Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:40

Rossiya rasmiylari Dushanbedagi ko‘cha nomlari almashtirilishi yuzasidan tashvish izhor qildi


Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tojik rasmiylari Dushanbedagi ko‘chalar nomini o‘zgartirishda norozi “faxriylar” maslahatiga quloq tutishiga umid qilmoqda. Ayni paytda tojikistonlik mulozimlar sovet davridan yodgor ko‘cha nomlarini almashtirishning millatchilik bilan aloqasi yo‘qligini aytayotirlar.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Dushanbeda sovet davridan qolgan ko‘cha va shohko‘chalar nomlari o‘zgartirilayotgani yuzasidan tashvish izhor qildi. Vazirlik rasmiysi Mariya Zaxarovaning Moskvada o‘tgan matbuot anjumanida bildirishicha, avvallari bu ko‘chalar Ulug‘ Vatan urushi qahramonlari, sovet olimlari va madaniyat arboblari nomlari bilan atalgan. Zaxarova bu mavzu mahalliy matbuotda ham keng muhokama qilingani, ko‘chalarning nomlari almashtirilishiga mo‘’tabar kishilar e’tiroz bildirganlarini urg‘uladi.

- Men taniqli tarixchilar guruhi, faxriylar tashkilotlari vakillari va talabalar xalqimiz tarixining yorqin sahifasi bo‘lgan ko‘chalarning avvalgi nomlarini saqlab qolishni so‘raganlar. Shuning uchun rasmiylar taniqli shaxslar va faxriylar fikriga quloq tutadi, deb umid qilaman, - deya qo‘shimcha qildi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakilasi Mariya Zaxarova.

Dushanbe meriyasi va deputatlar kengashi yaqin orada Tojikiston poytaxtidagi qator ko‘chalar nomlarini almashtirishga chog‘lanayotgani haqida dastavval Rossiyaning “Izvestiya” nashri xabar tarqatdi. Xabarda, jumladan, avval urush qahramonlari deb qaraladigan Zoya Kosmedemьyanskaya, Aleksandr Matrosov va Nikolay Gastello nomlarini tashigan ko‘chalar endilikda boshqacha nomlanishi aytilgan va yana o‘n chog‘li ruscha nomdagi ko‘cha atalishi o‘zgarishi qo‘shimcha qilingan.

Shundan so‘ng rus saytlarida tojik rasmiylarining bu harakati millatchilik o‘laroq baholangan, “Tojikiston ham banderachi Ukraina tanlagan yo‘ldan ketayapti” kabi iddaolar aks etgan maqolalar paydo bo‘la boshladi.

Tojik diplomatlari rossiyalik hamkasblarining xavotiriga hali munosabat bildirganicha yo‘q. Ayni paytda Tojikiston Til va atamalar qo‘mitasi rahbariyati ko‘chalar nomlarining almashtirilishini “millatchilik” ko‘rinishi yoki sovet madaniyatini er bilan yakson etilishi, deb hisoblamaydi.

Qo‘mita rasmiysi Abdurahim Zulfoniyon 19 avgust kuni Ozodlikning tojik xizmatiga bergan intervyusida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakilasining Dushanbedagi ko‘chalar almashtirilishi yuzasidan bayonotini asossiz, deb atadi.

- Ko‘chalar nomlarining almashtirilishi mamlakat qonunchiligi asosida olib borilayapti. Buning millatchilikka aloqasi yo‘q, bil’aks bu tojik xalqi milliy qadriyatlarining tiklanishi alomati bo‘lib hisoblanadi, - dedi Abdurahim Zulfoniyon.

Til va atamalar qo‘mitasi rasmiysi ko‘chalarning avvalgi nomlarini saqlab qolish bo‘yicha hech qanaqa faxriy yoki talabalar guruhi murojaati haqida eshitmaganini, ularga bu borada hech qanday hujjat kelib tushmaganini ham qo‘shimcha qildi.

Tojikistonda ko‘cha, tuman, shahar va hatto viloyatlar nomlarini almashtirish jarayoni boshlanganiga 15 yildan ko‘p bo‘ldi. Bu vaqt ichida, deylik, Leninobod viloyati So‘g‘dga, Proletar tumani Jabbor Rasulovga, Kuybishev tumani Abdurahmon Jomiyga almashtirilgan.

Joy nomlarini tojikchalashtirish jarayonidan arabcha va turkcha nomlar ham bebahra qolmagan. Tojikiston prezidenti shu yil fevralida imzolagan hukumat qaroriga ko‘ra, Tavildara tumani Sangvorga, Jirg‘atol Laxshga, Jaloliddin Rumiy tumani Jaloliddin Balxiyga, Jiliko‘l Do‘stiga, Qumsangir Jayhunga, Qayroqqum Gulistonga, Chkalov Bo‘stonga, G‘onchi tumani Devashtichga o‘zgartirilgan.

XS
SM
MD
LG