilish shirkatining texnika xavfsizligiga mas’ul rahbarlari javobgar sifatida so‘roqqa chaqirtirilmoqda.

Jizzax huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, o‘lgan yigitlardan birining ismi-sharifi aniqlangan va u 1978 yilda tug‘ilgan Begmonov Ixtiromdir.

Yana bir ishchining shaxsi hozircha aniqlanmagan.

Jizzax shahar Ichki ishlar boshqarmasi rasmiylari voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgani va prokuraturaga oshirilganini tasdiqlashdi.

Jizzaxdagi mas’uliyati cheklangan “Fayz” kommunal-qurilish shirkatidagilar surishtiruv davom etayotgani sabab hodisa yuzasidan izoh berolmasliklarini aytishdi.

Shirkat halok bo‘lganlarning oila-a’zolariga tovon puli to‘laydimi, degan savolga ham shirkat rahbariyatidan aniq javob bo‘lmadi.

O‘zbekistoda mardikorlarning mehnat haqi ancha arzon. Shuning uchun ham mahalliy ish beruvchilar arzon ishchi kuchi bo‘lgan mardikorlarni yollashni afzal ko‘radi.

Texnika xavfsizligi qoidalarini bilman ishchilarning ishga yollanishi sabab esa baxtsiz hodisalar ro‘y beradi.

O‘tgan yili O‘zbekistondagi Bekobod tsement zavodida ikki ishchini tuproq bosib qolgan edi.

Undan oldin Toshkent viloyati Ohangaron tumanining Ko‘chbuloq qishlog‘i yaqinida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining tashlandiq konidagi portlash oqibatida o‘nlab odam tog‘ tagida qolib ketgan edi.

XS
SM
MD
LG