Линклар

Toshkent AYOQShlarida benzin tushgacha tugab qolyapti, viloyatlarda esa umuman yo‘q


Andijonning Asaka tumanidagi AYOQShda benzinga navbat

Andijonning Asaka tumanidagi AYOQShda benzinga navbat

Toshkent shahri va mamlakatning barcha viloyatlarida benzin taqchilligi kun sayin keskinlashib bormoqda. Haydovchilar soatlab, ko‘p hollarda esa tun bo‘yi AYOQSh shoxobchalari oldida navbat kutayotganliklarini aytishmoqda. Ba’zi viloyatlarda esa AYOQShlarning birontasidan ham benzin topishning iloji bo‘lmayapti.

Andijonning Asaka tumanidagi avtomobilga yonilg‘i quyish shoxobchalarida mashina haydovchilari tunu-kun benzinga navbat kutib vaqtini o‘tkazmoqda.

- Benzin umuman yo‘q. Kechadan beri yotibmiz. Odamlar mashinalarini navbatga qo‘yib, kutib yotishibdi, benzindan darak yo‘q, - deydi andijonlik haydovchi.

Namangan viloyatida ham shu ahvol.

- Zapravkalardagilarni o‘zlari aytayapti, yaqin orada benzin bo‘lmas ekan. Mashinalaringni gazga o‘tkazaverlaring yoki garajga tiqib qo‘yaverlaring, deyapti. Gazga o‘tkazsak unga ham pul kerak, piyoda yurar ekanmiz-da, - deydi namanganlik haydovchi.

O‘zbekiston g‘arbidagi Xorazm viloyatida esa benzin asosan qo‘lda sotilmoqda, uni narxi uch ming so‘mdan oshib ketgan.

- Asosan qo‘lda olamiz. 3200 so‘m bo‘lib ketdi. Hozir ko‘pchilik benzin yo‘qligi uchun mashinalarini gazga o‘tkazyapti, - deydi urganchlik taksi haydovchisi.

Toshkent shahridagi aksar AYoQShlarda bir oydan beri benzin yo‘q.

Benzin taqchillashgani sababini shoxobcha xodimlari bazadan benzin kam berilayotgani bilan izohlashmoqda.

– O‘tgan hafta faqat uchta mashinada benzin berishgandi, u ham tugab bo‘ldi. Bu hafta umuman bazadan benzin berishmadi, - dedi Toshkentning “Rohat” ko‘li yaqinidagi AYoQSh xodimi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda AYoQShlarda benzin taqchillashishi odatiy holga aylandi.

“O‘zbekneftmahsulot” shirkatining Ozodlik bog‘langan mulozimi Toshkent va viloyatlarda benzin taqchilligini shunday izohlagandi.

- Endi mashina ko‘p, ko‘ryapsizku, har oyda o‘ttiz mingtadan mashina chiqyapti, yiliga yarim millionga yaqin mashina ko‘paymoqda. Hammasi benzin olavergandan keyin tugaydi-da. Bu o‘lchovli narsaku. Shunda ham Toshkentda ahvol yaxshi, bittasida bo‘lmasa boshqasida bor. Viloyatdagilar bir narsa desa tushinishimiz mumkin, - degan edi 7 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda “O‘zbekneftmahsulot” shirkati mulozimi.

Hozirda Toshkentda Ai-80 markali benzinning davlat belgilagan narxi 2070 so‘mdir.

Viloyatlarda esa benzin uch ming so‘mdan qimmatroq bo‘lgan tijoriy narxlarda sotiladi.

Poytaxt va viloyatlardagi benzin narxlaridagi bunday farq esa o‘z-o‘zidan benzin chayqovchiligini avj oldirmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar benzin va dizel yonilg‘ilari hosilni yig‘ib terib olishga safarbar etilishi natijasida avgust oyida shunday taqchillik yuzaga kelishini aytishadi.

XS
SM
MD
LG