Линклар

logo-print

Taniqli aktyor Matyoqub Matchonov MXXning "Gvardeysk" hibsxonasidan Toshturmaga o‘tkazildi


Taniqli aktyor Matyoqub Matchonov

Taniqli aktyor Matyoqub Matchonov

Toshkentda taniqli aktyor Matyoqub Matchonov ustidan 17 avgustga rejalangan mahkama qoldirilib, Matchonov ishi qayta tergovga jo‘natildi. Bu haqda Ozodlikka Toshkent shahar sudidagi manba bildirdi.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi mulozimi avval Olmazor tuman sudi hakami Berdi Qilichevga topshirilgan ish “mohiyatan iqtisodiy huquqbuzarlik bo‘lgani va boshqa holatlar inobatga olinib, qayta tergovga jo‘natilgani”ni ma’lum qildi.

Matyoqub Matchonov yaqinlari bilan suhbatlashgan Ozodlik manbasiga ko‘ra, mahbus MXX nazoratidagi hibsxonadan umumiy rejimdagi Toshturma hibsxonasiga ko‘chirilgan.

“Bu esa unga nisbatan jarayonning biroz yumshaganidan dalolatdir. Shu sababli Matyoqub akamiz tashqaridan peredacha oldi va yaqinlari bilan qisqa uchrashtirildi”, dedi Ozodlik manbasi.

60 yashar Matchonov va yana uch shaxs qator "moliyaviy-iqtisodiy" jinoyatlarda ayblanmoqda. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov 4 iyulda MXX xodimlari tomonidan hibsga olingan edi.

Matchonov ishi jamoatchilikka oshkor bo‘lganidan so‘ng unga yuqori martabali MXX va prokuratura mulozimlarining munosabati o‘zgargan:

“Jamoatchilik Matyoqub Matchonov hibsga olinganidan tashvishga tushdi. Teatr arboblari o‘z safdoshlari himoyasiga chiqdi. Matchonovning yaqinlari MXX raisiga shikoyat ariza yozdi. Ariza rezolyutsiya bilan pastga tushib Matchonov ishi yaxshi ma’noda nazoratga olindi. Endi bu ishni tuman sudi emas balki shahar sudi ko‘radigan bo‘ldi”¸ deydi suhbatdosh.

Shahar sudidagi Ozodlik manbasi Matchonov ishi shahar sudiga o‘tkazilganini tasdiqladi va mahkama jarayoni Mustaqillik bayramidan so‘ng o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Tergov ishidan xabardor Ozodlik manbalariga ko‘ra, 60 yashar Matchonov “soxta bankrotlik, savdo qoidalarini buzish va pul yuvish (ya’ni “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish”) kabi moliyaviy-iqtisodiy” jinoyatlarni sodir etishda ayblanmoqda:

“Matchonov firmasida soliqdan kamomad aniqlandi va katta miqdordagi bu kamomad davlatga qaytarildi.” deydi manba.

O‘zbekistonda prezident qarori bilan tadbirkorlik sub’ektlarining javobgarligini liberallashtirish bo‘yicha qonunga kiritilgan o‘zgartirish asosida yetkazilgan zarar qoplansa, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo belgilanadi.

Ayni paytda taniqli o‘zbek kino va teatr aktyori Matyoqub Matchonovning teatrdagi hamkasblari ham uni himoyasiga chiqmoqda.

Abror Hidoyatov nomli teatrdagi Ozodlik manbasining aytishicha, “jamoa bir tanu-bir jon bo‘lib, Matchonov uchun turib berishga tayyor":

“Oldin mish-mish gaplar bo‘ldi. Keyin Ozodlikda o‘qib, hamkasbimiznig tuhmatga uchraganini tushundik. Taniqli teatr arboblari Matëqubov haqida ijobiy fikrnoma yozib berishdi. 17- kuni sudga ham bormoqchi edik, ammo sud qoldirilibdi. Biz hamkasbimizni tashlab qo‘ymaymiz"¸ deydi manba.

Ozodlikka, shuningdek, Matyoqub Matchonov bilan birga yana uch kishining hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.

Ayon bo‘lishicha¸ hibsga olinganlar aktyor asos solgan “Marsa” nomli tijoriy shirkat xodimlaridir.

Ulardan biri H. ismli shaxsning mol-mulklari sudgacha arest qilingan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, ayni ish yuzasidan huquq-tartibot idoralari yana ikki shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilgan.

Bundan oldin Matchonovni yaqindan tanigan shaxs Ozodlik bilan suhbatda yaqin va uzoq xorijdan turli mahsulotlar keltirib, ulgurji savdo bilan shug‘ullangan “Marsa” shirkati bilan hamkorlik qilgan O‘zbekistonning turli mintaqalardagi boshqa shirkatlar ustidan ham tergov-surishtiruv ishlari olib borilayotganini bildirgan edi.

Bir-biridan mustaqil ikki manbaning iddao qilishicha, “Matyoqub Matchonovning hibsga olinishi O‘zbekiston xavfsizlik tizimlaridagi yuqori martabali ikki general o‘rtasidagi shaxsiy adovat bilan bog‘liq”.

Ozodlik o‘z manbalari aytayotgan ikki general bu adovatning manbai oilaviy-maishiy, shaxsiy xarakterga egaligi tufayli uning tafsilotlariga to‘xtalishni noma’qul, deb topdi.

Biroq ayni shu adovat “Matyoqub Matchonov va yana bir qator odamlar boshiga etgani” aytilmoqda.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov 1980 yillar o‘rtalaridan o‘zbek teatr va kino muxlislariga yaxshi tanish.

U "Shaytanat", "Temir erkak", "Sug‘diyona", "Ulfatlar", "Dada", "Arzanda", "Xizmat doirasidan tashqarida ", "Sotqin" kabi filmlardagi rollari bilan kinomuxslar orasida shuhrat topgan.

Uch farzandning otasi Matyoqub Matchonov 2011 yili “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Uni yaqindan tanigan hamkasblari va rejissyorlarga ko‘ra, aktyor o‘z ishiga o‘ta talabchanligi, jiddiyligi va samimiyligi bilan ajralib turadi.

Ozodlik "Matchonov ishi" yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni o‘rganishda davom etayotir.

XS
SM
MD
LG