Линклар

Moskvada tishi og‘rib qolgan andijonlik muhojir “Tez yordam” mashinasi haydovchisini pichoqlab qo‘yganlikda ayblanmoqda. Politsiyaga o‘zbek muhojiri "haydovchidan, shunchaki, tabletka so‘raganman” degan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Moskvaning g‘arbida “Tez yordam” mashinasi haydovchisiga pichoq bilan tashlangan 30 yashar o‘zbekistonlikka ustidan jinoyat ishi ochdi.

Hodisa 16 avgust tong sahar, soat 3:30 larda Moskvaning Veyernaya ko‘chasida sodir bo‘ldi.

Moskva shahrining Ochakovo-Matveevskoe tuman politsiya bo‘limiga mast holatda keltirilgan bu shaxs haydovchidan tish og‘riqqa dori so‘ragani va rad javobini olgach, uning ko‘kragina ikki marta pichoq urganini bildirishdi.

- Bu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib hodisa joyida 30 yashar O‘zbekiston vatandoshi hibsga olindi. U haydovchidan og‘riqni bosuvchi ukol qilishni so‘ragan va haydovchining ko‘kragiga pichoq bilan urgan. Jabrlanuvchi darhol ratsiya orqali yordam chaqirtirdi. U shahar klinika shifoxonalaridan biriga olib ketildi. Jinoyat quroli musodara qilindi, gumonlanuvchi hibsga olindi, dedi o‘zini tanishtirmagan Ochakovo-Matveevskoe tuman politsiya navbatchisi.

Shifoxonada 54 yoshli jabrdiyda Aleksey Makarevskiyga jarrohlik operatsiyasi qilindi. Qizig‘i, Makarevskiy haydovchilikka ishga kirishdan oldin o‘zi 20 yil politsiyada xizmat qilib, nafaqaga chiqqani ma’lum bo‘ldi.

Haydovchini davolayotgan Botkin shifoxonasi vrachi hozir uning hayotiga xavf yo‘qligini bildirib, dedi:

- Patsient o‘rta og‘ir ahvolda keltirildi. U pichoqlangan ekan. Zaruriy muolajaning barchasi qilindi. Pichoq qornini teshib o‘tib, ichki organlarga biroz zarar yetkazgan ekan, dedi jarroh Vladimir Berdin.

Andijon shahridan ekani aytilgan 30 yashar muhojir “Qasddan og‘ir tan jarohati etkazish” moddasi asosida javobgarlikka tortildi.

Ayni paytda, rus ommaviy axborot vositalarida “Mast holatda bo‘lgan narkoman “tez yordam” haydovchisini pichoqladi” qabilidagi xabarlar tezlik bilan tarqatildi. Moskva shahar politsiyasi o‘zbek muhojiri narkoman emasligi, u shunchaki mast holatda bo‘lganini ma’lum qilishdi.

Ismi oshkor etilmayotgan o‘zbekistonlik Moskvada oxirgi ikki yilda kvartira remonti bilan shug‘ullanib kelgani, bundan oldin biror marta ham politsiya bilan muammo bo‘lmaganini ma’lum qildi.

U hodisadan oldinroq sinfdosh o‘rtoqlari bilan spirtli ichimlik ichib, o‘ta mast bo‘lganini tergovchilarga gapirib berdi.

- Kunsevskaya metro oldida o‘rtoqlarim bilan uchrashib, aroq, pivo, kokteyl ichib o‘tirdik. Uchrashuvimizni yuvdik. Juda mast bo‘lib qoldim. Soat 1:30 larda u yerdan chiqib, pulim yo‘qligi sababli uyga piyoda ketdim. Birdan tishim og‘rib qoldi, yo‘lda turgan “Tez yordam”ni ko‘rib qoldim. Haydovchidan dori so‘radim, janjallashib qoldik. Qaerdan paydo bo‘lgan nojovka bilan biroz tirnab qo‘yibman... Men qochib ketganim yo‘q, nariroqda turgan boshqa “Tez yordam” mashinasini o‘zim chaqirtirib keldim. Keyin meni xodimlaringiz o‘sha yerda hibsga olishdi, deya tafsilotlarni gapirib berdi o‘zbek muhojiri.

Jinoyatda ayblanuvchi yigit O‘zbekistonda homilador ayoli qolganini ham aytdi.

Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi hodisa joyida tasvirga olingan kuzatuv kameralaridan yozuvlarni Ozodlikka taqdim etdi. Unda jinoyatning o‘zini aks ettiruvchi kadrlar yo‘q bo‘lsada, sport kiyimida bo‘lgan o‘zbekistonlik yigitning yaralangan haydovchi oldiga boshqa shifokorlarni chaqirtirib kelayotganini ko‘rish mumkin.

Hodisa joyiga yetib kelgan vrachlar muhojirga tish og‘rig‘ini qoldiruvchi Ketonal preparatini bergani va og‘riq qolgani ham ma’lum qilindi.

XS
SM
MD
LG