Линклар

Toshkentda mol go‘shti qimmatladi; rasmiylar buni inkor qilmoqda


Yunusobod dehqon bozoridagi go‘sht rastasi. 2016 yilning 15 avgusti.

Yunusobod dehqon bozoridagi go‘sht rastasi. 2016 yilning 15 avgusti.

Toshkentda mol go‘shti qimmatlab ketgani to‘g‘risida bir-biridan mustaqil ikki manbadan Ozodlikka yetib kelgan xabarni Yunusobod dehqon bozorida ishlaydigan qassoblardan biri tasdiqladi. Uning Ozodlikka aytishicha, mol go‘shti so‘nggi 10 kunda o‘rtacha 2 ming so‘mga qimmatlagan.

Yunusobod dehqon bozori ma’muriyati va “Toshbozorsavdo” assotsiatsiyasi mulozimlari mol go‘shti qimmatlaganiga oid bu ma’lumotlarni keskin rad etdi.

“Bugun Yunusoboddagi bozordan 34 ming so‘mga 1 kilo lahm go‘sht sotib oldim. “Kilosi 35 ming so‘m” degan joydan naqd pulga 34 mingga oldim. Terminali yo‘q ekan”, dedi toshkentlik yigit. U Yunusobod dehqon bozorining go‘sht rastasida olgan suratlarini ham Ozodlikka taqdim etdi.

Suratlarda go‘sht rastasining ba’zi qismlari, go‘sht ilgichlar bo‘sh ekanligi ko‘rinib turibdi. Vaziyatni mustaqil surishtirib ko‘rgan Ozodlik manbasining aytishicha, joylarning bo‘shligi bozorga tekshiruvchilar kelishi kutilayotgani uchun hujjatlari yetarli bo‘lmagan ba’zi qassoblarning ishga chiqmagani bilan izohlanmoqda.

Tilga olingan bozorda savdo qiluvchi qassoblardan birining Ozodlikka aytishicha, so‘nggi 10 kuni ichida mol go‘shti o‘rtacha 2 ming so‘mga qimmatlagan. “Mol go‘shtining tortilib qolishi bayram (Mustaqillik kuni – tahr.) munosabati bilan Toshkentga viloyatlardan mol kelishi cheklangani, chetdan ham mol kam kelayotgani bilan bog‘liq”, dedi qassob.

Vaziyatni tushuntirib berishini so‘rab, Ozodlik “Toshbozorsavdo” assotsiatsiyasi bilan bog‘landi. Tashkilotning o‘zini tanishtirmagan mulozimi Toshkentda, xususan, Yunusobod dehqon bozorida go‘sht qimmatlagani to‘g‘risida ma’lumotga ega emasligini bildirarkan, “Bozordan bizga operativniy danniylar keladi. Siz aytgan bozordan, masalan, 25 ming so‘mdan qimmat go‘sht yo‘q, degan ma’lumot kelgan”, dedi “Toshbozorsavdo” mulozimi. Uning aytishicha, “mol go‘shti tortilib qoldi”, “Toshkentga go‘sht kirib kelishi cheklandi”, degan gaplar ham mutlaqo asossizdir.

“Vazirlar Mahkamasining tegishli protokollari asosida savdo-sotiq tashkil qilingan, kilosi 20 ming so‘mdan ham go‘sht bor”, deb qo‘shimcha qildi mulozim.

Yunusobod dehqon bozori ma’muriyatining o‘zini tanishtirmagan xodimasi ham Ozodlik savollariga javob berarkan, bunday dedi:

“Bozorimizdagi tadbirkorlar rastalaridan tashqari maxsus rastalarda ham go‘sht sotilayapti. Yarmarkalar uyushtirilgan. Mol go‘shtimiz kilosi 20 ming so‘mdan 23 minggacha, qo‘y go‘shtimiz 21 mingdan 24 ming so‘mgacha. Siz aytganday, 34 ming, 35 ming so‘mdan go‘sht yo‘q bozorimizda. Tovuq go‘shti 12, 13 mingdan 11 ming so‘mgacha tushdi”, dedi Yunusobod dehqon bozori ma’muriyati vakili.

Go‘sht rastasidagi ba’zi savdo o‘rinlariga oid savolga javoban ma’muriyat vakili “Go‘sht juda ham ko‘p. Har kuni kelayapti go‘sht, viloyatlardan ham kelayapti”, dedi.

Bu gaplardan so‘ng Ozodlikning yana bir manbasi dushanba kuni Yunusobod dehqon bozorida bo‘lib, vaziyat bilan tanishdi.

“Narxlar haqiqatan ham ko‘tarilibdi. Bir qassob 33 ming, dedi mol go‘shtining bir kilosini. 35 ming deganlar ham bo‘ldi. Bu suyaksiz go‘sht. O‘zi umuman, Toshkent bo‘ylab go‘sht qimmatlayotgani sezilayapti”, dedi bozor-o‘charini odatda Qo‘yliq bozorida qiladigan manba.

Bozor rastalaridagi savdo o‘rinlarining to‘liq emasligini qassoblar kelayotgan bayram munosabati bilan xavfsizlik choralari kuchaytirilayotgani va viloyatlardan kelib ishlaydigan qassoblarning uyiga ketayotgani bilan izohlaganini aytdi, manba.

Qiyoslash uchun Farg‘ona shahridagi vaziyatni ham surishtirdik. Bir-biridan mustaqil ikki manbadan birining aytishicha, Farg‘onada keyingi kunlarda mol go‘shti 1000 so‘mga qimmatlagan. Ikkinchi manba bu ma’lumotni qisman tasdiqladi. “Ba’zi qassoblargina kilosi 25 ming so‘mlik go‘shtni keyingi kunlarda 26 ming so‘mga ko‘tarib oldi”, dedi Ozodlikning Farg‘onadagi manbasi.

O‘zbekiston poytaxtida go‘sht narxida sezilarli o‘zgarish bundan 20 kuncha oldin kuzatilgan edi. Ozodlik 26 iyulь kungi materialida Toshkent viloyatiga tutash Janubiy Qozog‘istonda chorva mollari orasida kuydirgi kasali tarqashi va kasallikning odamlarga yuqishi ortidan O‘zbekiston hukumati qo‘shni davlatlardan go‘sht va go‘sht mahsulotlari sotib olishni cheklagani, natijada bunday nazorat ortidan poytaxtda maxsus litsenziyasiz ishlab kelgan kushxonalar yopilgani, go‘sht narxi 2000 so‘mgacha qimmatlagani to‘g‘risida yozgan edi.

XS
SM
MD
LG