Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:11

Moskvada 5 o‘zbek oshpazi politsiya va sud tomonidan tahqirlanganini iddao qildi


Muhojirlarning politsiya bo‘limiga asossiz keltirilishi odatiy holga aylandi
Muhojirlarning politsiya bo‘limiga asossiz keltirilishi odatiy holga aylandi

Besh nafar O‘zbekiston vatandoshining da’vo qilishicha, ular shu kunlarda Moskvaning Mitino tumanida besh politsiya va sud xodimlari zo‘ravonligiga uchradi. Moskvadagi “Tong Jahoni” nodavlat notijorat tashkiloti pora berishni istamagan muhojirlarni o‘z himoyasiga oldi.

Aybsiz aybdor qilingan muhojirlar

Moskvaning Mitino tumanida joylashgan kafelarning birida asosan o‘zbek taomlari pishiriladi, kafe xizmatchilarining deyarli 90 foizi O‘zbekiston vatandoshlaridan iborat.

Bir necha kun oldin ular o‘z ismlarini oshkor etmaslik va ovozlarini yozib olmaslik sharti bilan Moskva politsiya va sud xodimlari zo‘ravonliklariga yo‘liqqani gapirib berishdi. (Mitino politsiya bo‘limiga keltirilgan o‘zbekistonlik ishchilar ismi-shariflari tahririyatga ma’lum.-tahr.)

O‘zbekistonlik yigitlardan birining Ozodlikka aytishicha, o‘tgan shanba kuni o‘zbekistonliklar ishlayotgan oshxonaga o‘zini tanishtirmagan politsiya uchastka noziri bostirib kirib, barcha muhojirlarning hujjatlarini birma-bir tekshiruvdan o‘tkazgan.

Uning ilova qilishicha, hech qanday kamchilik topmagan politsiyachi gapning indallosiga o‘tadi – u muhojirlardan ochiqchasiga pora talab qiladi.

Rad javob olgandan so‘ng, politsiya xodimi besh nafar o‘zbekistonlikni Mitino ichki ishlar bo‘limiga olib ketadi.

Politsiya qaydiga olinmagan o‘zbek ishchilari Mitino ichki ishlar bo‘limidagi 309 kabinetda bir kecha kunduzdan ko‘proq ushlab turiladi.

Navbatchi politsiya xodimi muhojirlar bo‘limga keltirilgani va asossiz ushlab turilgani haqida ogoh etilmagan.

Muhojirning so‘zlariga ko‘ra, hibs davomida ularga biror egulik berilmagan, hatto hojatxonaga bir yarim sutkada atigi ikki marotaba chiqib kelishga izn berilgan.

Muhojirlarning da’vo qilishlaricha, ularga faqat hojatxonada suv ichishga ruxsat berilgan.

Dushanba kuni ertalab beshovlon muhojir Tushino tuman sudiga olib borildi.

O‘zbek muhojirlarining qariyb 2 kun davomida tahqirlangani sud xodimlari tomonidan mutlaqo inobatga olinmadi.

Muhojirlar ozodlikka chiqarildi

Kafe egalaridan biri 5 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirini politsiya va sud changalidan qutqazish uchun Moskvadagi “Tong Jahoni” nodavlat notijorat tashkilotiga murojaat qildi.

Sudga zudlik bilan yetib kelgan “Tong Jahoni” rahbari Valentina Chupik politsiyachilarning muhojirlarga nisbatan "noqonuniy hatti-harakati" yuzasidan sud raisini ogohlantiradi.

- Muhojirlarni politsiya bo‘limida qariyb ikki kecha kunduz ayanchli sharoitda ushlab turishgan. Ularga biror kishiga murojaat qilish ikoni ham berilmagan. Buning ustiga, ularni deportatsiya qilish uchun Tushino tuman sudiga keltirishgan. Bu hodisada meni larzaga keltirgan narsa - bu hakamning muhojirlarga bo‘lgan munosabati bo‘ldi! Hakam muhojirlarga kurakka turmaydigan so‘zlarni aytib, ularni deportatsiya qilishga oid qaror chiqarishini aytgan. Muhojirlar himoyasiga aytgan gaplarim hakamga ta’sir qilmaganidan so‘ng, men prezident idorasi qoshidagi Inson huquqlari Kengashi a’zosi Andrey Babushkinga murojaat qildim. Faqat u kishi aralashuvidan so‘ng o‘zbekistonliklar qo‘yib yuborildi, dedi Valentina Chupik.

Politsiya va sud xodimlari zo‘ravonligidan qutilgan besh o‘zbekistonlikdan 3 nafari politsiya xodimlarining keyingi bosimidan qo‘rqib, kafedagi ishdan voz kechishganini bildirdi.

Valentina Chupik ozodlikka chiqarilgan o‘zbek migrantlarining hozirda qaerga ketganini bilmasligini aytdi.

Kuzatuvchilar oxirgi oy davomida Rossiyaning markaziy mintaqalarida ayniqsa xorij migrantlari “zachistkalari” va “reydlari” avj olganidan ham xavotir bildirmoqda.

Kuni kecha Moskvada yo‘l politsiyasiga qilingan chechen millatiga mansub shaxslarning hujumidan keyin yuzlab mehnat muhojiri poytaxt politsiya bo‘limlariga “hujjat tekshirish” vaji bilan keltirilgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG