Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:39

Chechenistonda o‘zbek me’morlari tarxi asosida qurilayotgan masjid yil oxirida ishga tushadi


Grozniyda 8 yil muqaddam turkcha uslubda qurib bitkazilgan jome’ masjidiga Ahmad hoji Qodirov nomi berilgan.
Grozniyda 8 yil muqaddam turkcha uslubda qurib bitkazilgan jome’ masjidiga Ahmad hoji Qodirov nomi berilgan.

Joriy yil oxirida Chechenistonning Shali tumani markazida bir vaqtning o‘zida 20 ming kishi namoz o‘qishi mumkin bo‘lgan jome’ masjidi ishga tushadi. Prezident Ramzan Qodirov nomi bilan atalajak bu masjid me’moriy loyihasini o‘zbekistonlik arxitektorlar tayyorlagan.

Qurilishi 2012 yil dekabrida boshlangan jome’ masjidi “Mechet Stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilmoqda. Shirkat bosh direktori Amruddi Edilgiriev “Grozniy” teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida Ramzan Qodirov masjidining qurilishi to‘xtovsiz olib borilayotgani, quruvchilar hatto Ramazon oyida ham dam olmaganlarini aytgan.

Masjiddagi markaziy gumbaz balandligi 43 metrga etishi, to‘rt tomoni esa balandligi 63 metr keladigan minoralar bilan o‘ralishi aytilmoqda.

Checheniston nashrlariga ko‘ra, Shalidagi masjid dunyoda o‘xshashi yo‘q bo‘ladi. Ibodatxonaning ichi va tashi oq yunon marmari bilan bezaladi. Ich-tash chiroqlarini o‘rnatish ishi esa Italiya shirkatiga topshirilgan.

Tengsiz-timsolsiz deb aytilayotgan bu masjidning tarxini o‘zbekistonlik me’morlar chizgan. Shu vajdan masjidning gumbaz, peshtoq va ravoqlari O‘zbekistondagi ko‘hna me’moriy obidalar, masjidu maqbaralarni eslatadi. Eurasia Daily axborot agentligiga ko‘ra, jomening turkistoncha uslubda bunyod etilayotgani Chechenistonning O‘zbekistondagi tasavvuf markazlari bilan chambarchas aloqasini tamsil etadi.

Ramzan Qodirov nomidagi jome’​ masjidi.

Buxoro yaqinidagi Qasri Orifon qishlog‘ida Naqshbandiya tariqati peshvosi Muhammad bin Muhammad Buxoriy yoki xalq Bahouddin Naqshband deb biladigan piri komil mozoroti bor. Qodiriya (jahriya) tariqati peshvosi Abdulqodir Giloniy hazratlarining qabrlari ham Buxoroda. Chechenistonning marhum prezidenti va amaldagi davlat rahbari Ramzan Qodirovning otasi Ahmad hoji ham Qodiriya tariqatiga mansub bo‘lgan. Ramzanning o‘zi ham shu tariqat muridi bo‘lib hisoblanadi. Aytish joizki, Ichkeriyachechen respublikasining to‘ng‘ich prezidenti Johar Dudaev ham o‘zini Qodiriya tariqati mansubi deb bilgan. Dog‘iston va Checheniston musulmonlarining siyosiy va diniy rahbari Imom Shomil esa Naqshbandiya shayxi bo‘lgan.

Ramzan Qodirovning otasi Ahmad hoji Buxorodagi Mir Arab madrasasi va Toshkent Islom institutida tahsil olgan. U O‘zbekistonning sobiq muftiysi, marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni o‘ziga ustoz bilgan.

O‘zbekcha uslubda qurilayotgan Ramzan Qodirov nomidagi yangi masjid hozirdanoq namoz va zikr markaziga aylangan. Internetda bu masjidda Qodiriya mansublarining baland ovozda zikr tushayotgani aks etgan videolarni ko‘rish mumkin.

Arg‘undagi Aymani Qodirova nomidagi masjid.
Arg‘undagi Aymani Qodirova nomidagi masjid.

Chechenistonda mahobatli masjidlar avval ham qurilgan. Xususan, “Checheniston yuragi” deb ham yuritiladigan Ahmad hoji Qodirov nomidagi jome’ masjidi dunyodagi eng katta masjidlardan biri ekani iddao qilinadi. 2008 yil oktyabrida ochilgan bu masjid turkcha (Me’mor Sinon) uslubda qurilgan. Chechenistonning Arg‘un shahrida xay-tek uslubida qurilgan va ikki yil muqaddam ishga tushgan jomega esa Ramzanning onasi Aymani Qodirova nomi berilgan. Turk me’morlari tarxi bo‘yicha qurilgan va ayrim manbalarga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida 15 minggacha namozxonni sig‘dirishi mumkin bo‘lgan bu ultrazamonaviy masjid ham Qodiriya muridlari zikri bilan ochilgan.

Ahmad va Ramzan Qodirovlarning chechen tanqidchilari, xususan, Salafiya oqimi izdoshlari bu ibodatxonalar xurofot markaziga aylanganini iddao qilib keladilar. Tasavvufiy tariqatlarga amal qiluvchi so‘fiylar ibodat deb bilgan ayrim amallarni (xususan, qodiriya zikrini) ular bid’at va xurofot, deb hisoblaydilar.

XS
SM
MD
LG