Линклар

Qashqadaryoda ish o‘rni yaratishda qo‘shib yozishlar aniqlandi. Samarqandda 16 yashar o‘smirga yanglish tashxis qo‘ygan shifokorlar uzr so‘rashdan bosh tortdi.“Mushtum” Ahmadboyga aqcha bergan xonandalarga “musht tushirdi”. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Qashqadaryoda ish o‘rni yaratishda qo‘shib yozishlar aniqlandi

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish va ish o‘rinlarini yaratish borasida soxtakorlik va qo‘shib yozishlar aniqlandi (“Darakchi”, 18 avgust). Tuman bo‘yicha 791 ta holatda haqiqatda yaratilmagan ish o‘rinlari qo‘shib yozilgan, 250 dan ortiq kollej bitiruvchilari va xotin-qizlar ish bilan ta’minlangani haqida soxta hisobot berilgan. Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tuman bandlikka ko‘maklashish markazi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205- va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Samarqandlik shifokorlar 16 yoshli o‘smirga “yaqinda o‘ladi” deya xato tashxis qo‘ydi

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida faoliyat yurituvchi doktorlar Akbar Ubaydullaev va Nodira Aliqulova 16 yoshli Jaloliddin Ilhomovga yurak xastaligiga chalingan deya xato tashxis qo‘ydi va o‘smirga ochiq-oshkora ko‘p yashamasligini ma’lum qildi (“Mushtum”, 2016 yil 7-con). Mazkur hodisa qishloq xo‘jaligi va servis kollejida tahsil olayotgan J. Ilhomov harbiy chaqiruv uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tayotganda ro‘y bergan. Tushkunlikka tushgan o‘smir va uning yaqinlari Samarqand viloyati kardiologiya dispanserida qayta tekshiruvdan o‘tgan va alaloqibat J. Ilhomovning yuragi sog‘lom ekani, avvalgi tashxis payti kardiogramma chalkashtirib yuborilgani aniqlangan. O‘smirning onasi Matluba Begimqulovaning arziga ko‘ra, shifokorlar A. Ubaydullaev va N. Aliqulova uzr so‘rashdan ham bosh tortgan. “Meni bir narsa hayratlantiradi, nahotki oliygohlarda uzoq yillar o‘qib, shifokor degan shunday ulug‘ nom egasi bo‘lgan ayrim tibbiyotchilar o‘z qilmishidan zarracha uyalmasalar?”, deb yozadi M. Begimqulova.

XS
SM
MD
LG