Линклар

logo-print

Qirg‘izistonda Rossiya uyushtirgan qirg‘inni genotsid deb tan olish talab qilinmoqda


Qirg‘izistonda 1916 yil qurbonlarini xotirlash marosimlari 5 avgustdan boshlandi.

Qirg‘izistonda 1916 yil qurbonlarini xotirlash marosimlari 5 avgustdan boshlandi.

Qirg‘izistonda Markaziy Osiyodagi 1916 yil qonli voqelari qurbonlarini xotirlash tadbirlari 5 avgustda boshlanib, shu kungacha davom etmoqda. 1916 yil voqealarini xotirlash bo‘yicha tashkil etilgan hukumat komissiyasi va mustaqil komissiya o‘rtasida xotira tadbirlari boshlanganidan so‘ng ko‘plab kelishmovchililkar yuzaga chiqdi. Jumladan, mustaqil komissiya 1916 yil voqeasini Chor Rossiyasi tomonidan uyushtirilgan genotsid deb baholashni talab qilmoqda, hukumat komissiyasi esa bunga rozi bo‘lmayapti.

Chor Rossiyasi tomonidan 1916 yilda podsho Nikolay Ikkinchi siyoschatiga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olon ishtirokchilarining qirg‘in qilinganini xotirlash tadbirlaridagi kelishmovchiliklar mustaqil komissiya qirg‘in qurboni sifatida talqin qilinayotgan odamning hokini Bishkekdagi “Ata Beyit” memorialiga dafn qilishni talab qilgani, hukumat komissiyasi esa bunga ruxsat bermagani ortidan boshlandi.

- Bizni shu tarzda qirg‘in qilgani, manqurtlarga aylantirib qo‘ygani uchun Rossiya podsholigini qoralayman. Hukumat “Ata Beyit”da millionlagan so‘m sarflab 1916 yil qurbonlari xotirasiga yodgorlik o‘rnatayapti, lekin qirg‘in qurboni bo‘lgan bir odamning hokini ko‘mishga er bermayapti. Biz bu odamning hokini hukumatga topshirishga ishonmayapmiz. Chunki hukumat ekspertlari: “Bu odam qirg‘in qurboni emas, bu 25 yil avval ko‘chada o‘lib qolgan bomjning hoki”, degan xulosani ham chiqarib berishi mumkin. Shuning uchun uni o‘zimiz boshqa yerga dafn qilamiz, -dedi mustaqil komissiya vakili Azimbek Beknazarov.

Bahsga sabab bo‘lgan hok Chor Rossiyasi tomonidan 1916 yilda qirg‘in uyushtirlgan joylardan biridan topilgan edi. Qirg‘inni xotirlash bo‘yicha hukumat komissiyasi vakili Sultan Raev hukumat bu hokni “Ata Beyit”ga dafn qilishga qarshi emasligini, faqatgina avval ekspertiza o‘tkazishni talab qilayotganini aytdi:

-“Ata Beyit” muzey kompleksi hisoblanadi. Bu yerda hamma ish faqat hukumat qaroriga asosan amalga oshiriladi. Biz hok ekspertizadan o‘tkazilishini talab qildik, xolos. Bundan avval 1916 yil qirg‘ini qurbonlarining hoklari ko‘plab topilgan, lekin ular qaerdan topilgan bo‘lsa, o‘sha yerga dafn qilingan.bu masalada hech qanday bahslar ham yuzaga kelmagan, -dedi Sultan Raev.

Qirg‘iziston prezidentining 1916 yil voqealari qurbonlarini xotirlash bo‘yicha maxsus Farmonida qirg‘in qurbonlarining hokini topib, ularni musulmonchilik shartlariga rioya qilgan holda qayta dafn etishga ham ko‘rsatma berilgan. Buning uchun hukumat byudjetidan 45 ming dollar pul ajratilgan.

Huquq faoli Tursunbek Aqun jurnalistlarga hukumat komissiyasi va mustaqil komissiya 1916 yilgi qirg‘inga siyosiy baho berishda ham til topisha olmayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mustaqil komissiya qirg‘inni genotsid deb baholashni talab qilmoqda, hukumat komissiyasi esa bunga qarshilik qilayapti.

Joriy yilda Samarqand, Xo‘jand, Sirdaryo va Farg‘ona vodiysida, zamonaviy Qirg‘izistonning shimoliy viloyatlarida 1916 yilning 4 iyulida ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonlari va bu isyonlarning Chor Rossiyasi tomonidan ayovsiz bostirilganiga 100 yil to‘ldi. Tarixchilarga tayanilsa, qo‘zg‘olonlarni bostirish chog‘ida kamida 500 ming kishi qirib tashlangan.

Tarixiy hujjatlarda qo‘zg‘olonlarning asosiy qismi zamonaviy O‘zbekiston hududida bo‘lib o‘tgani aytiladi. 1916 yilning iyulida Samarqandda 25 ta, Sirdaryoda 20 ta, Farg‘ona vodiysida 86 ta qo‘zg‘olon ko‘tarilgan. Barcha isyonlar Rossiya qo‘shinlari tomonidan ayovsiz bostirilgan. Chor hukumati isyonlarni bostirish uchun 1916 yilning 17 iyulidan boshlab Turkiston o‘lkasida favqulodda harbiy holat joriy etishga majbur bo‘lgan.

Isyonchilarga qarshi 30 ming rus harbiysi pulemyot va zambaraklardan o‘q otgan. Yoz oxirlariga borib Samarqand, Sirdaryo viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysidagi isyonlar bostirilgan.

Biroq O‘zbekistonda 1916 yil voqealarining yuz yilligi xotirlanmayapti.

XS
SM
MD
LG