Линклар

“GM Uzbekistan”ning dilerlik markazlari mashina sotib olish uchun shartnoma imzolagan xaridorlarga belgilangan muddatda na mashina berayapti, na to‘langan pulni qaytarayapti. Avtomobil narxining 85 foizini olti oy oldin to‘lab qo‘ygan xaridorlar mashinalarni olish uchun yana oylab kutishga majbur bo‘lmoqda.

Poytaxtdagi “Driver’s Village” dilerlik markazining mijozlaridan biri, Ozodlik bilan suhbatda oldi-sotti shartnomasi deyarli 5 oy oldin bekor qilinganiga qaramay hali ham avans pulini qaytarib olmaganini bildirdi.

Dilerlik markazi bilan shartnoma imzolab uzoq muddat kutgan boshqa xaridorlarning aytishicha, kutish davomida kutilmagan burilishlar ham yuz berib turadi. Ulardan eng jiddiysi shartnomada kelishilgan model narxining birdan oshib ketishidir.

Bu holatda mashina bahosining 85 foizini avans sifatida to‘lagan mijozlar “yemagan somsasiga” qo‘shimcha narx to‘lashga majbur bo‘layotganidan shikoyat qilishadi.

Aynan shu muammo sababli ba’zilar mashinani sotib olmaslikka qaror qilmoqda va amalga oshirilgan to‘lov belgilangan tartibda qaytarib berilishini so‘rayapti.

Biroq, to‘langan pulni qaytarib olish hozirgi kunda deyarli imkonsizligi aytilayapti.

Ozodlik bilan bog‘lanib, ismi sir qolishini istagan toshkentlik erkakning aytishicha, maxsus dilerlik salonlaridan biri - “Driver’s Village” xodimlari unga “to‘langan pulni qaytarish hozirgi kunda muammoligini” bildirgan:

- Men 2015 yilning 21 yanvarida “GM”ning O‘zbekistondagi “Driver’s Village” dilerlik korxonasi bilan “Neksiya” rusumidagi avtomashinani sotib olish uchun shartnoma imzoladim va mashina bahosining 85 foizini avans tarzida to‘ladim. 2015 yilning 28 sentyabrida “Driver’s Village” xodimlaridan biri mashinaning qolgan 15 foiz hisob-kitobini amalga oshirib, avtomashinani olib ketish mumkinligini aytdi. Buni eshitganimdan so‘ng, mashinani sotib olishga hozirgi kunda sharoitim yo‘qligini aytdim va iloji bo‘lsa navbatdagi xaridorga mashinani bervorishni so‘radim. Biroq, “Driver’s Village”ning xodimi to‘langan to‘lovni hozirgi kunda qaytarish muammoligini va boshqa mijozlar to‘lovni 6 oylab qaytara olmasliklarini aytib o‘tdi. Bundan tashqari bu masalani “GM O‘zbekiston” hal etishini ma’lum qildi,- deydi toshkentlik suhbatdosh.

Boz ustiga, mashinadan voz kechib shartnomani bekor qilmoqchi bo‘lgan mijozlardan 5 foiz jarima undirmoqchilar¸ deydi suhbatdosh.

Uning fikricha, “Driver’s Village” dilerlik saloni bu kabi jarima to‘lovini so‘rashga haqi yo‘q.

U nusxasini Ozodlikka taqdim etgan “Driver’s Village” bilan imzolangan shartnomaning 5.4 bandida avtomashinaning narxi oshgan taqdirda xaridor shartnoma bekor qilinishini talab qilishi mumkinligi va xaridor 5 foiz jarima to‘lamay, avansni qaytarib olish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan.

Toshkentlik xaridorning bildirishicha, “deyarli olti oylik sarsonlikdan so‘ng”, “Driver’s Village” u bilan shartnomani bekor qilish to‘g‘risida kelishuv tuzgan va jarima to‘lovidan ozod qilgan.

“Driver’s Village” shartnomada avansni to‘liq qaytarishni o‘z zimmasiga olganiga qaramay, pulni mana besh oydan beri qaytargani yo‘q¸ deydi suhbatdosh:

- Deyarli 6 oy sarsonlikdan so‘ng, 2016 yilning 1 mart kuni “Driver’s Village” dilerlik saloni bilan ilgari tuzilgan shartnomani bekor qilish to‘g‘risida kelishuv tuzdik. Kelishuvning shartiga ko‘ra, xaridor jarima to‘lashdan ozod qilinadi. Kelishuv tuzilganiga deyarli 5 oy bo‘lsada, shu paytgacha to‘lagan pulimni ololmayapman¸ deydi mijoz.

Ozodlik suhbatlashgan ushbu xaridor “GM O‘zbekiston” rahbariyatiga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga va O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga yo‘llangan murojatlari natija bermaganini aytadi:

- Shu muammo yuzasidan 4 martda “GM O‘zbekiston”ning ishonch raqamiga murojat qildim. Undan so‘ng bir marotaba mansabdor shaxslar qabuliga kirib masalani hal etib berishlarini so‘radim. Biroq, “GM” “Otanga bor, onanga bor” degan tarzda meni sarson qildi. Ular “Driver’s Village” dilerlik saloni alohida yuridik shaxs ekanligini ta’kidlab, muammoni dilerning o‘zi hal etishi kerakligini aytishdi,- deydi suhbatdosh.

Unga ko‘ra, ayni paytda “Driver’s Village”ning xodimlari esa aksincha, masalani yechimi “GM O‘zbekiston”ga taaluqli ekanligini ta’kidlamoqda:

- Shu masala bo‘ycha men Bosh prokuror nomiga ikki marta ariza bilan murojat qildim. Murojatim Zangiota tumani prokurori Bobojonovga tushibdi. Prokuror Bobojonov bu masalani hal qilib bera olmasligini va sudga murojat qilishni bildirdi.

Undan keyin, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining rahbari nomiga ariza bilan murojat qildim. U yerda ham xuddi shu gap. Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish o‘rniga, eski bekor qilingan shartnomani shartlarini menga ilova qilib jo‘natibdi. Vaholanki, yana bir takrorlab o‘taman, bu shartnoma amaldan chiqarilgan va bekor qilingan. Yana bir narsaga hayronman. Nima uchun mani pul mablag‘imni ular shuncha ushlab turishi mumkin? Aslida bular mening pulimni aylantirmoqda va meni shunaqa ovoragarchilikga solyapti, deydi ismi sir qolishini so‘ragan toshkentlik.

Ozodlik “Driver’s Village” maxsus dilerlik saloni bilan bog‘landi, ammo idora rasmiylari vaziyatni izohlashdan bosh tortdi.

XS
SM
MD
LG