Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:24

Kosonsoyda o‘q otildi, o‘zbekistonlik militsioner Qirg‘izistonda hibs qilindi


O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi Kosonsoy suv ombori hududida 18 avgustga o‘tar kechasi o‘q otildi. Bir necha kun avval ayni shu hududda Kosonsoy tuman Ichki ishlar bo‘limi militsionerining Qirg‘iziston kuchishlatar tizimi xodimlari tomonidan “noqonuniy qurol olib yurish”da ayblanib qo‘lga olingani aytilmoqda.

Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Jenish Razzakovning mahalliy matbuotga bildirishicha¸ 17 avgust kuni soat 22 lar chamasida noma’lum shaxslar O‘zbekiston tomondan Qirg‘iziston chegarasiga yaqinlashgan va qirg‘iz chegarachilari ularni to‘xtatish uchun ogohlantiruv o‘ti ochishga majbur bo‘lgan.

Bishkek rasmiysi bu voqeani O‘zbekiston foydalanib kelayotgan Kosonsoy suv omboriga yaqin hududda otishma bo‘ldi¸ deb talqin etishga asos yo‘qligini ta’kidladi:

“Ular chegarachilarning ortga qaytish to‘g‘risidagi talablariga bo‘ysunmagan. Shundan so‘ng qirg‘iz chegarachilari osmonga qarata ogohlantiruvchi o‘q otgan. O‘q otilgach, noma’lum shaxslar qochib ketgan. Ularni quvib yetish va qo‘lga olish imkoni bo‘lmagan. Otishma bo‘lgani to‘g‘risidagi xabar esa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, dedi Jenish Razzakov.

Bosh vazir o‘rinbosari hozir Kosonsoy suv ombori va uning atrofidagi chegara hududida vaziyat tinch ekanini qo‘shimcha qildi.

Bu so‘nggi bir necha kun ichida Kosonsoy suv ombori atrofida yuz bergan ikkinchi hodisa bo‘ldi. Bundan avvalroq, 13 avgust kuni mazkur hududda O‘zbekistonning Namangan viloyati Kosonsoy tumani Ichki ishlar boshqarmasi militsioneri qirg‘iz kuchishlatar tuzilmalari tomonidan qo‘lga olingan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi hozircha bu ma’lumotni rasman tasdiqlashdan tiyilmoqda. Biroq Ozodlik radiosining Ichki ishlar vazirligidagi ishonchli manbasi, o‘zbek militsioneri Kosonsoy suv omborining o‘zbekistonliklar harakatlanishi mumkin bo‘lgan hududidan chiqib, Qirg‘iziston chegarasini noqonuniy buzib o‘tgan paytda qo‘lga olinganini aytdi.

“Qo‘lga olingan odam militsioner kiyimida emas edi.U qo‘lga olinib, tekshirilganida, uning yonidan jangovar to‘pponcha topilgan. U Qirg‘izistonning Olabuqa tuman militsiyasi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Bu odamni O‘zbekistonga topshirish to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazilayapti”, dedi manba.

Kosonsoy tuman Ichki ishlar bo‘limi va Namangan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi vakillari Ozodlik muxbiri bilan suhbatda o‘zbekistonlik militsioner qo‘lga olingani to‘g‘risida hech qanday ma’lumotga ega emasliklarini aytish bilan cheklandilar.

Kosonsoy tuman Ichki ishlar bo‘limining Ozodlik suhbatlashgan xodimlaridan biri bu ma’lumotni rad etmagan holda: “Bu haqda hech qanday ma’lumot bizda berilmaydi”, deb ma’lum qildi.

17 avgust kuni kechqurun O‘zbekistondagi ayrim internet nashrlarida Qirg‘iziston spetsnazi 13 avgust kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasining “Damba-5” deb ataluvchi hududida Kosonsoy suv omborini qo‘riqlayotgan militsiya xodimlariga qurol bilan tahdid qilgani to‘g‘risidagi xabar paydo bo‘ldi. Mazkur xabarda spetsnazchilar o‘zbek militsionerlaridan birini asir olib, Qirg‘izistonga olib ketgani xabar qilindi.

“Qirg‘iziston harbiylari suv ombori Qirg‘izistonga tegishli deb, uning hududiga o‘tishga intilgan. Militsiya xodimlaridan rad javobi olgach, militsionerlarni qo‘rqitish maqsadida avtomatdan erga o‘q uzgan”, deyiladi jumladan o‘zbek nashrlari "o‘z manbalariga tayanib" tarqatgan xabarda.

Qirg‘iziston Qurolli kuchlari bosh shtabi, Chegara xizmati va Ichki ishlar vazirligi o‘zbek-qirg‘iz chegarasining Kosonsoy hududidan o‘tuvchi qismida bunday voqea bo‘lganini inkor etdi va bu xabarlarni "dezinformatsiya" deb baholadi.

XS
SM
MD
LG