Линклар

logo-print

Sirdaryoda chaqaloqfurushlik qilgan guruh fosh etildi. Kompyuterxonalar egalariga nisbatan jazoni choralarini kuchaytirish so‘ralmoqda. Toshkentda “Iegova shohidlari” mansublari jarimaga tortildi.

Sirdaryoda chaqalog‘ini 800 dollarga pullagan ona 4 yilga kesildi

Sirdaryo viloyati Baxt shahar tug‘ruq kompleksida akusher-ginekolog bo‘lib ishlagan shifokor ayol chaqaloqfurushligi uchun mahkamaga tortildi (“Adolat ko‘zgusi”, 18 avgust). Ismi oshkor etilmagan shifokorga homilador ayol murojaat etib, tug‘ilajak chaqalog‘ini dunyoga keltirish va sotishda yordam so‘raydi. Shifokor va homilador ayol hali tug‘ilmagan chaqaloqni qoraqalpog‘istonlik ayolga 1000 dollarga sotishga kelishadi, ammo keyinroq mijozlar aynib, bolani olishdan bosh tortadi. Keyin esa sotib oluvchi ota-ona rolini o‘ynayotgan huquq-tartibot organi xodimlari shifokorga mijoz sifatida murojaat qiladi. Shu tariqa akusher va go‘dakning onasi bolani 800 dollarga sotayotganda qo‘lga olinadi. Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudi ikki jinoyatchi ayolni 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan.

Qonunga bepisand kompyuterxona xo‘jayinlariga qattiqroq chora ko‘rish taklif qilindi

Bolalarning vahshiylik, qonxo‘rlikka mayl uyg‘otuvchi o‘yinlarga mukkasidan ketishi ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda (“Oila va jamiyat”, 17 avgust). Gazetaga ko‘ra, mamlakat pedagoglari har qancha harakat qilmasin, bolalarni kompyuterxonalardan qaytarishga kuchi etmayapti. Shu bois O‘zbekiston qonunlariga bepisand kompьyuterxona xo‘jayinlariga qattiqroq chora ko‘rish kerak. Qayd etilishicha, kompьyuter o‘yinlarida muqaddas tushunchalar ham oyoqosti qilinmoqda. Masalan, “Jamoalar urushi” o‘yinida ishtirokchi turli kitoblarni oyoqosti qilish orqali keyingi bosqichlarga o‘tib boradi. Ishtirokchi toptab o‘tadigan kitoblardan biri Qur’oni karimdir.

Toshkentda “Iegova shohidlari” oqimi vakillari javobgarlikka tortildi

Toshkentlik fuqaro Nina Zadorkina uyida noqonuniy ravishda jamoa bo‘lib “Iegova shohidlari” oqimi adabiyotlarini mutolaa qilgani va saqlagani uchun jarimaga tortildi. “Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, N. Zadorkinaning uyida o‘tkazilgan reydda u to‘rt nafar maslakdoshi bilan “Iegova shohidlari” adabiyotlarini o‘qiyotgani ma’lum bo‘lgan, shuningdek, xonadondan 9 ta kitob, 4 ta daftar va 43 ta varaqa topilgan. Mehmonlardan biri S. Chertogovning uyidan ham kitob, varaqa va disk topilgan. Ma’lum qilinishicha, “Iegova shohidlari”ga oid adabiyotlardan Chirchiq shahridagi bino hududidagina foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lib, bu kitoblarni mamlakatning boshqa hududlarida tarqatish yoki saqlash man etiladi. Shu bois N. Zadorkina va uning to‘rt maslakdoshi sud hukmi bilan jarimaga tortilgan.

XS
SM
MD
LG