Линклар

logo-print

Rossiya fuqarosi Igor Gubanov iddaosicha, politsiya xodimlari uning ayolini politsiya mahkamasida zo‘rlagan. Yetmagandek, turmush o‘rtog‘i bu hol yuzasidan arzlansa, uni yolg‘on arz yozishda ayblashgan. Bunga javoban Gubanov namoyishkorona ikki barmog‘ini kesib tashlagan.

Gubanovning aytishicha, uning ayoli Salima Muhamedyanova yanvar oyida zo‘rlangan. Gubanov rasmiylardan bu hodisaning kuzatish kamerasi yozib olgan videosini e’lon qilishni talab qilmoqda. O‘z talablariga e’tibor qaratish uchun Gubanov 8 avgust kuni chap qo‘li jimjilog‘ini temir arra bilan kesib tashlagan.

Gubanov Ozodlik radiosining “Current time” dasturiga bergan intervьyusida “Mana bu arrani olib, qo‘limni vannaga qo‘ydim va barmog‘imni arralab tashladim. Qon, suyak bo‘lagini ko‘rdim. Ochig‘i, bu juda og‘riqli va yoqimsiz bo‘ldi”, dedi.

Gubanov kuzatish kamerasidagi video chiqarilmagunicha har dushanba bir barmog‘ini kesib tashlashini aytgan edi. 15 avgust kuni u va’dasidan chiqdi va chap qo‘lining to‘rtinchi barmog‘ini ham kesib tashladi.

Keyinroq Gubanov barmoqlarini kesishni to‘xtatib, endi adolat o‘rnatilishi uchun “yuridik” choralar ko‘rishini bildirdi.

Ko‘chalarni tozalab kun kechiruvchi Gubanov bu harakati bilan Rossiya rasmiylarini javobgarlikka tortishga urindi. Rossiyada politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingan shaxslarning qiynoqlarga solinishi juda keng tarqalgan. Dmitriy Medvedev Rossiya prezidenti o‘laroq 2008-2012 yillarda bu illatni ozaytirishni ko‘zlab amalga oshirgan sa’y-harakatlari natija bermadi.

Gubanov hamda Muhamedyanovani 26 yanvar kuni Magnitogorsk shahri politsiyasi qo‘shnilari bilan kelisha olishmaganidan keyin qo‘lga olgan. Politsiya xodimlari kichik qonunbuzarlik sodir etilganini qayd etib, juftlikni qo‘yib yuborishgan.

Lekin oradan ko‘p o‘tmay ularni biror sabab ko‘rsatmay yana qo‘lga olishgan. Gubanovning aytishicha, ikkinchi safar mahkamaga olib borishganidan keyin ayoli Muhamedyanovani politsiya xodimlari zo‘rlagan.

Gubanov unga yuridik hamda ruhiy ko‘mak ko‘rsatayotgan “Ijtimoiy verdikt” nodavlat tashkilotiga politsiya xodimlari unga sukut saqlashni buyurganini aytgan.

Juftlik ularning ortidan tushishlaridan qo‘rqib, Magnitogorsk shahrini tark etishgan hamda qo‘shni Boshqirdistonda rasmiy arz yozishgan.

“Ijtimoiy verdikt”ning bildirishicha, politsiya Muhamedyanova ishi bo‘yicha sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazgan, ammo bir vaqtning o‘zida Muhamedyanova, uning turmush o‘rtog‘i hamda advokatiga bosim o‘tkazgan. Keyinroq politsiya xodimlari Muhamedyanova ishini yopib, uni yolg‘on arz yozishda ayblashgan hamda unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘ashgan.

“Ijtimoiy verdikt” e’lon qilgan bildiruvda yozilishicha, Gubanov ikkinchi barmog‘ini kesib tashlaganidan keyin bunda namoyish qilishni bas qilishini bildirgan. “Bu qarorim ish qaytadan ko‘rib chiqilishi uchun kurashishdan to‘xtadim yoki ayolimga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilindi, degani emas”, degan Gubanov.

Gubanov politsiyadagi zo‘ravonlikka odamlar e’tiborini qaratishga muvaffaq bo‘lganini, endi o‘z maqsadlariga “yuridik yo‘llar orqali erishish” muhim ekanligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG