Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:42

Novosibirskda migrantlarga haydovchi, baliqchi va tarjimon bo‘lib ishlash taqiqlandi


​Novosibirsk gubernatori iqtisodning bir qator sohasiga xorij fuqarolarini jalb qilishni taqiqlovchi hujjatni imzoladi. Mazkur hujjat ortidan novosibirsklik ish beruvchilarga taqiqlangan sohalarda ishlayotgan mehnat muhojirlarini tez orada bo‘shatish talabi qo‘yildi.

Novosibirsk gubernatori Vladimir Gorodetskiyning dushanba kuni viloyat hukumati rasmiy saytida e’lon qilingan qarorida muhojirlarga ishlash mumkin bo‘lmagan mehnat faoliyatining 16 turi ko‘rsatib o‘tilgan.

2016 yilda Novosibirsk viloyatidagi xo‘jalik yuritish sub’ektlariga patent asosida mehnat qiluvchi xorij vatandoshlarini jalb qilish taqiqlandi”, deyiladi qaror matnida.

Novosibirsk hukumati xorijliklarning yo‘lovchi transportini boshqarish, o‘rmonchilik, baliqchilik, ovchilik va foydali qazilmalar sohalarida ishlashiga taqiq qo‘ydi. Shuningdek, viloyatdagi mehnat muhojirlari moliya, huquq, buxgalteriya, audit bo‘yicha mutaxassis sifatida ishlay olmaydi, ularga hatto tarjimonlik yoki kotiblik qilish man etildi.

Novosibirsk viloyatidagi muhojirlarning bundan buyog‘iga bolalar bog‘chalari, maktablar, bolalar mehnat va istirohat lagerlarida hamda bolalar oziq-ovqatini ishlab chiqarish sohasida mehnat qilishi ham mumkin emas.

Ozodlik bog‘langan Novosibirsk viloyati hukumati rasmiy vakili Roman Kulakovskiy bu qaror sabablari ertaga uyushtirilajak maxsus matbuot anjumanida tushuntirilishini bildirdi:

- Bu masalada biror ortiqcha ma’lumot berishga haqqim yo‘q. 16 avgust kuni soat 14:00 Novosibirskda bu masalada jurnalistlar va boshqalar uchun maxsus matbuot anjumani o‘tkaziladi. O‘sha yerda barcha savollarga javob topiladi degan ishonchdaman, dedi Roman Kulakovskiy.

Hukumat qaroridan ma’lum bo‘lishicha, ko‘rsatilgan sohalarda faoliyat yuritayotgan ish beruvchi korxona va muassasalar kelgusi uch oy ichida migrantlar mehnatidan to‘liq voz kechishi zarur¸ aks holda ular jiddiy jarimaga tortiladi.

Gubernator qarori ortidan Ozodlik muxbiri bog‘langan Novosibirskdagi o‘zbek muhojirlari bu qarorning o‘zlari uchun mutlaq kutilmagan yangilik ekani¸ undan hatto xabarlari yo‘qligini bildirdi.

2015 yilda Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev mehnat muhojirlari uchun ishlashga ruxsat berilgan va berilmagan sohalarni belgilashni mintaqa rahbarlari ixtiyoriga topshirgan edi.

Novosibirsk Mehnat vazirligiga ko‘ra, 2015 yilda Novosibirsk viloyatida aholi o‘sishining 80 foizdan ortig‘i muhojirlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘tgan yili MDH davlatlaridan Novosibirsk viloyatiga 10 mingdan ziyod muhojir kelgan bo‘lib, ular aksarini O‘zbekiston, Tojikiston va ukrainaliklar tashkil etgan.

Ayni paytda, Rossiyaning ko‘plab mintaqa byudjetining¸ asosan¸ mehnat muhojirlaridan olinayotgan soliqlar hisobiga to‘layotgani aytilmoqda.

Rasmiy statistika ma’lumotlaridan Rossiya poytaxtida mehnat qilayotgan muhojirlar Moskva byudjetiga neft-gaz sohasidan ko‘proq daromad keltirayotgan va shahar byudjetiga 2016 yilning birinchi olti oyi davomida migrantlar solig‘idan 6,8 milliard rubl daromad tushgan.

XS
SM
MD
LG