Линклар

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi nashri bo‘lgan “Najot” gazetasi bosh muharriri Hikmatullo Sayfullozodaning sog‘lig‘i kundan kunga yomonlashib borayapti. Bu haqda bayonot tarqatgan “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti tojik rasmiylarini mahbus Sayfullozodaga dori-darmon va tibbiy yordam olish imkoniyatini yaratib berishga chaqirgan.

Qarorgohi Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkilotining 12 avgust kuni tarqatgan ma’lumotiga ko‘ra, “Najot” gazetasi bosh muharriri Hikmatullo Sayfullozoda tibbiy yordam haqidagi talabi rad etilganidan keyin hibsxonada ochlik e’lon qilgan. Tashkilotning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘limi rahbari Yoxann Bir bu haqda ularga Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi faollaridan biri ma’lum qilganini aytadi.

RSF vakili Yoxann Bir.

RSF vakili Yoxann Bir.

Shu yilning 2 iyun kuni Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining 13 nafar yuqori lavozimli a’zosi ustidan o‘tkazilgan yopiq mahkamada Sayfullozoda 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Tojik rasmiylari mazkur partiya 2015 yil sentyabridagi qurolli isyonni moliyalashtirganligi va davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringanligini iddao qilib keladilar. O‘z navbatida, Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi bu ayblovlarni rad etib keladi.

Sayfullozodaning rafiqasi Farog‘at opa Ozodlikning tojik xizmati bilan 12 avgust kuni bo‘lib o‘tgan suhbatda erining ochlik e’lon qilganiga oid ma’lumotni rad etgan. Uning aytishicha, u bir hafta avval turmush o‘rtog‘i bilan ko‘rishganda Hikmatullo aka faqat yuragi og‘riyotganini aytgan va kerakli dorilarni olib kelib berishni so‘ragan. Ayol ular faqat erini tezroq hibsxonadan koloniyaga o‘tkazishni so‘rayotganlarini, chunki hibsxonaning kichkina oynachalaridan havo o‘tishi qiyin bo‘lgani tufayli bu Sayfullozodaning yurak faoliyatiga salbiy ta’sir qilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Sayfullozodaning ahvoli og‘ir ekani haqidagi xabar Feysbuk tarmog‘i orqali tez tarqagan. Ayrim foydalanuvchilar partiya faoli dori-darmon ololmayotgani va qiynoqlar tufayli ochlik e’lon qilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilganlar.

Sayfullozodaning salomatchiligi haqida rasmiy ma’lumotga ega emasligini ta’kidlagan Tojikiston Mustaqil ommaviy axborot vositalari milliy uyushmasi rahbari Nuriddin Qarshiboev “Najot” gazetasi bosh muharririning taqdiri doim uning hamkasblari, ya’ni jurnalistlarning diqqat markazida bo‘lishi lozimligini aytgan.

Ayrimlar Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi sudlangan a’zolarining yaqinlari muhtamal bosimlardan qo‘rqib, ularga nisbatan ta’qib bo‘layotganini rad etayapti va bu haqda jurnalistlar bilan gaplashgisi kelmayapti, degan fikrdalar.

O‘tgan yil sentyabrida 40 kishi hayotiga zomin bo‘lgan general Nazarzoda hujumidan so‘ng Tojikiston Bosh prokuraturasi Islom uyg‘onish partiyasini bu isyonning homiysi va tashkilotchisi, deb atagan va suddan partiya faoliyatiga chek qo‘yishni so‘ragan. Sentyabr oyi oxirida Tojikiston Oliy sudi bu partiyani “terror tashkiloti” deya e’lon qilib, uning faoliyatini taqiqlagan. Partiya siyosiy kengashining 13 a’zosi ham o‘sha oyda hibsga olingan. Shu yil iyunida bo‘lib o‘tgan sudda partiyaning rais o‘rinbosarlari Saidumar Husayniy va Mahmadali Hayit umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan, boshqa 11 kishi esa 2 yildan 28 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan.

Ayni paytda xorijda bo‘lgan partiya rahbari Muhiddin Kabiriy bu ayblovlarni rad etgan hamda isyon Markaziy Osiyoda yagona islomiy partiyani taqiqlash uchun shunchaki bahona bo‘lganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG