Линклар

Mirziyoev Karimov tayinlagan Toshkent viloyati hokimini tuman hokimi qilib qo‘ydi


Sodiq Abdullaev olti oy muqaddam Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlangan edi

Sodiq Abdullaev olti oy muqaddam Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlangan edi

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi Sodiq Abdullaev ayni viloyatning Yangiyo‘l tumani hokimi etib tayinladi. Sodiq Abdullaev atigi olti oy muqaddam, Prezident Islom Karimovning shaxsan o‘zi kiritgan taklif asosida, Toshkent viloyati rahbari sifatida ish boshlagandi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Sodiq Abullaev yangi vazifaga 12 avgust kuni tushlikdan keyin tayinlandi.

"Yangiyo‘l tumanida bosh vazir ishtirokida katta yig‘in bo‘lib o‘tdi. Ertalabdan katta yo‘llar to‘silib, soat 1230larda bosh vazir keldi. Bosh vazir kechga yaqin Yangiyo‘l tumani hokimi Ravshan Norbo‘taevni vazifasidan olib, uning o‘rniga viloyat hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Sodiq Abdullaevni qo‘ydi," dedi Ozodlik manbasi.

Bu xabarni Ozodlikka ham Toshkent viloyati va ham Yangiyo‘l tumani hokimliklari rasmiylari tasdiqlashdi.

Toshkent viloyati hokimligidagi mulozimning aytishicha, Sodiq Abdullaevning Yangiyo‘l tumani hokimi sifatida ish boshlashi ortidan uning o‘rniga ayni viloyat hokimining ma’muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Islom Ergashxo‘jaev tayinlangan.

Yangiyo‘l tumani hokimi Ravshan Norbo‘taev nima uchun ishdan olingani Ozodlikka aniq ma’lum emas.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, tuman hokimi vazifasidan bo‘shatilgan Ravshan Norbo‘taev ustidan “maxsus tekshiruv” boshlatilgan.

Yangiyo‘l tumani hokimligi mulozimi bu xabarni rad etdi.

"Bo‘lmagan gap. Odamlar gapiraveradi," dedi Yangiyo‘l tumani hokimligi mulozimi.

Sodiq Abdullaev Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida bor-yo‘g‘i olti oy ishladi.

4 fevral kuni Toshkent viloyati xalq deputatlarining navbatdan tashqari sessiyasida shaxsan Prezident Islom Karimovning tavsiyasi bilan Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi.

Islom Karimov raisligida o‘tgan mazkur sessiyada mahalliy xalqorasida “Gitler” laqabi bilan tanilgan general Ahmadjon Usmonov Toshkent viloyati hokimi vazifasidan ozod qilingandi.

Toshkent viloyati hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimining Ozodlikka aytishicha, prezident sobiq hokim Ahmadjon Usmonovning ish faoliyatini tanqid qilgan.

Mazkur sessiyadan ko‘p o‘tmay, Ahmadjon Usmonov “xizmat vakolatini suiiste’mol qilganlik, kadrlar tanlashda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yganlik va poraxo‘rlik" kabi jinoyatlarda gumonlanib, hibsga olindi.

59 yoshli Usmonov hozirda MXXning Toshkentdagi erto‘lasida so‘roq qilinmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Yangiyo‘l tumanining yangi hokimi o‘z ishini tumandagi fermerlar bilan uchrashuvdan boshlagan.

So‘nggi oylarda 160 mingga yaqin aholisi bo‘lgan Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani ommaviy axborot vositalari diqqat markaziga aylandi.

Ikki oy muqaddam O‘zbekistondagi barcha davlat telekanallari xalq orasida “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevga Chinoz va Yangiyo‘l tumanlaridan minglab odamlarning foizga pul bergani haqida maxsus ko‘rsatuv namoyish qilgandi.

XS
SM
MD
LG