Линклар

Tojik rasmiylari matbuot ustidan nazoratni yanada kuchaytirdi


Tojikistonning avtoritar prezidenti Imomali Rahmon mart oyida Dushanbeda ikki telekanalni ochib bergandi.

Tojikistonning avtoritar prezidenti Imomali Rahmon mart oyida Dushanbeda ikki telekanalni ochib bergandi.

Tojikiston hukumati rasmiylarning ham davlat, ham xususiy telekanallarni nazorat qilish huquqini yanada mustahkamladi. Mamlakatda rasmiylar shundoq ham matbuotni qattiq nazorat qiladi.

Joriy haftada e’lon qilingan “televidenie va radio dasturlarini tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar” deb ataluvchi qonunda hukumat Davlat teleradio qo‘mitasi orqali “barcha televidenie va radio tarmoqlarini, ular kimga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar, tartibga solish va nazorat qilish huquqiga egadir”, deyiladi.

Tojik jurnalistlarini milliy manfaatlarni ilgari surishga chorlovchi mazkur qonundan maqsad “betaraf ma’lumot tarqatish” ekanligi aytilgan.

Ammo tanqidchilar yangi qonun Tojikiston avtoritar hukumatining matbuotni tsenzura qilishini yanada osonlashtirishini aytmoqdalar.

Britaniyadagi Ekseter universiteti tadqiqotchisi Edvard Lemon: “So‘z erkinligi nuqtai nazaridan bu salbiy o‘zgarishdir”, dedi.

Tojikistondagi voqealarni kuzatib kelayotgan Lemonning ta’kidlashicha, matbuot qonuni hukumatga “ma’lumot bo‘yicha monopoliya o‘rnatish hamda hamma narsa o‘z nazaridagi siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy haqiqatga mos kelishini ta’minlash huquqini beradi”.

Qonun muntazam ravishda yoritishni talab qiluvchi mavzular orasida milliy madaniyat, ta’lim hamda sog‘lom turmush tarzi kabi mavzular bor.

Ammo mazkur majburiy ko‘rsatmalar “hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniyat sohalari, qolaversa, san’at, ta’lim, ilm-fan hamda sport sohalaridagi siyosatini targ‘ib qilishni ham talab qiladi”, dedi Lemon.

Qonunda yozilishicha, televidenie va radio dasturlarni Televidenie va radio qo‘mitasiga kiruvchi San’at qo‘mitasi muntazam ravishda nazorat qilib turadi.

Tojikistonlik ayrim jurnalistlar San’at qo‘mitasini sovet davridagi “Glavlit”ga qiyoslashmoqda.

Xabar sayti asoschisi Saymuddin Dustov qonunni “hukumat tomonidan yanada ko‘proq tsenzura”, deya qoraladi.

Dustov rasmiylarni yangi qonun matbuot erkinligi bo‘yicha qabul olingan qonunlarga zid ekanligini aytib, uni bekor qilishga chorladi.

Dushanbelik mustaqil matbuot tahlilchisi Zafar Abdulloev qonun ko‘p narsani o‘zgartirmasligini, chunki hukumat tsenzurasi shundoq ham chuqur ildiz otganini ta’kidladi.

Tojikiston hukumati matbuot erkinligini cheklab, mustaqil nashriyotlarni siquvga olgani uchun keskin tanqid qilib kelinadi.

Freedom House tashkiloti muntazam ravishda Tojikistonni matbuoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar qatoriga qo‘shib keladi.

Farangiz Najibulla va Xiromon Baqozoda maqolasi

XS
SM
MD
LG