Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 14:14

Turkiyada "gulanchilar ovi" nazoratdan chiqib ketdi


17 avgust kuni Turkiya bosh vaziri 38 ming mahbusni ozod qilish haqida “maxsus qaror” chiqardi. Ozod etilganlar orasida qotillik, jinsiy tajovuzkorlik yoki zo‘rlashda aybdor topilganlar yo‘q, ammo moliyaviy jinoyat bilan qamalganlar bor.

Turkiyaning limmo-lim to‘lgan qamoqxonalari hamda doimiylik tus olgan sud jarayonlari hukumatni yangi mahbuslarga joy bo‘shatish uchun har yili oldin qamalganlarni afv etishga majburlaydi. Turkiyada keyingi oy davomida 15 iyuldan 16 iyulga o‘tar kechasi amalga oshmay qolgan harbiy to‘ntarishni tashkillashtirishda ayblanayotgan Gulanga aloqadorlikda gumonlangan bir necha o‘n ming odam qo‘lga olindi. Shu sabab Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hukumati iloji boricha ko‘proq mahbusni afv etmoqchi.

Turkiya bo‘ylab Gulanni qo‘llashda ayblanayotgan minglab odam sudlanishini kutmoqda. Bu shaxslarga qamoqxonalarda joy bo‘shatish kerak.

Turkiya matbuotida “To‘ntarish uyushtirishga uringan fitnachilarga joy bo‘shatish uchun o‘g‘ri va jinoyatchilarni ozodlikka chiqaryapmizmi”? degan savol keng muhokama qilinmoqda.

Bu savolning javobi shak-shubhasiz “ha”dir.

Bugun har doimgidek Turkiyaning asosiy yangiliklarini kuzatdim. Quyida to‘ntarish urinishi bilan bog‘liq so‘nggi 24 soat ichida ro‘y bergan qo‘lga olishlar haqida qisqacha ma’lumot berilgan. Ro‘yxatga kurdlar isyoni bilan bog‘liq terror hujumlarini ham kiritdim:

Özgür Gündem gazetasining qo‘lga olingan 24 jurnalisti prokuror ofisiga jo‘natildi

- Turkiya janubi-sharqida joylashgan Bitlis shahriga yaqin qishloqda amalga oshirilgan terror hujumida to‘rt nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘ldi;

- Qo‘lga olingan o‘qituvchi Temirtoshning qaerdaligi noma’lum;

- “Maxus qaror”ga binoan 187 tadbirkor qo‘lga olinadi;

- Turkiya sharqidagi Van shahrida bomba hujumi: 3 odam o‘ldi, 73 odam jarohat oldi;

- Istanbul meri Qodir To‘pboshning kuyoviga qarshi aksil-Gulan amaliyoti;

- Milliy radio va televidenie qo‘mitasi Turkiya sharqidagi Elazig shahrida politsiya mahkamasiga qilingan hujumni yoritishni man qildi;

- Gulanga aloqadorlikda ayblanib qo‘lga olingan polkovnik o‘zini oqlashga urindi;

- Turkiya sharqidagi Elazig hokimi: uch politsiya hodimi o‘ldi, 146 odam jarohat oldi – 14 nafari jiddiy;

- Politsiya bo‘limidan 2360, qurolli kuchlardan 112 odamni haydash bo‘yicha “maxsus qaror”;

- 86 sudya va prokurorni qo‘lga olish rejalashtirilgan;

Bu hodisalarning barchasi bir kunda sodir bo‘ldi.

Hozirgi favqulodda vaziyatda prezident va bosh vazir chiqargan maxsus qarorlar qonun rolini o‘ynaydi.

Yuqoridagi ro‘yxat to‘liq emas. Keling, hozircha kurd isyoni bilan bog‘liq dahshatli terror hujumlarini yodimizdan chiqarib turamiz.

15 iyuldan beri tinimsiz amalga oshirilayotgan qo‘lga olishlarni muntazam kuzatib borishning iloji yo‘q. Buni faqat xavfsizlik xizmati agentliklari uddalay oladi. Jurnalistlar esa statistikanigina kuzatib bora oladi xolos.

Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘ntarish urinishidan beri 77 ming davlat idoralari xodimi ishdan chetlatildi, 5 minggi ishdan haydaldi, 19 minggi ushlandi, 11 mingdan oshig‘i qamoqqa olindi.

Aynan shu ma’luotlarga ko‘ra, chetlatilganlar soni yaqinda 100 mingga yetadi.

Prezident Erdo‘g‘on Gulanni qo‘llovchilar “hamma joyda borligi” haqida ogohlantirmoqda. Erdo‘g‘on turkiyaliklarni Gulanni qo‘llovchi har bir odam haqida prokuror va xavfsizlik xizmati xodimlariga xabar berishga chaqirmoqda.

Tabiiyki, 100 ming u yoqda tursin, 77 ming odamning hammasi qurollangan yoki to‘ntarish urinishini qo‘llagan bo‘lishi ehtimoldan xoli.

O‘tmishda Gulan haqida shunchaki ijobiy so‘zlagan odamlar ham rasmiylar qo‘liga topshirilmoqda. Ayrim hollarda hatto Gulanni qo‘llovchilarning do‘stlari ham qo‘lga olinayotganini aytishmoqda. Boshqa xabarlarga ko‘ra, ba’zilar bo‘shatilgan ish o‘rinlarini egallash uchun tanishlarini xavfsizlik xizmati xodimlariga “Gulanchi” deb ko‘rsatmoqda.

Minglab iddaolarni tekshirib chiqish bir necha yil talab qilishi mumkin. Sud jarayoni ochiq yoki adolatli bo‘lishiga esa hech kim kafolat bermaydi.

Ayblanayotganlar ishlaridan va mablag‘ manbalaridan ayrilmoqda. Oila a’zolari bilan birga hisoblaydigan bo‘lsak, Gulanga qarshi kurash jabrlanuvchilarining soni yarim million yoki undan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG