Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:37

Toshkent viloyatida “Ahmadboy piramidasi” kopiyalari ustidan taftish boshlandi


Ahmadboy ofisidan bir necha million dollar va milliardlab so‘m musodara qilindi.
Ahmadboy ofisidan bir necha million dollar va milliardlab so‘m musodara qilindi.

12 avgust kuni Yangiyo‘l tuman xalq deputatlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyatida hanuz faoliyat ko‘rsataëtgan “Ahmadboy piramidasi kopiya"larining javobgarlikka tortilishini aytgan.

Ayni majlisda bevosita ishtirok etganini iddao qilgan Ozodlik manbasining aytishicha¸ O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev “moliyaviy piramidalarga akaxonlik qilgan sobiq Yangiyo‘l hokimi va tuman militsiyasi boshlig‘ini javobgarlikka tortish masalasini qo‘ygan.

“Mirziyoev majlisda qatnashayotgan Zangiota va Yangiyo‘l tumanlari uchun biriktirilgan vakil¸ viloyat IIB boshlig‘i Boboxo‘jaev Aziz Ozodovichga qarab, "Ravshan Mamarasulovich (sobiq tuman hokimi) va tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Nurbek Safarovlarni javobgarlikka tortish kerak"¸ deb aytdi. Mirziëev gapirayotgan paytda bu uch kishi zalda tikka turib turishdi. Bosh vazir o‘shandan keyin moliyaviy piramida tuzgan Ahmadboy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa ham, unga akaxonlik qilganlar va Ahmadboy stilida biznes yuritilayotganlar bemalol yurganligini tanqid qildi”¸ deydi Ozodlik manbasi.

Toshkent viloyat hokimligidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸12 avgustdagi majlisdan keyin tuman hokimi vazifasidan bo‘shatilgan Ravshan Norbo‘taev va tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Nurbek Safarovlar ustidan “maxsus tekshiruv” boshlangan.

Manbaning yana ta’kidlashicha¸ Toshkent viloyatida “Baho marli” nomi bilan tanilgan tadbirkor Bahodir O‘rinboevga oid "Merkury leasing group" shirkatida ham taftish boshlangan.

Ozodlik tuman rasmiy idoralari mulozimlari bilan suhbat asnosida Zangiota tumanida ro‘yxatdan o‘tgan mazkur shirkat ustidan tekshiruvlar boshlanganini tasdiqladi.

Xususan¸ Toshkent viloyati Zangiota tumani soliq idorasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ bu shirkat ham odamlardan ustama foiz evaziga pul olish bilan shug‘ullanib kelgan.

“Merkury leasing group" shirkati Zangiota tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Hozir tekshiruv ketayapti. Rahbariyat bizni oldimizga moliyaviy qallobliklar bilan shug‘ullanayotgan shirkatlarni jiddiy tekshirish vazifasini qo‘ygan. “Merkury leasing group" shirkatida ham moliyaviy piramida alomatlari mavjudligi aniqlandi. Hozir tekshirish ketmoqda”¸ dedi soliq idorasi mulozimi.

Toshkent viloyati Chinoz tumanida moliyaviy piramida tuzganlikda ayblanayotgan Ahmadboy Tursunboev mol-mulki xatlanib, o‘zi hibsda qolayotgan bir paytda tumanda boshqa moliyaviy piramidalar faoliyati davom etayotgani haqida Ozodlik o‘z manbalariga tayanib xabar qilgan edi.

Ozodlikning Toshkent viloyati hokimligiga yaqin manbalari¸ joriy oyning birinchi haftasida Chinozda kattaligi jihatdan Ahmadboynikidan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi va aholi orasida To‘xtasinboy nomi bilan tanilgan tadbirkor ustidan ham tekshiruv boshlanganini bildirdi.

Ozodlik manbasining aytishicha¸ viloyatdagi aholidan pul oldi-berdi qilish bilan shug‘ullangan barcha shirkatlar nazoratga olingan:

“Ahmadboy uslubida ishlaydigan¸ ammo qamrovi kichik shirkatlar Chinozdan tashqari Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Bo‘ka, Quyichirchiq, Parkent, Yuqorichirchiq, tumanlarida ham borligi aniqlandi. Xalq orasida "Ahmadboy kopiyalari" deb ataladigan bu shirkatlarning hammasini IIB¸ prokuratura va soliq idorasi vakillaridan iborat qo‘shma guruh tekshirayapti”¸ dedi bu manba.

Ikki oy muqaddam O‘zbekistondagi barcha davlat telekanallari xalq orasida “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevga Chinoz va Yangiyo‘l tumanlaridan minglab odamning foizga pul bergani haqida maxsus ko‘rsatuv namoyish qildi.

Shundan keyin 160 mingga yaqin aholisi bo‘lgan Toshkent viloyatining bu ikki tumani¸ xususan¸ aholisining aksariyati moliyaviy piramida qurboniga aylangan Yangiyo‘l tumani ommaviy axborot vositalari diqqat-markaziga tushdi.

XS
SM
MD
LG