Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:26

Huquq faollari Jasliq lagerida A’zam Farmonov bilan uchrashdi


A’zam Farmonov va "Ezgulik" faollari
A’zam Farmonov va "Ezgulik" faollari

Shu yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Vasila Inoyatova hamda jurnalist Abdurahmon Tashanov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi JIEBB tizimidagi 64/71-sonli (Jasliq posyolkasi) muassasada 10 yildan beri qolayotgan huquq faollaridan biri A’zam Farmonov bilan uchrashdi.

Bu haqda “Ozodlik”ka xabar qilgan huquq faolining himoyachisi Abdurahmon Tashanovning aytishicha, uchrashuv “O‘tyuraklar” klubi hamda O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakolatxonalaridan birining bevosita ko‘magi bilan uyushtirilgan.

Qariyb 40 daqiqa davom etgan uchrashuv chog‘ida hamkasb do‘stimizning bugungi ahvoli, o‘y-kechinmalari va sog‘lig‘i bilan qiziqdik. Shuningdek, huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlar tomonidan uning ozodligi uchun uyushtirilayotgan petitsiyalar xususida A’zamjonga so‘zlab berdik. 10 yildan beri ko‘chadagilar bilan muloqot qilmagan hamkasbimiz juda to‘lqinlanib ketdi,” deydi Abdurahmon Tashanov.

A’zam Farmonovning so‘zlariga ko‘ra, ayni kunda uning sog‘lig‘i yaxshi, qamoqxona ma’muriyati va xodimlar tomonidan ruhiy va jismoniy qiynoqlar mavjud emas.

U so‘nggi marotaba 3 hafta muqaddam jazoni ijro etish muassasasining tibbiy bo‘limida oshqozon gastriti xastaligidan davolangan va o‘zini yaxshi his qilmoqda.

Sizga nisbatan ruhiy, jismoniy qiynoqlar mavjudmi? Bu savolni berayotganimning boisi o‘tgan yillarda xalqaro Internet tarmog‘ida sizning qiynoqlarga tutilayotganingiz haqida ko‘plab materiallar chiqdi...” deya so‘radim A’zamdan, u esa: “Men bu erga kelgan paytimdan beri ahvol o‘zgargan. Hozir sharoit yomonmas, ammo qamoq o‘z nomi bilan qamoq. Uyga qaytishni, bolalarim bilan birga yashashni o‘ylayman....” deb javob berdi, deydi Abdurahmon Tashanov.

So‘nggi marta ikki hafta muqaddam Jasliq lagerida bo‘lgan huquq himoyachisining rafiqasi Ozoda Yoqubova erining oshqozon-ichak kasalligi bilan og‘rib, “sanchast”da yotib chiqqanini ta’kidlaydi:

Uchrashuvimizda bu kishi oshqozoni qattiq bezovta qilayotgani va shuning uchun tibbiy bo‘limda yotib davolanayotganini aytgandilar. Mendan Oliy sudga shikoyatlarim nima bo‘lyapti, shikoyatlarimni kerakli instansiyalarga yetkaz, bu yil ozodlikka chiqishdan umidvorman degandilar,” deydi Ozoda Yoqubova.

A’zam Farmonov O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Yangier shahar sudi hukmi bilan 9,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

2016 yilning mayida uning jazo muddatiga qamoqxona ichki tartibini buzganlik aybi bilan 5 yilu 26 kun muddat qo‘shib berilgan.

A’zam Farmonovning jamoatchi himoyachisi bo‘lgan Abdurahmon Tashanov shu yilning 19-20 avgust kunlari Jasliqqa safari davomida Qoraqalpog‘iston prokuraturasi, Oliy sudi hamda Ichki ishlar vazirligiga kirib, uni ozod qilish yuzasidan shikoyat va iltimosnomalar topshirgan.

Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari O‘zbekiston hukumatining "siyosiy tutqun", deb ko‘rilgan mahkumlarni qamoqdan chiqarmaslik maqsadidagi bahonayu amallarini muntazam tanqid qilib keladi.

Ko‘plab yillar davomida siyosiy tutqunlarning qamoq muddatlari "jazoni ijro etish muassasasining ichki tartibini buzdi," degan bahona bilan uzaytirib kelinadi.

O‘zbekiston hukumati mamlakat qamoqxonalarida o‘nlab, ba’zi manbalarga ko‘ra esa yuzlab siyosiy tutqunlar borligini hech qachon tan olgan emas.

XS
SM
MD
LG