Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:40

Prezident Karimovning tilagi yarim ushaldi: Bektemir kumush medalga sazovor bo‘ldi


Rio Olimpiadasining 75 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi final uchrashuvda o‘zbekistonlik Bektemir Meliqo‘ziev Kuba vakili Arlen Lopezga yengilib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.

O‘ta shiddatli o‘tgan mushtlashuv so‘ngida uchchala hakam ham o‘rta vazndagi bokschilar o‘rtasida jahon chempioni 23 yashar Arlen Lopezni g‘olib deb topdi.

Aynan shu kubalik bokschi o‘tgan yil oktyabrida Dohada o‘tgan Jahon Chempionati finalida 20 yashar Bektemir Meliqo‘ziev ustidan g‘alaba qozongandi.

Ikki iqtidorli bokschiga yarim finalda mag‘lub bo‘lgan ozarbayjonlik Kamran Shaxsuvarli va meksikalik Misael Rodriges bronza medallari bilan taqdirlandi.

Prezident tilagi

Dohada o‘tgan Jahon Chempionati finalidan ko‘p o‘tmay Bektemir Meliqo‘ziev bilan uchrashgan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov unga “sen albatta chempion bo‘lishing kerak”, deya tilak bildirgan edi.

“Bektemir bolam, bilim qo‘y, men bitta narsani tilayman, xalqimiz shuni tilaydi: mana bu bizlarni kutadigan 2016 yilgi Olimpiya O‘yinlarida sen albatta chempion bo‘lishing kerak!” deb aytgandi O‘zbekiston prezidenti.

Qo‘qon boks maktabi tarbiyalanuvchisi Bektemir Meliqo‘ziev 10 yoshidan boshlab boks bilan shug‘ullanadi.

Bektemir Meliqo‘ziev 2015 yilda Osiyo Chempioni bo‘lgandi.

Dunyodagi ko‘plab boks sharhlovchilari Bektemir Meliqo‘zievni Olimpiadadagi eng iqtidorli bokschilar qatoriga kiritdi.

Tarixiy ko‘rsatkich

Bektemir Meliqo‘ziev erishgan kumush medal hisobga olinganda, O‘zbekiston bokschilarining Rio Olimpiadasida to‘plagan medallari soni hozirgacha beshtaga yetdi.

Bitta oltin, ikkita kumush va ikkita bronza medal bilan taqdirlangan o‘zbekistonlik bokschilar, umumjamoa natijalariga ko‘ra, kubalik raqiblari ortidan ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Hozirgacha Fransiya va Qozog‘iston bokschilari ham ayni natijani qayd etgan.

O‘zbekiston boksi hozirga qadar Olimpiada o‘yinlarida bunday yaxshi ko‘rsatkichni qayt etmagan.

Yakshanba kuni Rio Olimpiadasida boks musobaqasi nihoya topadi.

Ushbu musoboqaning so‘nggi kunida yana to‘rtta juftlik o‘rtasida oltin medal sohibi aniqlanadi.

Ikki final uchrashuvda o‘zbekistonlik bokschilar ringga chiqadi: 52 kilogramgacha bo‘lgan vaznda Shaxobiddin Zoirov rossiyalik Mishan Aloyanga, 64 kilogramgacha bo‘lgan vaznda Fazliddin G‘oyibnazarov ozarbayjonlik Lorenzo Sotomayor Kollazoga qarshi jang qiladi.

Agar o‘zbekistonlik bokschilar ikkala uchrashuvda ham g‘alabaga erishsalar, O‘zbekiston umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashi muqarrar.

XS
SM
MD
LG