Линклар

O‘sh shahrida 17 avgustga o‘tar kechasi yuz nafarga yaqin yoshlarning mushtlashuvi paytida o‘q otildi. Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q. Militsiya voqea o‘rganilayotganini aytmoqda. O‘shliklarga ko‘ra, bu kabi ommaviy mushtlashuvlar so‘nggi kunlarda tez-tez sodir etilmoqda.

O‘sh shahrining Qurmonjon Dotho mavzesida mushtlashuv tungi soat 11-12larchamasi boshlangan. Voqea chog‘ida o‘sha hudud yashovchilarining aksariyati qo‘rqqanidan uy chiroqlarini o‘chirib olgan.

​- Uyga ertaroq kirib uxlab qolgandim. Kuyovim kelishi kerak edi, eshikni qulflamagandim. Bir payt baqir-chaqir bo‘lib ketti. Derazadan qarasam juda ko‘p yigitlar mushtlashayapti. Bir qancha yigit bizning pod’ezdga yugirib kirdi. Eshikni arang qulflab oldim. Hamma eshikni taqqilatib, ochmoqchi bo‘lishdi. Menimcha, berigi yigitlardan qochib berkinmoqchi bo‘lishdi. Qo‘rqqanimizdan svet, televizorni o‘chirib qo‘ydik. Oradan yarim soatcha vaqt o‘tganidan keyin tarqalib ketishdi, -deydi voqea joyida istiqomat qiluvchi Nazgul.

Voqeaga guvoh bo‘lgan Aybekning aytishicha, yigitlarning qo‘lida tayoq, temir bo‘lgan:

- Kechki 11larda biz do‘konni yopayotgan edik. “Narodniy” do‘koni tomonda yuzga yaqin yigitlar mushtlashib ketdi. Ko‘pining qo‘lida tayoq bor edi. Ayrimlarining qo‘lida temirdan yasalgan, uchi mixli dubinka, armaturalar bor ekan. Ular bir - birlarini quvlab yurishdi. Keyin ikki-uch marta o‘q ovozi eshitildi. Qurmonjon Dotho bilan Qulatov mavzelari shunday qo‘rqinchli hisoblanadi. Bu ikki mavzeda tinimsiz shu kabi mushtlashuvlar bo‘lib turadi, -deydi Aybek.

Isanov ko‘chasidagi do‘konlardan birida savdo qiluvchi Aygүl Samatova ham mushtlashgan yigitlarning orasida qurollanganlarni ko‘rganini aytadi. Unga ko‘ra, ikki-uch marta o‘q otilgan.

- “Ushla” deb baqirishayotgandi. Yigitlar ko‘payganda men bolalarim tomonga yugurdim. Keyin nima bo‘lganini bilmayman. Biroq avtomat ko‘targan bir bolani ko‘rdim. Qurolini bo‘yniga osib olib, bemalol u er, bu yerga qarab yurgan edi. Biroz vaqt o‘tganidan keyin o‘q ovozlari eshitildi. Biz yana “O‘sh voqealari” boshlanib ketdimi yoki boshqa janjal boshlandimi, deb qo‘rqib ketdik,- deydi Aygul Samatova.

Ayni paytda O‘sh shahar kuch tizimlari voqea faqat yosh bolalarning kelishmovchiligi bo‘lishi mumkin ekanini, bu voqea jiddiy vahimaga sabab bo‘lishi mumkin emasligini bildirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra mushtlashuv ishtirokchilari 18-23 yoshli yigitlar bo‘lgan.

- Voqea bo‘lgan vaqtda bizning xizmatga 10 ga yaqin telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lgan. “Qurmonjon Dodho mavzesida bolalar yig‘ilayapti. Qo‘llarida tayoq bor, janjal bo‘layapti”, deb xabar qilishgan. Natijada patrul militsiyasining to‘rt ekipaji voqea joyiga borgan. Xodimlarimiz sirenani yoqib borgan paytda voqea joyida hech kim bo‘lmagan. Bolalar qochib ketgan. Hozir jinoiy tergov bo‘limi, hududiy nazoratchilar mazkur holat yuzasidan surishtiruv olib borayapti. Hozircha yigitlardan jabrlandik deb hech kim arzlanmadi. Shunday bo‘lsa ham bu intsident o‘rganiladi, -deydi O‘sh shahar IIB matbuot kotibi Zamir Sidikov.

Mutaxassislarga ko‘ra, O‘sh shahrida bu kabi ommaviy janjallarning birinchi bor kuzatilishi emas. O‘tgan yili ham bu kabi janjallar besh-olti marta kuzatilgan. Shundan kelib chiqib, O‘sh viloyat militsiyasining sobiq rahbari Abdilda Kaparov vaziyat ancha jiddiy ekanini aytdi:

- Shaharda bu kabi mushtlashuvlar ko‘p bo‘ladi. Mayda mushlashuv, katta mushtlashuv kun ora bo‘lib turadi. Hozir vaziyat juda og‘ir. O‘sh shahri hozir Sitsiliya kabi bo‘lib qolgan. Shaharni hozir banditlar boshqarayapti. Avtomat ko‘targanlar yuradi, har kimni to‘nab yuripti. To‘nalmagan tadbirkor qolmadi. Yuziga niqob taqib yoki niqobsiz ham joy-joylarda janjal chiqarib, birovlarni qo‘rqitib, to‘nab ketganlar undan ham ko‘p. Bunga kuch tizimlari hech qanday chora ko‘rolmayapti, - deydi Abdilda Kaparov.

Tahminiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi mushtlashuvda O‘sh shahridagi sport klubi yigitlari ishtirok etgan. Biroq hozircha guvohlar ham kuch tizimi xodimlari ham ma’lumotni tasdiqlagani yo‘q.

XS
SM
MD
LG