Линклар

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi “Islomiy davlat” terror guruhiga aloqadorlikda ayblangan 5 kishi, jumladan, bir ayolni 10 yildan 13 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qildi. Sudlanuvchilardan ikki nafari IShIDga odam yollashda, uch nafari esa jihodga ketishni rejalaganlikda aybdor deb topildi.

Bekchitaev boshchiligidagi guruh

Mahkama jarayonida aniqlanishicha, ushbu guruh tashkilotchilaridan biri samarqandlik 23 yashar Ikrom Abdusattorov qalbaki hujjatlar tayyorlash va odamlarni Moskva orqali Suriyaga jo‘natishga bosh-qosh bo‘lgan. Bu haqda mahalliy nashrlar, jumladan, Podrobno.uz sayti Samarqand viloyat sudiga tayanib xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, yollangan odamlar “Moskva- Sochi- Istanbul- Suriya” yo‘nalishi bo‘yicha jihodga jo‘natilgan.

Samarqandda Suriyaga odam yollashga asosan, 55 yashar Ruslan Bekchitaev boshchilik qilgani aniqlangan. Avval uch marta sudlangani aytilayotgan Bekchitaev juma namozlaridan so‘ng hamyurtlarini yig‘ib, ularni jihodga undab, IShID safiga qo‘shilishga chaqirib kelgani aytiladi sud hukmida.

Bekchitaev vositachiligida jihodga ketishni istovchilar Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam “Islomiy davlat” jangarilari bilan aloqa o‘rnatib kelgani aniqlangan.

Guruh a’zolari O‘zbekiston va Rossiya maxsus xizmati hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida qo‘lga olingan.

Podrobno.uz saytining Samarqand sudidagi manbaga tayanib yozishicha, guruh a’zolari Moskvada nafaqat samarqandliklar balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan ham odamlarni Suriyaga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelishgan. Faqat guruh jami nechta kishini jihodga jo‘natgani ochiqlanmagan.

O‘zbek MXXsi qo‘lga olingan guruh a’zolari uyidan ekstremistik adabiyotlarni topishgan. Guruh a’zolarining Internet yozishmalarida Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda islomiy davlat barpo qilish rejalangani aks etgani aytilayapti.

Bekchitaev va Abdusattorovdan tashqari yana uch kishi hibsga olingan. Samarqandlik Elbek Rizaev, Shamshir Musaev va Dilorom Yorqulova Suriyaga ketayotgan payti Sochi aeroportida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

Sud besh kishining hammasini IShIDga aloqadorlikda aybdor deb topib, ularga o‘n yildan o‘n uch yilgacha qamoq jazosi tayinlagan.

5 oyda IShID bilan bog‘liq 4 mahkama

Bu keyingi besh oy ichida IShID bilan bog‘liq O‘zbekistondagi to‘rtinchi mahkama (Ozodlikka ma’lum bo‘lgan)dir.

O‘tgan oy Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi “Islomiy davlat” terror guruhi safiga qo‘shilish uchun Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan 7 shaxsni besh yildan to‘qqiz yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qildi. Mamayusuf Mahmudov boshchiligidagi ushbu guruh a’zolari Rossiyaga ishlashga borib, Odnoklassniki tarmog‘i orqali ishidchilar bilan aloqa o‘rnatish va jihodga ketishni rejalaganlikda ayblandi.

Iyun oyi boshida Samarqand viloyati sudi Suriyaga ketib “Islomiy davlat” ekstremist guruhiga qo‘shilishni rejalagani aytilayotgan 6 shaxsni olti yildan to‘qqiz yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan maxrum qilish haqida hukm chiqardi.Payariq tumanidan bo‘lgan besh erkak va bir ayol viloyatda radikal islomiy g‘oyalarni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanganlikda aybdor deb topildi. Ular “Islomiy davlat” ekstremist guruhi saflariga qo‘shilish uchun Suriyaga ketishga uringan paytda qo‘lga olingan.

Aprelь oyida Namangan shahridagi akademik litsey o‘quvchisi ham IShIDga qo‘shilishga urinishda ayblanib, ozodlikdan mahrum qilingan. Namangan viloyat huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, ushbu o‘smir Odnoklassniki orqali “Islomiy davlat” jangarilari bilan aloqa o‘rnatgan.

Qamalgan ishidchilar soni kun sayin ko‘paymoqda

Turli taxminlarga ko‘ra¸ hozirda Suriya va Iroqdagi turli jihodchi guruhlar safida 500 dan 3000 ming nafarga qadar o‘zbekistonlik bor. Ular aksarining Rossiyada turli ijtimoiy tarmoqlar vositasida jihodchilikka yollangani aytiladi.

Joriy yil boshidan buyon Rossiya va Turkiyada Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan o‘nlab o‘zbekistonliklar hibsga olindi. May oyida AQShda IShIDga aloqadorlikda ayblanayotgan oltinchi o‘zbekistonlik qo‘lga olindi

Huquq faollariga ko‘ra¸ so‘nggi 8 oy ichida IShIDga aloqadorlik aybi bilan 200 dan oshiq odam hibsga olingan va ularning qamoqqa olinishiga aynan kompьyuter va mobil telefonidan ekstremistik mazmundagi diniy materiallar topilgani asos bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG