Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:00

Ukrainada ayirmachilar safida jang qilgan o‘zbekistonlik ushlandi


Aleksandr Brikin so‘roq davomida
Aleksandr Brikin so‘roq davomida

Ukraina Xavfsizlik xizmati Donbassda ukrainalik harbiylarni o‘qqa tutishda ishtirok etgan o‘zbekistonlikni qo‘lga oldi. Donetsk viloyat prokuraturasiga ko‘ra, 20 yashar toshkentlik ekani aytilayotgan shaxs Shirokino janglarida granatomyotchi bo‘lib xizmat qilgan.

Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) Donbassdagi Shirokino qishlog‘i atrofida ukrain askarlarini o‘qqa tutganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston vatandoshini hibsga oldi.

Donetsk viloyat prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Tatyana Pavlenkoning Ozodlikka bildirishicha, Rossiyadan kirib kelgan bu shaxs tan olinmagan “Donetsk Xalq Respublikasi” ayirmachilari tarkibida granatomyotchi bo‘lib xizmat qilgani to‘g‘risida inkor etib bo‘lmas ma’lumotlar olingan.

- Tergov davomida aniqlandiki, 1996 yilda Toshkentda tug‘ilgan, Rossiyaning Kaluga viloyatida qaydda turgan O‘zbekiston vatandoshi 2014 yilning dekabrida “DNR” terrorchi guruhlar qatoriga ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan. 2014 yilning dekabridan 2015 yilning may oyiga qadar 20 yoshli jangari “DNR” terrorchi tashkilotining Mudofaa vazirligi tarkibidagi 1 harbiy korpusi, 9Maxsus motoo‘qchi polkning 1 batalyoni tarkibida granatomyotchi bo‘lgan. Bu bo‘linma Donetsk viloyati, Novoazov tumani Shirokino qishlog‘ida joylashgan.Rus millatiga mansub bu shaxs noqonuniy harbiy tuzilmalar tarkibida bo‘la turib, turli qurol-yaroqdan Ukraina Qurolli kuchlari tomon otgan, dedi Tatyana Pavlenko.

Ukraina Xavfsizlik xizmati o‘zbekistonlik yigitning “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida uning janglarda bevosita ishtirok etganiga oid fotosuratlar topilganini bildirdi.

SBUning rasmiy saytida paydo bo‘lgan videoda o‘zini “Brikin Aleksandr Vitalyevich” deb tanishtirgan yigit 1996 yilning 8 avgustida O‘zbekistonda tug‘ilgani, DNR harbiy qismlari tarkibida “Strelok” laqabi bilan jang qilganini gapirib berayotganini ko‘rish mumkin.

So‘roq davomida u Donbassga kelgani sabablarini bunday tushuntirib berdi:

- Pozivnoyim “Strelok”. Ko‘rsatilgan bo‘linmaga men 2014 yilning dekabrida bir tanishim taklifi bilan biroz pul ishlash maqsadida qo‘shildim. 2015 yilning 25 fevralida jang harakatlarida ishtirok etish maqsadida men o‘z ixtiyorim bilan yuqorida aytilgan harbiy batalyonga o‘tkazildim. 1 batalyonda men “Maloy” pozivnoyiga ega shaxs qo‘l ostida xizmat qildim, bir necha bor Ukrainaning ATO jangchilari bilan jang qildim. Men bilan birga bu bo‘linmada asosan MDHdan bo‘lgan turli millat vakillari ham xizmat qilishdi. Men, shuningdek, Ukraina pasportiga ega bo‘lish maqsadida blokpostlardan o‘tib mamlakatga kirib bordim, dedi Aleksandr Brikin.

O‘z murojaati yakunida sobiq “dnrchi” sheriklarini Ukraina harbiylariga qarshilik qilmaslik va taslim bo‘lmoqqa chaqirdi.

O‘zbekistonlik Baxtiyor - Severskda ayirmachilar safida bo‘lgan
O‘zbekistonlik Baxtiyor - Severskda ayirmachilar safida bo‘lgan

Aniqlanishicha, o‘zbekistonlik 13 avgust kuni ayirmachilar safidan qochib, blokpostlarni aylanib o‘tib, Mariupol shahriga kirib kelganida maxsus xizmatlar tomonidan qo‘lga tushirilgan. Unga jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotgani bildirilgan va hozirda ehtiyot chorasi o‘laroq uni hibsda saqlash masalasi hal etilmoqda.

Toshkentlik Aleksandr Brikinga qarshi Ukraina Jinoyat Kodeksining 258-3 moddasi 1 qismi (terrorchilik tashkilotiga a’zolik) asosida jinoiy ish ochildi.

Shavkat Muhammad Ukraina qo‘shinlari safida xizmat qilgan
Shavkat Muhammad Ukraina qo‘shinlari safida xizmat qilgan

​Ozodlik Ukraina sharqidagi mojaroda ham rossiyaparast Lugansk va Donetsk respublikalari, ham Ukraina muntazam qo‘shinlari safida jang qilayotgan turli millat vakillari, jumladan o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar to‘g‘risida so‘zlagan edi.

Aytish joyizki, O‘zbekiston hukumati ham Ukraina sharqidagi janglarda qatnashgan vatandoshlari 10 yilgacha bo‘lgan muddatga qamoq jazosiga tortilishlari haqida ogohlantirgan edi.

Ayni paytda, rossiyaparast ayirmachilar va Ukraina harbiy qismlari boshqarayotgan chegara hududlarda otishmalar davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG