Линклар

Qirg‘izistonda hibsda qolayotgan o‘zbekistonlik militsionerga jinoyat ishi ochildi


2012 yilda Kososnsoy suv ombori hududida aksilterror o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan edi. suratda qirg‘iz harbiylari mashg‘ulot paytida, 2012 yil, 31 oktyabr

2012 yilda Kososnsoy suv ombori hududida aksilterror o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan edi. suratda qirg‘iz harbiylari mashg‘ulot paytida, 2012 yil, 31 oktyabr

Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Jenish Razzakov o‘zbekistonlik militsioner Qirg‘izistonda 13 avgustdan beri hibsda saqlanayotgani to‘g‘risidagi xabarni rasman tasdiqladi. 18 avgust kuni Ozodlik radiosi o‘z manbasiga tayangan holda Kosonsoy tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimi Kosonsoy suv ombori hududida qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar bergan, biroq qirg‘iz rasmiylari bu xabarni rasman tasdiqlashga shoshilmayotgan edi.

Payshanba kuni kechqurun Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati savollariga javob bergan Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Jenish Razzakov besh kun avval Kosonsoy suv ombori hududidao‘zbekistonlik militsiya xodimi qo‘lga olingani to‘g‘risidagi xabarni rasman tasdiqladi:

-O‘sha yerda qirg‘iz militsionerlari o‘zbek militsionerini quroli bilan qo‘lga tushirgan.Bu voqea yuzasidan bugungi kunda jinoyat ishi ochilib, tergov amaliyoti olib borilmoqda, - dedi Jenish Razzakov.

Ozodlik radiosining Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligidagi manbasi payshanba kuni qo‘lga olingan o‘zbekistonlik Olabuqa tuman tergov izolyatorida saqlanayotgani va uni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini aytgan edi.

Biroq Jenish Razzakov o‘z intervyusida bu masalaga to‘xtalmadi va tergov yakunlanganidan so‘ng aniq xulosalar qilinishini ta’kidladi.

17 avgust kuni O‘zbekiston matbuoti “o‘z ishonchli manbalariga tayangan holda” qirg‘iz spetsnazchilari 13 avgust kuni Kosonsoy suv ombori hududiga bostirib kirmoqchi bo‘lgani, uni qo‘riqlayotgan o‘zbek militsionerlariga qurol bilan tahdid qilgani va provakatsiya uyushtirib, bir kosonsoylik militsionerni o‘zlari bilan olib ketgani haqida xabar tarqatgan edi.

Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari o‘zbek matbuotida tarqatilgan xabarlarni “yolg‘on”, deb atadi.

-O‘zbekiston tomonning aytganlari to‘g‘ri emas. O‘zbek militsioneri Qirg‘iziston hududiga qurol bilan o‘tganidan so‘ng qo‘lga tushgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston tomoni mana shunday noto‘g‘ri ma’lumotni tarqatdi, deb hisoblayman, -dedi Jenish Razzakov.

Ozodlik muxbiri bo‘lib o‘tgan voqeaga munosabatni bilish uchun uchun Namangan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va Kosonsoy tuman Ichki ishlar boshqarmasiga ham murojaat qildi. Biroq mazkur ikki idora rasmiylari bu borada hech qanday ma’lumot berilmasligini aytdilar.

Eslatib o‘tamiz: O‘zbekistonda Kosonsoy, Qirg‘izistonda O‘rtato‘qay suv ombori deb ataladigan ob’ektdan Sho‘rolar davridan beri O‘zbekiston foydalanib keladi. Qirg‘iziston suv ombori va uning atrofidagi hudud o‘ziga tegishli ekanini bildirgan. Kosonsoy suv ombori atrofidagi joylar qirg‘iz harbiylari tomonidan nazorat qilinsa-da, suv omborini qo‘rqilash o‘zbek militsiyasi zimmasidadir.

Qirg‘iziston tomoni o‘zbek militsioneri Kosonsoy suv omborini qo‘riqlash uchun o‘zbek militsionerlariga ajratilgan hududdan chiqib, qirg‘iz chegarasini noqonuniy bosib o‘tganlikda ayblanib qo‘lga olinganini bildirmoqda.

Ayni paytda Toshkent Kosonsoy suv ombori O‘zbekistonga tegishli ekanini, bu ob’ekt to‘lig‘icha Toshkent ixtiyoriga o‘tkazilishi shartligini talab qilib keladi.

XS
SM
MD
LG