Линклар

O‘zbekiston terma jamoasi Braziliya Olimpiadasida jami 13ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida Olimpiadada medallarga sazovor bo‘lgan 87 davlat orasida 21-o‘rinni egalladi. 5 avgustdan 21 avgustgacha davom etgan Rio-de-Janeyrodagi XXXI Yozgi Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekistonga eng ko‘p medalni sovg‘a qilganlar o‘zbek bokschilari bo‘ldi. Avvalgi Olimpiadalarda O‘zbekiston sportchilari bunchalik ko‘p miqdorda medalь olishga muvaffaq bo‘lmagan edi.

O‘zbekiston jamoasiga eng ko‘p medalni bokschilar olib keldi

O‘zbekiston terma jamoasi sazovor bo‘lgan 13 medaldan 4tasi oltin, 2 tasi kumush va 7tasi bronzadir.

Olimpiadada oltin medallarni bokschilar Hasanboy Do‘stmatov, Fazliddin G‘oibnazarov, Shahobiddin Zoirov hamda105 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi og‘ir atletikachilar musobaqasida o‘zbekistonlik shtangachi Ruslan Nuriddinov qo‘lga kiritdi.

2ta kumush medal bokschilar Bektemir Meliqo‘ziev va Shahrom G‘iyosovga nasib qildi.

7ta bronza medalga kurashchilar Ixtiyor Navro‘zov, Magomed Ibragimov, Elmurat Tasmuradov, dzyudochilar Rishod Sobirov, Diyorbek O‘rozboev hamda bokschilar Rustam To‘laganov va Murodjon Axmadaliev sazovor bo‘ldi.

Shunday qilib, O‘zbekiston terma jamoasini eng ko‘p medallar bilan boyitganlar bokschilar bo‘ldi. Bokschilar hisobida 3 oltin, 2 kumush va 2ta bronza, jami 7ta medal bor.

Umumjamoa hisobida O‘zbekiston Olimpiadada medal olgan 87 davlat ro‘yxatida 21 – o‘rinni egalladi.Umumjamoa hisobida O‘zbekiston Qozog‘iston, Shveysariya, Daniya, Shvetsiya, Ukraina, Belgiya, Polsha kabi davlatlarni ham ortda qoldirdi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston 17 medalni qo‘lga kiritgan, ulardan 3tasi oltin. Bu bilan Qozog‘iston umumjamoa hisobida O‘zbekistondan keyingi 22- o‘rinni egalladi. Hisobida 1ta oltin medal bo‘lgan Tojikiston umumjamoa hisobida 58-o‘rinda qayd etildi.

Qirg‘iziston hisobida og‘ir atletikachsi Izzat Artikov ega bo‘lgan 1ta kumush medal bor edi. Biroq uning qonidan doping topilgani ortidan Qirg‘iziston mazkur medaldan ham mahrum bo‘ldi.

Umumjamoa hisobidagi birinchi beshlikni 46 oltin, 37 kumush, 38 bronza, jami 121 medal bilan AQSh egalladi. Undan keingi to‘rt o‘rin Britaniya, Xitoy,Rossiya va Germaniyaga nasib qildi.

O‘zbekiston jamoasi2012 yildagi London Olimpiadasida bitta oltin, uchta bronza medal bilan 47-o‘rinni egallagandi.

O‘zbekiston jamoasi 2008 yilgi Beyjin Olimpiadasidan bitta oltin, ikkita kumush va uchta bronza, jami 6 medali bilan qaytgan edi.

Olimpiadaning so‘nggi kunida o‘zbek kurashchisi g‘alabasi mongoliyaliklarning noroziligiga sabab bo‘ldi

Olimpiadaning so‘nggi kunida o‘zbekistonlik erkin kurashchilar Ixtiyor Navro‘zov va Magomed Ibragimov bronza medallarga sazovor bo‘ldi.

65 kilo vazn toifasida uchinchi o‘rin uchun musobaqada Ixtiyor Navro‘zov mongoliyalik kurashchi Maxdangaran Ganzorig bilan bellashdi. Mongol sportchisi musobaqaning deyarli oxirigacha g‘oliblikni qo‘ldan bermadi va 7:6 hisobida oldinda borayotgan edi. Biroq kurashning so‘nggi soniyalarida mongoliyalik sportchi belgilangan chiziqdan chiqib ketgani oqibatida haqamlar bronza medalni Ixtiyor Navro‘zovga berishga qaror qildi.

Hakamlarning bunday qaroridan norozi bo‘lgan mongol trenerlari noroziliklarini ifodalash maqsadida kiyimlarini yechib, yalang‘och holda kurash gilami oldida turdilar. Olimpiada xavfsizlik xizmati mongol trenerlarini maydondan olib chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Magomed Ibragimov esa 95 kilo vazn toifasida London Olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kirtigan ukrainalik Valeriy Andreysevni yengib, O‘zbekiston uchun yettinchi bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Braziliyadagi Olimpiadada O‘zbekistonga birinchi oltin medalni olib kelgan 23 yoshli bokschi Hasanboy Do‘stmatov professional boksga o‘tmoqda.

O‘zbekistonga birinchi oltin medalni olib kelgan Hasanboy Do‘stmatov professional boksga o‘tdi

O‘zbekiston mahalliy matbuotining xabar berishicha, Hasanboy Do‘stmatov Janubiy Afrikaning Golden Gloves promouter shirkati bilan shartnoma imzoladi.

Shirkat rahbari Rodni Berman Do‘stmatovni “keng qamrovli bokschi”, deb atab, u jahon boks yulduzlari darajasiga ko‘tarila olishiga ishonch bildirdi.

Bermanning aytishicha, Do‘stmatov professional ringdagi birinchi janggini Janubiy Afrikada o‘tkizadi. 2017 yilda u yana uch marta ringga chiqadi.

Hasanboy Do‘stmatov O‘zbekiston tarixida 2000 yilda Sidney Olimpiadasida chempion bo‘lgan Muhammadqodir Abdullaevdan keyin ikkinchi bo‘lib oltin medalni qo‘lga kiritgan bokschi bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG