Линклар

Tojikiston janubida snaryad portlashi oqibatida bir kishi nobud bo‘ldi


"Mumirak" poligonida yaroqsizligi tufayli tashlab ketilgan zirhli jangovar mashina.

"Mumirak" poligonida yaroqsizligi tufayli tashlab ketilgan zirhli jangovar mashina.

Tojikistonning Xatlon viloyati Shamsiddin Shohin tumani Sho‘roobod jamoatiga qarashli Zulmobod qishlog‘ida behosdan portlagan snaryad bir kishi hayotiga zomin bo‘ldi, ikki kishini og‘ir yaraladi. Mahalliy aholi vakillari bu rossiyalik harbiylardan qolgan snaryad ekanini iddao qilmoqdalar.

Zulmobodda snaryad portlashi oqibatida shu qishloqda yashaydigan 28 yoshli Samixon Sharifov nobud bo‘ldi, yana ikki kishi og‘ir tan jarohati bilan kasalxona yetkazildi.

“Aziya-plyus” agentligining Tojikiston favqulodda vaziyatlar va fuqaroviy mudofaa qo‘mitasidagi o‘z manbasi so‘zlariga tayangan holda xabar qilishicha, 15 avgust kuni bu yerda mol boqib yurgan yigitlar BMP (Piyodalar jangovar mashinasi) snaryadini topib olib, unga tosh ota boshlaganlar. Pirovardida snaryad portlab, Samixon Sharifov voqea joyida jon bergan, 26 yoshli Sa’d Safarahmad va 15 yoshli Ma’ruf Saidahmad jarohat olganlar.

Shamsiddin Shohin tuman kasalxonasi bosh vrachi Madismon Saidov 16 avgust kuni Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda 15 yashar Ma’rufning ahvoli og‘irroq ekanini, jarrohlik amaliyotidan keyin o‘smir bir ko‘zi va bir qo‘lidan ayrilganini bildirdi.

- Ma’ruf Saidahmad eski snaryadni topib olib, uni toshga uribdi, natijada portlash sodir bo‘libdi. Hozir ikki jabrlanuvchining hayotini saqlab qolish uchun qo‘ldan kelgan barcha ishni qilayapmiz, - dedi Madismon Saidov.

Zulmobodlik Idigul Ozodlik bilan suhbatda bu mazkur hududda yashaydigan aholi rossiyalik harbiylardan qolgan snaryad va o‘q-doridan nobud bo‘lgani yoki jarohat olganiga oid birinchi holat emasligini aytdi. “Biroq so‘nggi yillarda bunaqa holatlar sodir bo‘lmay qo‘ygandi”, deya qo‘shimcha qildi zulmobodlik ayol.

- Ruslar Mumirakdan ketgunicha Darai Ob qishlog‘ida bir necha kishi snaryadlardan halok bo‘lgan. Hozir bu yerda rossiyalik harbiylar yo‘q, biroq portlamagan snaryadlar qolgan. Bolalar mol boqib yurgan paytlarda ularni topib olayaptilar va shunga o‘xshash voqealar sodir bo‘layapti, - dedi Idigul.

O‘tgan yil noyabrida Mo‘minobod tuman Balhobi jamoatiga qarashli Shulu’ qishlog‘ida snaryad portlashi oqibatida aka-uka Jamshed va Qurbon Nazarovlar nobud bo‘lgandi.

Oldin Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasi tasarrufida bo‘lgan “Mumirak” harbiy poligoni sobiq Sho‘roobod va Mo‘minobod tumanlari hududida joylashgan.

Avvalroq bu poligondan chiqqan snaryad portlashi oqibatida ikki bola halok bo‘lganidan keyin Ko‘lob prokuraturasi rossiyalik harbiylarga ogohlantirish yo‘llagan. Biroq Rossiyaning Tojikistondagi harbiy bazasi mas’ullari tojik rasmiylari va mahalliy aholi vakillarining bu snaryadlar ruslarga tegishli bo‘lganiga oid bu iddaosini asossiz, deb hisoblaydi.

Rus harbiylariga ko‘ra, bunday snaryadlar Tojikiston armiyasida ham bor va odamlar aynan o‘sha snaryadlarni topib olgan bo‘lishlari mumkin.

Rossiyalik harbiylar o‘tgan yili Ko‘lob hududini tark etganlar va hozirda Rudakiy tumanidagi Lohur poligonida erlashganlar.

XS
SM
MD
LG