Линклар

logo-print

Dushanba oqshomida 105 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi og‘ir atletikachilar musobaqasida o‘zbekistonlik shtangachi Ruslan Nuriddinov barcha raqiblarini ortda qoldirib, oltin medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

U dast ko‘tarishda 194 kg, siltab ko‘tarishda 237 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirib, Olimpiada chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.

Ruslan siltab ko‘tarishda Olimpiada rekordini yangilashni ham uddaladi. Bu borada avvalgi rekord (236 kg) Pekin Olimpiadasida belaruslik Andrey Aramnau tomonidan o‘rnatilgandi.

15 avgust kungi bellashuvda Ruslan Nuriddinov jami 431 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirib, 417 kg tosh ko‘targan armanistonlik Simon Martirosyan va 416 kg tosh ko‘targan qozog‘istonlik Aleksandr Zaychikovni ancha ortda qoldirib ketdi.

Ruslan Nuriddinov O‘zbekiston tarixida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan eng birinchi sportchidir. Bu muvaffaqiyatga u 2013 yil oktyabrida Polshada o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida erishgandi. Shundan so‘ng sportchiga “O‘zbekiston iftixori” unvoni berilgan.

Polshadagi musobaqadan so‘ng Ozodlikka bergan suhbatida Ruslan 2016 yilgi olimpiadada albatta muvaffaqiyatga erishishga ahd qilganini aytgandi.

- Umuman to‘xtash niyati yo‘q. Birinchi vazifam 2016 yili Rio-de-Janeyroga borish. Bu oldinga qo‘yilgan eng katta vazifa, - degandi Ruslan Nuriddinov.

O‘zbekistonlik pahlavon Ruslan bilan 2013 yilgi suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

Ruslan Nuriddinov 1991 yilning 24 noyabrida Andijon viloyatining Xonobod shahrida tug‘ilgan. Sportchi xalqaro maydondagi dastlabki g‘alabasini 2009 yili Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan va oltin medalga sazovor bo‘lgan.

2011 yili Fransiyadagi jahon chempionatida shtangani siltab ko‘tarishda Ruslan kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2012 yili Janubiy Koreyada o‘tgan Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan va London Olimpiadasida kuchli to‘rtlikdan joy olgan.

2013 yilgi jahon chempionatida esa u o‘z vazn toifasida eng kuchli sportchi ekanini isbotlagan.

Ruslan Nuriddinovning g‘alabasidan keyin O‘zbekiston delegatsiyasi medal jamg‘arish reytingida 25-o‘ringa ko‘tarildi. Shu kunda o‘zbek sportchilari hisobida 2 ta oltin va 4 ta bronza medali bor.

XS
SM
MD
LG